Yaxshilik va yomonlik Allohdan deb iymon keltirganmiz, shu e’tiqodga amal qilib borsak ulug‘ ajrlarga ega bo‘lamiz. Hayotimizdagi xar bir holatga shukr qilsak, sabr qilsak zafar topamiz. Mukofoti jannat bo‘ladi, inshoalloh.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati ibn Abbos roziyallohu anhuga nasihat qildi: “Har bir ishingda Alloh taoloni haqiqiy saqlaguvchi deb bilgin – Alloh seni saqlagay. Qalbingda hamisha Alloh taoloni saqlagin – Alloh senga doim hamroh bo‘lgay. Biror narsa so‘ramoqchi bo‘lsang, Alloh taolodan so‘ragin. Bilginki, butun dunyo ahli yig‘ilishib senga biror foyda keltiramiz desa Alloh taolo yozganidan ortiq foyda keltira olmaslar. Agar senga biror zarar yetkazmoqchi bo‘lsalar sen haqingda Alloh taolo yozgan miqdoridan ortiq zarar berolmagay. Azaldan bo‘ladigan va bo‘lmaydigan narsalar taqdirda yozib qo‘yilgandir”.
Ammo e’tiqod masalalari va hadisi shariflarda aytilganki taqdir ikki narsa bilan o‘zgaradi ya’ni duo qilish va solih amallarni ko‘paytirish bilan.
O‘zimizga jamiyatga xizmat qilib duosini olmoqlik, el nazarini topmoqlik, vatanga, mahalla ko‘yga yaxshilik qilmoqlik, sadaqai joriyalarni qoldirmoqlikni lozim tutaylik.
Inson boshiga har qachon, har qanday musibat kelsa Alloh taolodan umid uzmaslik kerak, xar bir qiyinchilik ortidan sabr qilsa xayriyat bor, musibatdan keyin rohatga chiqishlik ham bor. Baloga uchragan bo‘lsa undan qutulmak ham bor. Zulmdan qutulib rohatga chiqmak, qorong‘udan yorug‘likka chiqmak bordur.
Insonning dunyo va oxirat saodatiga erishishi o‘zining e’tiqodi, himmati va g‘ayratiga bog‘liqdir. Amallarimizni xolis Alloh uchun qilib rahmatidan noumid bo‘lmay fazli karamidan umidvor bo‘lmoqlik, to‘g‘ri e’tiqod qilmoqlik, dil bilan tilni bir qilmoqlik komil mo‘minning sifatidir.
Abdurahim SATTOROV,
Izboskan tumani “Bobur” jome masjidi imom-xatibi
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.