Biror o‘zbek xonadoni yo‘qki, mehmonni xursandchilik bilan kutib olmagan, uyidagi bor ne’matlarni dasturxonga keltirib to‘kmagan bo‘lsin. «Mehmon – otangdek ulug‘», «Mehmon kelar eshikdan, rizqi kirar teshikdan», «Mehmon oldida hatto mushugingni pisht dema» kabi maqol-hikmatlar bejizga aytilmagan.
Ibrohim alayhissalom g‘oyatda mehmonnavoz bo‘lganlar. Mehmondo‘stlik odobimizning, xulqimizning eng muhim ko‘rinishidir. Xabarda: «Mehmondo‘st bo‘lmagan odamdan yaxshilik kutilmaydi», deb kelgan. Hadisda shunday deyilgan: «Kim Allohga va oxiratga imon keltirsa, mehmonini izzat-ikrom qilsin. Mezbonning bir kecha-kunduz ko‘rsatgan izzat-ikromi, qilgan ziyofati mehmonga bir mukofot tariqasida bo‘lsin. Asli mehmonning izzati uch kundir. Bundan ortig‘i mehmon uchun sadaqadir».
Anas ibn Molik roziyallohu anhu esa: “Mehmon kirmagan uyga farishtalar ham kirmaydi”, deganlar. Ibrohim alayhissalomni mehmonlarning otasi, deb atashardi. U kishining uyida to‘rtta eshik bo‘lib, qaysi eshikdan biror mehmon kirib kelarkin, deb qarab o‘tirar edilar.
Husayn Voiz Koshifiy mehmondorchilik odoblarini o‘n to‘rtta deb sanagan: «Mehmonga halol va pokiza taom tortish; mehmon kutishda biror g‘arazli maqsad yoki riyo bo‘lmasligi; mehmonni iltifot bilan kutib olish va yaxshi joyga o‘tqazish; mehmon qarshisida ochiq chehra bilan xushnud o‘tirish; mehmon qancha ko‘p kelsa ham ranjimaslik; chaqirilmagan mehmonni ko‘proq hurmat qilish; baxillik qilmaslik va mehmondan hech narsani qizg‘anmaslik; yasama iltifot ko‘rsatmay, qo‘ldan kelganicha samimiy bo‘lish; mehmondan qaysi taomni yoqtirishini so‘ramaslik; mehmon uchun o‘zi eng yaxshi ko‘rgan taomni tayyorlash; ovqat yeyishga hadeb zo‘rlamaslik; mehmon agar tashqariga chiqsa birga boshlab chiqish va kamida yetti qadam birga yurish; o‘zini ko‘rsatish uchun hadeb uzrxonlik qilmaslik; minnat qilmay, dasturxonidan non yeganiga xursand bo‘lgan holda shukr qilib, minnatdorchilik bildirish».
Mahmud ibn Muhammad bunday deydi: «Mehmon kelgach, undan nima yeyishini, ko‘ngli nima tusayotganini so‘rasa bo‘ladi. Agar uning istagi inobatga olinsa, mehmon xursandchiligi ziyoda bo‘ladi. Biroq mehmondan: “Biror narsa yeysizmi, biror narsa olib chiqaymi” kabi savollarni so‘rash o‘ta odobsizlikdir. Shuning uchun uyda borini uning oldiga qo‘yish kerak”
Mehmondorchilik tartiblarini Qayyum Nosiriy bunday ta’riflaydi: «Mehmonga borsang, uy egasi ko‘rsatgan joyga o‘tir. Nimani keltirsa indamay ye. Mezbon tashqariga chiqsa, o‘rningdan turma, ruxsatsiz narsa qidirma. Goh u narsani, goh bu narsani ushlayverma. Ammo xonada kitoblar bo‘lsa, ko‘rishing mumkin».
Mahmud Koshg‘ariy: «Befahm mehmon uy egasini xijolatga qo‘yadi», degan ekan.
Mehmondo‘stlik yaxshi odamlarning ibratli fazilati sanaladi, mehmondo‘st bo‘lmagan odamdan yaxshilik kutilmaydi. Mehmonga taom kechiktirmay olib kelinadi. Non dasturxonga yegulik miqdorda qo‘yiladi, sindirilgani bo‘lsa yana ushatilmaydi. Mezbonning ba’zida «oling, yeng» deb turishi savobli ish, bu uch martagacha aytiladi. Ammo mehmonni xijolat qilib hadeb taomga zo‘rlayverish odobsizlik sanaladi.
Taom keltirilgach, uy sohibi (mezbon) tanovulga izn beradi, agar mehmon begona bo‘lsa, avval uy egasining o‘zi taomga qo‘l uzatadi va hammadan keyin tortadi. Yaqinlari va birodarlari bo‘lsa, hurmat yuzasidan ulardan oldin qo‘l cho‘zmaydi.
Mezbon lazzatli va latif taomni mehmoniga ilinadi, o‘zi bundayrog‘ini yeydi. Agar taom oz bo‘lsa yoki mehmonning ochligi sezilsa, o‘zi kamroq yeb, mehmonga ko‘proq qoldiradi. Uyda nima yaxshi taom, meva-cheva va boshqa ne’matlar bo‘lsa, avvalo mehmonga tortiladi.
Mehmon keltirilgan taomning aybini topmasdan, nima keltirilsa maqtab yeyishi zarur. Agar dasturxon atrofida yoshi ulug‘ kishi bo‘lsa undan oldin taomga qo‘l uzatilmaydi. Mehmonning ovqat keladigan tomonga hadeb o‘girilaverishi yaxshi emas.
Chaqirilmagan joyga mehmonga borilmaydi. Agar ikki kishi baravar aytgan bo‘lsa, yaqinroq qo‘shninikiga boriladi. Ikkovi ham yaqin bo‘lsa, oshno va do‘strog‘inikiga boriladi.
Mezbon (ziyofat egasi)ning iznisiz chaqirilmagan odamni boshlab bormaysiz. Mabodo biror kishi ergashib borib qolsa, mezbon eshigiga kelganda holatni tushuntirib, undan ijozat olasiz. Agar bir jamoani mehmonga chaqirsangiz, ular ozchilik bo‘lsa birga o‘tirsangiz zarar qilmaydi. Chunki ularga dasturxon ustida xizmat qilib turish kerak bo‘ladi. Bordi-yu, ular ko‘pchilik bo‘lsa, tashqarida xizmat qilib turgan ma’qul. Mehmon ketar chog‘ida mezbon bilan “Assalomu alaykum” deb xayrlashadi, xonadon haqqiga duo qilib, mehmondorchilik uchun minnatdor bo‘lganini bildiradi.
Muslim ATAYEV,
Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.
«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.
Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.
Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.
BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:
Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.
2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:
Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.