Qur’oni karimda har bir ne’mat benuqson va betakror qilib yaratilgani va ularning barchasi insonlar uchun xizmat qilishi haqida ko‘plab oyatlar tushirilgan. «Albatta osmonlar va yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, dengizda odamlarga kerakli narsalarni olib yurgan kemalarning (suzishida) va Alloh osmondan tushirgan va u sababli o‘lik yerni tiriltirib, bor jonzotni tarqatib-yoyib yuborgan suv degan ne’matda va shamollarning yo‘naltirilishida, osmon va yer orasidagi itoatgo‘y bulutda (bularning hammasida) aqlli kishilar uchun oyat-alomatlar bordir» (Baqara, 164).
Atmosfera yer sharining havo qobig‘i bo‘lib, biosferada hayot mavjudligini ta’minlovchi asosiy manbalardan biridir. Atmosfera barcha jonzotlarni zararli kosmik nurlardan himoya qilib turadi, sayyora yuzasidagi issiqlikni saqlaydi. Agar havo qobig‘i bo‘lmaganida yer yuzasida kunduzi +1000S va kechqurun -1000S harorat kuzatilgan bo‘lar edi. Atmosferaning yuqori chegarasi taxminan 2000 km. balandlikdan o‘tadi. Atmosfera bir necha qatlamlardan iborat bo‘lib, uning asosiy massasi (90%) 10-16 km. balandlikkacha bo‘lgan quyi troposfera qismida joylashgan. Ob-havo va iqlim asosan troposferadagi jarayonlar bilan bog‘liq. Atmosferaning shu qatlamida barcha yog‘inlar va bulutlar hosil bo‘ladi, bo‘ronlar yuz beradi. Troposfera ustida 40-50 km.gacha balandlikda stratosfera joylashgan va unda harorat pasayib boradi. Stratosferada 22-24 km. oraliqda Yerdagi tirik organizmlarni himoya qiladigan, ultrabinafsha nurlanishning katta qismini yutib qoladigan ozon (03) qatlami joylashgan. Ozon gazi yig‘ilganda yupqa, 2-4 mm. qatlamni hosil qiladi, lekin himoya ahamiyati juda ham katta.
Stratosferadan keyin, 50 km. dan yuqorida mezosfera joylashgan va unda harorat pasayib boradi. 80 km. yuqorida harorat –700 S ni tashkil qiladi. Undan yuqorida termosfera joylashgan bo‘lib, 500-600 km. balandlikda havo harorati +16000 S gacha ko‘tariladi. 800-1600 km. da ekzosfera joylashgan va unda havo juda ham siyrakdir.
Begona qo‘shimchalari bo‘lmagan atmosfera havosi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat: azot-78.09%, kislorod 20.94% , argon 0.93 %, uglerod qo‘shoksidi- 0.03 %. Boshqa gazlarning miqdori nisbatan kam. Bundan tashqari, havoda doim 3-4 % suv bug‘lari mavjud, chang zarralari bo‘ladi. Atmosferadagi har bir gaz o‘ziga xos fizik va kimyoviy xususiyatlarga egadir. Masalan, kislorod tiriklikni ta’minlovchi, azot to‘yintiruvchi va sovituvchi va hokazo.
Biroq keyingi vaqtlarda sanoatning rivojlanishi natijasida atmosferaga ko‘plab chiqindi gazlar chiqarilishi oqibatida global miqyosdagi ekologik muammolar kelib chiqmoqda. Jumladan “Issiqxona samarasi”, “Ozon qatlamini yemirilishi”, “Cho‘llanish jarayonining avj olishi” kabilar. Bu jarayonlargaQur’onu karimidagi quyidagi oyatni misol qilib keltirish mumkin.
«Odamlarning o‘zlari qilgan qilmishlari sababli quruqlikda ham, dengizda ham (turli) balo-ofatlar yuz berdi.(Bu balo va ofatlar odamlar qilayotgan gunoh-ma’siyatlardan)qaytishlari uchun, ularga qilgan gunohlarining (jazosini) totdirib qo‘yish uchundir» (Rum, 41).
Aholining ehtiyojlari doimiy ravishda geometrik shaklda o‘sib bormoqda. Biroq moddiy ne’matlar yaratilishi esa arifmetik shaklda o‘smoqda. O‘rtadagi tafovut tabiiy resurlardan yanada keng va ko‘proq foydalanishi taqozo etmoqda. Natijada atmosferaga yanada ko‘proq chiqindilar chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Xalqimizning ajoyib bir maqoli bor “Toza havo-tanga davo”. Albatta ,xalqimiz azaldan atrof-muhitni asrab avaylagan, ayniqsa, bekordan bekorga xazon va barglarni yoqmagan, dalalarni o‘t qo‘yish orqali tozalamagan. Sababi insonlar uchun eng zarur bo‘lgan kislorod (O2) yonib ketadi. Masalan 1 litr benzin yonishi uchun 15 kg. havo zarur. Londondan Nyu-Yorkka uchun Boing 747 samolyoti 80 tonna kerosin sarf qiladi va bu o‘rtacha kenglikda joylagan 10 ming gektar yerdagi o‘rmonning bir kun davomida ishlab chiqqan kislorodiga teng keladi. Endilikda o‘ylab ko‘ring, dunyo bo‘yicha qancha transport texnikasi (samolyot, kemalar, avtomashinalar, poyezdlar va hokazolar) harakatlanadi. Rum surasinining 41-oyatida keltirilganidek, qilgan ishlarimiz bizlarga balo qazo bo‘lmasiligi uchun aql ko‘zi bilan atrof-muhitga munosabatda bo‘lsak, uni asrab avaylash, tejashga targ‘ib qilsak, Allohning bergan ne’matlari yanada ziyoda bo‘lib boraveradi. Inshoalloh
Vohidjon INOMOV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi