بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Bugungi kunda dolzarb muammolar qatorida o‘z joniga qasd qilish muammosi hanuzgacha kishini tashvishga solib kelmoqda. Inson hayoti davomida duch keladigan har qanday sinov, qiyinchilik, muvaffaqiyatsizlik, musibatlarga sabr qilib, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashasa, Yaratganning rahmatini topgan bo‘ladi. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va umidsizlikka berilmay, Inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutishi kerak bo‘ladi. Zero, Alloh taolo Odam farzandlarini mukarram qilib yaratgan bo‘lib, Qur’oni karimda bu haqda bunday deyiladi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ
وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا (سورة الإسراء/70).
ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Shunga qaramay, keyingi vaqtlarda jamiyatimizda ayrim kishilar bilib-bilmay, ayniqsa, xotin-qizlar o‘zlarining jonlariga qasd qilib, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunoh qilishga o‘tmoqdalar. Dinimiz ta’limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi juda ham qattiq qoralanadi.
Alloh taolo aytadi:
"… لَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا " )سورة النساء /29(
ya’ni: “...o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).
Qolaversa, ko‘plab sahih hadislarda o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh ekani va uni amalga oshirgan osiy banda jahannam o‘ti bilan abadiy azoblanishi ta’kidlanadi.
عَنْ أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "مَنْ تَرَدّي مِنْ جَبَلٍ فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَهُوَ فِى نَارِ جَهَنَّمَ يَتَرَدّي فِيهَا خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَ مَنْ تَحَسّى سَمًّا فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَسَمُّهُ فِى يَدِهِ يَتَحَسَّاهُ فِى نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَ مَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيدَةٍ فَحَدِيدَتُهُ فِى يَدِهِ يَتَوَجَّأُ بِهَا فِى نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا"
(ﺭَﻭَﺍﻩُ الامَامُ ﺍﻟﺒُﺨَﺎﺭِﻱ ﻭَالامَامُ ﻣُﺴْﻠِﻢٌ(
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim tog‘ tepasidan tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, o‘lgandan so‘ng jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. Agar zahar ichib o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobga mubtalo bo‘ladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha kimsa temir parchasi qorniga suqilgan holda jahannam o‘tida abadiy qoladi” (imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Yana boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "الَّذِي يَخْنُقُ نَفْسَهُ يَخْنُقُها فيِ النَّارِ وَالَّذِي يَطْعَنُ نَفْسَهُ يَطْعَنُها فيِ النَّارِ" (ﺭَﻭﺍﻩ الامَامُ ﺍﻟﺒُﺨَﺎﺭِﻱ)
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi va kim o‘zini olov bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobga qoladi”, – deganlar (imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Inson borki uning boshiga turli xil musibat va muammolar tushishi tabiiy hol. Bu musibatlarni yengib o‘tish haqiqiy musulmon insonning ishidir. biror sinov kelsa, osmonu falakni boshiga ko‘tarib ayyuhannos solib, dod-faryod qilish, o‘z joniga qasd qilishni barcha tashvishlardan qutilishning yagona yo‘li deb bilish – imonning zaifligidandir. Vaholanki, bu uslub yechim emas, balki eng buyuk azob-uqubatning boshlanishidir.
عَنْ جُنْدَبُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ عَنْ النَّبِي صلى الله عليه وسلم قَالَ: "كَانَ مِمَّنْ كَانَ قَبْلَكُمْ رَجُلٌ بِهِ جُرْحٌ فَجَزَعَ، فَأَخَذَ سِكِّيْنًا فَحَزَّ بِهَا يَدَهُ، فَمَا رَقَأَ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ، قَالَ اللهُ تَعَالَى: "بادَرَني ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَها، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ" (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ).
ya’ni: Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”, – dedi ” (imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisi qudsiy mazmuniga ko‘ra, o‘zini-o‘zi o‘ldirgan banda jannatdan abadiy mahrum qilinar ekan.
Shu munosabat bilan afsus ila zikr qilib o‘tish lozimki, shu kunlarda yurtimizning turli hududlarida har-xil yo‘llar ila o‘z joniga qasd qilish voqealari ayniqsa ayollar va yoshlar o‘rtasida ro‘y berib turibdi. Bu mudhish holatlar Islom shariatida qoralangani barobarida Alloh taoloning qazoyi qadariga ham tug‘yon qilish sanaladi. Qolaversa kishi o‘z xeshu-aqrabolarini va ota-onalarini ham og‘ir kulfatga solib qo‘yishga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida bolalar yetim qolmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda.
Jahondagi nufuzli islom muassasalari, chunonchi Misr Arab Respublikasi Fatvo Boshqarmasi va Saudiya Arabistoni ulamolari o‘zini-o‘zi o‘ldiruvchilar haqida maxsus fatvolar e’lon qilganlar. Shuningdek, fiqh kitoblarimizda o‘z joniga qasd qilib o‘zini-o‘zi o‘ldirgan shaxslarga ayrim ulamo va fuqaholar janoza namozi o‘qimaslik to‘g‘risida fatvo ham berganlar.
Joriy yilning 27 iyul kuni muhtaram Prezidentimiz ishtirokida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektorda ta’kidlanishicha, o‘tgan 6 oyda 2066 ta o‘z joniga qasd qilish holati sodir bo‘lgan. Shundan yarmi vafot etgan. Oxirgi ikki hafta ichida 79 ta shunday hodisa ro‘y berdi. Andijon viloyati Jalaquduq tumanida bir ona o‘zini ikki farzandi bilan kanalga tashlab yuborgan. O‘zi omon qolgan, lekin ikki farzandi halok bo‘lgan. Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida bir ayol o‘z uyini yoqib yuborgan, oqibatda bolalari halok bo‘lgan. Bir ayol poyezdning tagiga chaqalog‘i bilan o‘zini tashlagan.
Yuqoridagi mudhish voqealar har qanday mo‘min-musulmonning qalbini larzaga solmay iloji yo‘q. Sabrsizlik esa, ana shunday oqibatlarga olib kelishligini voqe’lik ko‘rsatmoqda.
Alloh taologa shukrki, biz, musulmonlar, yashash uchun hamma sharoitlar to‘liq muhayyo qilingan, to‘kin, tinch va farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovning haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o‘zini-o‘zi o‘ldirishga hech qanday sabab yo‘q. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi!
Alloh taolo bizga omonat qilib bergan hayot ne’matini va umrimiz yillarini chiroyli solih amallar qilishga, savobli ishlar bilan o‘tkazishga, kundalik hayotiy qiyinchilik va muammolarimizni aql-zakovat bilan hal etishga harakat qilish va Alloh taoloning rahmatidan doimo umidvorlik bilan yashashga intilish – haqiqiy iymonli insonning barkamol fazilati hisoblanadi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama kuchli, baquvvat, barkamol qilib voyaga yetkazishga barchamiz mas’ulmiz!
Alloh taolo har bir bandasiga ato etgan ne’matlariga shukr qilishni va sinov uchun yetgan musibatlarga sabr qilishni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.
Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:
“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat edi”, deb aytdilar.
(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).
Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.
Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”, deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.
“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.
Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.