Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari, yo otalari, yo erlarining otalari, yo o‘g‘illari, yo erlarining o‘g‘illari, yo o‘zlarining aka-ukalari, yo aka-ukalarining o‘g‘illari, yo opa-singillarning o‘g‘illari, yo o‘zlari (kabi) ayollar, yo qo‘l ostilaridagi (cho‘ri)lar, yoki ayollardan behojat bo‘lgan (ya’ni juda keksayib qolganlar, xunasalar yoki aqlsiz-devonalar kabi) erkak xizmatkorlar, ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan yosh bolalardan boshqa kishilarga ko‘rsatmasinlar! Yana yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (yerga) urmasinlar! Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat).
Islom ummatining baxt-saodatga erishishi uchun barcha narsani batafsil bayon etib bergan Qur’oni karim ayollar ziynatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan umr yo‘ldoshidan tashqari mahram erkaklarni umumiy hukmdan istisno tarzda birma-bir bayon etgan. Buning hikmati oyatda zikr qilingan erkaklar bilan ayolning doimiy muomalada bo‘lish zaruratidir. Bu zikr qilingan erkaklar ayol ila qarindoshlik rishtasi bilan bog‘liq va fitnaga o‘rin yo‘q. Demak, ayolning mahramlari bilan tanishib chiqamiz.
Sanab o‘tilganlarning barchasi ayolga mahram hisoblanadi. Bular oldida ziynatlarini ochish mubohdir. Alloh taolo yuqoridagi oyatda amaki va tog‘alariga oid hukmni bayon etmagan. Fiqh ilmi olimlarning fikriga ko‘ra, amaki va tog‘alarning hukmlari ham mahramiyat e’tiboridan yaqinlik darajalari sanalgan kishilar bilan birdir. Amaki va tog‘alar ota hukmida bo‘lgani uchun oyatda alohida sanalmagan. Oyatda aytib o‘tilgan qarindosh erkaklar ayolning mahrami bo‘lgani kabi emikdosh (bir onaning sutidan oziqlangan) aka-ukalar ham ayolning mahramlari hisoblanadi.
Shu o‘rinda ziynat va ziynat o‘rinlarini bilib olishimiz shart. Ziynat ikki xil bo‘ladi. Biri xalqiy (yaratilishdan) bo‘lgan ziynat, ikkinchisi esa erishilgan ziynat. Tananing a’zolari xalqiy ziynatdir. Erishilgan ziynat esa, kiyilgan go‘zal libos, taqinchoqlar, ko‘zga surilgan surma, qo‘lga qo‘yilgan xinaga o‘xshash narsalardir. Ziynat o‘rinlariga ayolning bo‘yni, qo‘l va bilaklari hamda oyog‘i kiradi. Ayolning mahramlari mana shu ziynat o‘rinlarini ko‘rishlari muboh sanaladi. Mahramlardan tashqari begona erkaklar yuz va qo‘llaridan boshqa o‘rinlarni ko‘rishi haromdir. Yuz va qo‘lning avrat emasligini aytadigan olimlar u ikkisida hech bir ziynat ashyosi bo‘lmasligini va bularning ochilishi fitnaga sabab bo‘lmasligini shart qilib qo‘yadilar.
Imom Zamaxshariy rahmatullohi alayh aytadi: “Oyatdagi ziynatning zikr etilishidan hikmat – ziynat joylarini berkitish zarurligini ifoda etishdir. Chunki Alloh taolo “Ziynatlarini ko‘rsatmasinlar” deya buyurar ekan, aslida ziynat joylarini iroda qilgan, ya’ni maqsad qilib qo‘ygan. Chunki taqilmagan ziynatlarni ko‘rish harom emas. Bu jihatdan ziynatlarning taqiqlanishiga zarurat yo‘q. Demak, aslida taqiqlanadigani – zeb-ziynat buyumlari taqiladigan joylardir”.
Ulamolar “hali ayollarning yashirin joylaridan xabardor bo‘lmagan bolalar” oyati haqida turli fikrlarni aytganlar: Bu oyatda balog‘atga yetmagan bolalar nazarda tutilgan; yoshligi tufayli ayolning maxfiy bo‘lmagan joylarini farqlay olmaydigan bolalar. Bular o‘n yoshga yetmagan bo‘lishlari kerak. Agar bola balog‘atga yetmagan bo‘lsa ham ayolning maxfiy joylarini tushunsa, ayollar bunday bolalar oldida ziynatlarini ko‘rsatmaganlari ma’qul.
Manbalar asosida “Mirza G‘olib” jome masjidi imom noibi Q. Salimov
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.