Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Bolaga mehmondorchilik odoblarini o‘rgating!

03.08.2018   3702   4 min.
Bolaga mehmondorchilik odoblarini o‘rgating!

Biror o‘zbek xonadoni yo‘qki, mehmonni xursandchilik bilan kutib olmagan, uyidagi bor ne’matlarni dasturxonga keltirib to‘kmagan bo‘lsin. «Mehmon – otangdek ulug‘», «Mehmon kelar eshikdan, rizqi kirar teshikdan»,  «Mehmon oldida hatto mushugingni pisht dema» kabi maqol-hikmatlar bejizga aytilmagan.

Ibrohim alayhissalom g‘oyatda mehmonnavoz bo‘lganlar. Mehmondo‘stlik odobimizning, xulqimizning eng muhim  ko‘rinishidir. Xabarda: «Mehmondo‘st bo‘lmagan odamdan yaxshilik kutilmaydi», deb kelgan. Hadisda shunday deyilgan: «Kim Allohga va oxiratga imon keltirsa, mehmonini izzat-ikrom qilsin. Mezbonning bir kecha-kunduz ko‘rsatgan izzat-ikromi, qilgan ziyofati mehmonga  bir mukofot tariqasida bo‘lsin. Asli mehmonning izzati uch kundir. Bundan ortig‘i mehmon uchun sadaqadir».

Anas ibn Molik roziyallohu anhu esa: “Mehmon kirmagan uyga farishtalar ham kirmaydi”, deganlar. Ibrohim alayhissalomni mehmonlarning otasi, deb atashardi. U kishining uyida to‘rtta eshik bo‘lib, qaysi eshikdan biror mehmon kirib kelarkin, deb qarab o‘tirar edilar.

Husayn Voiz Koshifiy mehmondorchilik odoblarini o‘n to‘rtta deb sanagan: «Mehmonga halol va pokiza taom tortish; mehmon kutishda biror g‘arazli maqsad yoki riyo bo‘lmasligi; mehmonni iltifot bilan kutib olish va yaxshi joyga o‘tqazish; mehmon qarshisida ochiq chehra bilan xushnud o‘tirish; mehmon qancha ko‘p kelsa ham ranjimaslik; chaqirilmagan mehmonni ko‘proq hurmat qilish; baxillik qilmaslik va mehmondan hech narsani qizg‘anmaslik; yasama iltifot ko‘rsatmay, qo‘ldan kelganicha samimiy bo‘lish; mehmondan qaysi taomni yoqtirishini so‘ramaslik; mehmon uchun o‘zi eng yaxshi ko‘rgan taomni tayyorlash; ovqat yeyishga hadeb zo‘rlamaslik; mehmon agar tashqariga chiqsa birga boshlab chiqish va kamida yetti qadam birga yurish; o‘zini ko‘rsatish uchun hadeb uzrxonlik qilmaslik; minnat qilmay, dasturxonidan non yeganiga xursand bo‘lgan holda shukr qilib, minnatdorchilik bildirish».

Mahmud ibn Muhammad bunday deydi: «Mehmon kelgach, undan nima yeyishini, ko‘ngli nima tusayotganini so‘rasa bo‘ladi. Agar uning istagi inobatga olinsa, mehmon xursandchiligi ziyoda bo‘ladi. Biroq mehmondan: “Biror narsa yeysizmi, biror narsa olib chiqaymi” kabi savollarni so‘rash o‘ta odobsizlikdir. Shuning uchun uyda borini uning oldiga qo‘yish kerak”

Mehmondorchilik tartiblarini Qayyum Nosiriy bunday ta’riflaydi: «Mehmonga borsang, uy egasi ko‘rsatgan joyga o‘tir. Nimani keltirsa indamay ye. Mezbon tashqariga chiqsa, o‘rningdan turma, ruxsatsiz narsa qidirma. Goh u narsani, goh bu narsani ushlayverma. Ammo xonada kitoblar bo‘lsa, ko‘rishing mumkin».

Mahmud Koshg‘ariy: «Befahm mehmon uy egasini xijolatga qo‘yadi», degan ekan.

Mehmondo‘stlik yaxshi odamlarning ibratli fazilati sanaladi, mehmondo‘st bo‘lmagan odamdan yaxshilik kutilmaydi. Mehmonga taom kechiktirmay olib kelinadi. Non dasturxonga yegulik miqdorda qo‘yiladi, sindirilgani bo‘lsa yana ushatilmaydi. Mezbonning ba’zida «oling, yeng» deb turishi savobli ish, bu uch martagacha aytiladi. Ammo mehmonni xijolat qilib hadeb taomga zo‘rlayverish odobsizlik sanaladi.

Taom keltirilgach, uy sohibi (mezbon) tanovulga izn beradi, agar mehmon begona bo‘lsa, avval uy egasining o‘zi taomga qo‘l uzatadi va hammadan keyin tortadi. Yaqinlari va birodarlari bo‘lsa, hurmat yuzasidan ulardan oldin qo‘l cho‘zmaydi.

Mezbon lazzatli va latif taomni mehmoniga ilinadi, o‘zi bundayrog‘ini yeydi. Agar taom oz bo‘lsa yoki mehmonning ochligi sezilsa, o‘zi kamroq yeb, mehmonga ko‘proq qoldiradi. Uyda nima yaxshi taom, meva-cheva va boshqa ne’matlar bo‘lsa, avvalo mehmonga tortiladi.

Mehmon keltirilgan taomning aybini topmasdan, nima keltirilsa maqtab yeyishi zarur. Agar dasturxon atrofida yoshi ulug‘ kishi bo‘lsa undan oldin taomga qo‘l uzatilmaydi. Mehmonning ovqat keladigan tomonga hadeb o‘girilaverishi yaxshi emas.

Chaqirilmagan joyga mehmonga borilmaydi. Agar ikki kishi baravar aytgan bo‘lsa, yaqinroq qo‘shninikiga boriladi. Ikkovi ham yaqin bo‘lsa, oshno va do‘strog‘inikiga boriladi.

Mezbon (ziyofat egasi)ning iznisiz chaqirilmagan odamni boshlab bormaysiz. Mabodo biror kishi ergashib borib qolsa, mezbon eshigiga kelganda holatni tushuntirib, undan ijozat olasiz. Agar bir jamoani mehmonga chaqirsangiz, ular ozchilik bo‘lsa birga o‘tirsangiz zarar qilmaydi. Chunki ularga dasturxon ustida xizmat qilib turish kerak bo‘ladi. Bordi-yu, ular ko‘pchilik bo‘lsa, tashqarida xizmat qilib turgan ma’qul. Mehmon ketar chog‘ida mezbon bilan “Assalomu alaykum” deb xayrlashadi, xonadon haqqiga duo qilib, mehmondorchilik uchun minnatdor bo‘lganini bildiradi.

 

Muslim ATAYEV,

Fatvo bo‘limi xodimi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi

29.04.2025   13172   2 min.
“Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi

Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.

Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.

Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

“Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi “Haj – 2025” ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklandi
O'zbekiston yangiliklari