Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2025   |   9 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2025, 9 Zulhijja, 1446

Ayolning mahramlari

02.08.2018   16661   4 min.
Ayolning mahramlari

Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari, yo otalari, yo erlarining otalari, yo o‘g‘illari, yo erlarining o‘g‘illari, yo o‘zlarining aka-ukalari, yo aka-ukalarining o‘g‘illari, yo opa-singillarning o‘g‘illari, yo o‘zlari (kabi) ayollar, yo qo‘l  ostilaridagi (cho‘ri)lar, yoki ayollardan behojat bo‘lgan (ya’ni juda keksayib qolganlar, xunasalar yoki aqlsiz-devonalar kabi) erkak xizmatkorlar, ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan yosh bolalardan boshqa kishilarga ko‘rsatmasinlar! Yana yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (yerga) urmasinlar! Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat).

Islom ummatining baxt-saodatga erishishi uchun barcha narsani batafsil bayon etib bergan Qur’oni karim ayollar ziynatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan umr yo‘ldoshidan tashqari mahram erkaklarni umumiy hukmdan istisno tarzda birma-bir bayon etgan. Buning hikmati oyatda zikr qilingan erkaklar bilan ayolning doimiy muomalada bo‘lish zaruratidir. Bu zikr qilingan erkaklar ayol ila qarindoshlik rishtasi bilan bog‘liq va fitnaga o‘rin yo‘q. Demak, ayolning mahramlari bilan tanishib chiqamiz.

  1. Er. Er xotinning barcha joyiga, butun vujudiga qarashi mumkin. Yana oyatda istisno etilgan a’zodan tashqari barcha a’zolardan manfaatlanishi mumkin;
  2. Ota va bobolar. Ayolning ota va ona tomonidan otalari;
  3. Erning otasi (qaynotasi);
  4. Ayolning o‘z o‘g‘illari, erning o‘g‘illari (o‘gay o‘g‘illari) va nabiralari;
  5. Ayolning qarindoshi (ak-uka,opa-singil)lari. Xoh ota-onasi bir, xoh faqat ona, yoki ota bir qarindoshi bo‘lsin, farqi yo‘q;
  6. Qarindosh(aka-uka, opa-singil)larining o‘g‘illari;

Sanab o‘tilganlarning barchasi ayolga mahram hisoblanadi. Bular oldida ziynatlarini ochish mubohdir. Alloh taolo yuqoridagi oyatda amaki va tog‘alariga oid hukmni bayon etmagan. Fiqh ilmi olimlarning fikriga ko‘ra, amaki va tog‘alarning hukmlari ham mahramiyat e’tiboridan yaqinlik darajalari sanalgan kishilar bilan birdir. Amaki va tog‘alar ota hukmida bo‘lgani uchun oyatda alohida sanalmagan. Oyatda aytib o‘tilgan qarindosh erkaklar ayolning mahrami bo‘lgani kabi emikdosh (bir onaning sutidan oziqlangan) aka-ukalar ham ayolning mahramlari hisoblanadi.

Shu o‘rinda ziynat va ziynat o‘rinlarini bilib olishimiz shart. Ziynat ikki xil bo‘ladi. Biri xalqiy (yaratilishdan) bo‘lgan ziynat, ikkinchisi esa erishilgan ziynat. Tananing a’zolari xalqiy ziynatdir. Erishilgan ziynat esa, kiyilgan go‘zal libos, taqinchoqlar, ko‘zga surilgan surma, qo‘lga qo‘yilgan xinaga o‘xshash narsalardir. Ziynat o‘rinlariga ayolning bo‘yni, qo‘l va bilaklari hamda oyog‘i kiradi. Ayolning mahramlari mana shu ziynat o‘rinlarini ko‘rishlari muboh sanaladi. Mahramlardan tashqari begona erkaklar yuz va qo‘llaridan boshqa o‘rinlarni ko‘rishi haromdir. Yuz va qo‘lning avrat emasligini aytadigan olimlar u ikkisida hech bir ziynat ashyosi bo‘lmasligini va bularning ochilishi fitnaga sabab bo‘lmasligini shart qilib qo‘yadilar.

Imom Zamaxshariy rahmatullohi alayh aytadi: “Oyatdagi ziynatning zikr etilishidan hikmat – ziynat joylarini berkitish zarurligini ifoda etishdir. Chunki Alloh taolo “Ziynatlarini ko‘rsatmasinlar” deya buyurar ekan, aslida ziynat joylarini iroda qilgan, ya’ni maqsad qilib qo‘ygan. Chunki taqilmagan ziynatlarni ko‘rish harom emas. Bu jihatdan ziynatlarning taqiqlanishiga zarurat yo‘q. Demak, aslida taqiqlanadigani – zeb-ziynat buyumlari taqiladigan joylardir”.

Ulamolar “hali ayollarning yashirin joylaridan xabardor bo‘lmagan bolalar” oyati haqida turli fikrlarni aytganlar: Bu oyatda balog‘atga yetmagan bolalar nazarda tutilgan; yoshligi tufayli ayolning maxfiy bo‘lmagan joylarini farqlay olmaydigan bolalar. Bular o‘n yoshga yetmagan bo‘lishlari kerak. Agar bola balog‘atga yetmagan bo‘lsa ham ayolning maxfiy joylarini  tushunsa, ayollar bunday bolalar oldida ziynatlarini ko‘rsatmaganlari ma’qul.

 Manbalar asosida “Mirza G‘olib” jome masjidi imom noibi Q. Salimov
tayyorladi.

Boshqa maqolalar

Janoza va ikki haramda juma namozining o‘qish tartibi

26.05.2025   5239   3 min.
Janoza va ikki haramda juma namozining o‘qish tartibi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Janoza namozi tik turgan holda, quyidagi tartibda o‘qiladi:

1. Niyat qilinadi (Niyat qildim 4 takbirli janoza namozini imomga iqtido qilib o‘qimoqlikka, qiblam bo‘lmish muqaddas Ka’ba tomon yuzlandim, xolis Alloh uchun);

2. Faqat birinchi takbirdagina quloq qoqiladi (Allohu akbar);

3. Sano o‘qiladi:

“Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk” (Allohim! Senga hamd aytgan holda Seni poklab yod etaman. Isming muborakdir. Ulug‘liging yuksakdir. Sendan o‘zga iloh yo‘q).

4. Ikkinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar);

5. Nabiy alayhissalomga salavot aytiladi:

“Allohumma solli ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama sollayta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd.

Allohumma barik ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama barokta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd(Allohim! Ibrohim va uning oilasiga salavot yo‘llaganingdek, Muhammad va uning oilasiga salavot yo‘llagin! Albatta, Sen Hamiyd (barcha maqtovlar ila maqtalgan), Majiyd (shon-sharafi va qadri balandligi cheksiz) Zotsan. Allohim! Ibrohim va uning oilasiga barakot berganingdek, Muhammad va uning oilasiga barakot bergin!).

6. Uchinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar)

7. Duo o‘qiladi:

Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ’alal iyman(Allohim tirigimizni va o‘ligimizni, hozirimizni va g‘oyibimizni, kichigimizni va kattamizni, erkagimizni va ayolimizni mag‘firat qilgin. Allohim! Bizdan kimni yashatsang, Islomda yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, iymonda vafot ettirgin).

8. To‘rtinchi marta takbir aytiladi (Allohu akbar);

9. Ikki tarafga salom beriladi (Assalamu alaykum va rohmatulloh);

Janoza namozida qiroat ham, tashahhud ham bo‘lmaydi. Imom salom bergunicha kutib turiladi va u bilan birga salom beriladi.


Ikki haramda juma namozi o‘qilish tartibi:

4 rakat sunnat;

2 rakat farz;

4 rakat sunnat.

Ikki haramda juma kuni 2 azon va 1 takbir aytiladi:

Birinchi azon – bugun juma kuni ekani va juma namozi haqida eslatma uchun chaqiriq.

Ikkinchi azon – juma namozi azoni. Azon aytilishi bilan imom xutba o‘qishni boshlaydi.

Takbir – juma namozi o‘qish uchun aytiladi. 2 rakat farz namozi o‘qiladi.

Ikki haramda juma kungi farzdan oldingi va farz namozidan keyingi 4 rakatdan o‘qiladigan sunnat namozlarini 2 rakatli farz namozidan keyin 4 rakatdan 8 rakat qilib o‘qib olinadi. Shu tartibda juma namozi ado etiladi.

 

Mohira BAHODIR