frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qutb yog‘dusi – kurash timsoli

03.08.2018   7317   2 min.
Qutb yog‘dusi – kurash timsoli

Tabiatdagi go‘zal hodisalardan biri – qutbdagi shafaqdir. U qutb yog‘dusi deb ataladi. Qutb yog‘dusi Quyoshning harakatiga  bog‘liq. Quyosh ochiq fazoga juda katta miqdorda issiqlik tarqatadi va o‘zidan elektr bilan zaryadlangan zarralar oqimini chiqarib turadi. Ana shu zarralar Yer atmosferasining yuqori qatlamlarida – yer yuzasidan 80 kilometrdan to 1000 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda havo atomlari va molekulalari bilan to‘qnashadi va ular sariq, qizil, to‘q sariq ranglarda nur sochadi. Qutb yog‘dusi shunday ro‘y beradi.

Qutb yog‘dusi ulkan qizil-yashil o‘q-yoyga o‘xshab ko‘rinadi va o‘z ko‘rinishini o‘zgartirib, rang-barang tovlanib, goh paydo bo‘lib, goh yo‘qolib turadi. Qoramtir osmonni yorib o‘tgan bu ranglar ba’zan havoda qizil shokilali ko‘m-ko‘k pardadek osilib turadi.

Qutb yog‘dusi Yerning shimoliy va janubiy qutblari yaqinlarida sodir bo‘ladi. Bunga sabab shuki, Yer shari ulkan magnitdan iborat. Har qanday magnitda bo‘lganidek, uning ham ikkita qutbi bor. Elektr bilan zaryadlangan quyosh zarralari bizning sayyoramizga yetib kelganda, ular yerning magnit kuchlari ta’sirida shimoliy va janubiy magnit qutblariga og‘adi, natijada bu hududlarda qutb yog‘dusi kuzatiladi.

Olimlar Quyoshda dog‘lar miqdori ko‘paygan paytlarda qutb yog‘dusi kuchliroq va tez-tez bo‘lishini payqashgan. Quyoshning aynan dog‘lari bor qismidan otilib chiqadigan zarralarning o‘ta kuchli oqimlari qutb yog‘dusi kelib chiqishiga sabab bo‘lar ekan.

Qutb yog‘dusi – Yerning magnit maydoni Quyoshdan kelayotgan o‘ta zararli nurlarga qarshi kurashayotganining isbotidir. O‘sha zararli nurlar bizni yondirib yuborishi o‘rniga Allohning fazli bilan magnit maydoni o‘sha nurlarni bizdan uzoqlashtirib turadi. Biz esa uning aksini qutb yog‘dusi sifatida ko‘ramiz.

Ko‘rib turibmizki, qutb yog‘dusi ulkan ahamiyatga ega narsa ekan. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deb marhamat qilgan:

 فَلَا أُقْسِمُ بِالشَّفَقِ وَاللَّيْلِ وَمَا وَسَقَ وَالْقَمَرِ إِذَا اتَّسَقَ لَتَرْكَبُنَّ طَبَقاً عَن طَبَقٍ

“Shafaq bilan qasamki. Kechasi va u o‘rab olgan narsalar bilan qasamki. Va to‘lin oy bilan qasamki. Albatta, sizlar tabaqama-tabaqa minasizlar” (Inshiqoq surasi, 16-19-oyatlar).

Quyida Yer sharining shimoliy va janubiy mintaqalarida joylashgan davlatlar osmonida kuzatilgan qutb yog‘dularini ko‘rasiz. Ushbu rasmlar Shvetsiya, Norvegiya, Islandiya, Rossiya kabi davlatlarda tasvirga tushirilgan.

 

Internet materiallari asosida

Nozimjon Iminjonov tayyorladi.

Boshqa maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   21508   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV