Afsuski, ba’zi ota-onalar xorijga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib, farzandlariga “Jumong”, “Ishani”, “Ronaldo”, “Messi” deb ot qo‘ymoqda. Bu ham yetmagandek, dilbandining ko‘rinishini ham o‘shalarga o‘xshatishga intiladi. Farzandining soch turmagi-yu kiyim-kechagini e’tiqodimizga, musulmonchilikka mutlaqo zid bo‘lgan ko‘rinishga keltiradi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaza’dan qaytardilar. Nofe’dan: “Qaza’ nima?” deb so‘radim. U: “Yosh bola sochining bir qismini olib, bir qismini qoldirish”, dedi (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa, bas, u o‘sha qavmdandir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobit qadam qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hiro g‘oridan tushib, Makka tomonga kelaverishda mana shu (rasmdagi) masjidga ko‘zingiz tushadi.
Uning nomi "Masjidul Ijoba" bo‘lib, Hiro g‘ori bilan juda yaqin aloqasi bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam 35 yoshlaridan e’tiboran tez-tez Hiro g‘orida yolg‘iz qolar, hatto ba’zan bir necha kunlab u yerda qolib ketardilar. Shu asnoda onalar onasi, nubuvvat xonadonining sultonlaridan Xadiyja onamiz roziyallohu anho goh (dam) o‘zlari Rasululloh alayhissalomni ko‘rgani kelar, gohida esa qullari Maysara bilan oziq-ovqat jo‘natardilar.
Payg‘ambarimizni ziyorat qilishga o‘zlari kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadiyja onamizni tog‘ga chiqib, g‘orgacha borib charchab qolishlarini istamasdilar. U zot alayhissalom uzoqdan turib, albatta bu yerlar hozirgidek emas, har yer ochiq edi, tog‘ni ustidan ham past juda yaxshi ko‘rinardi, yelkalarida oziq-ovqat olib kelayotgan Xadiyja onamizni ko‘rganlarida, ovozlari yetadigan joygacha kelib, «Sen kelma, o‘zim boraman», deb shu masjid o‘rniga kelardilar. O‘sha joyda Xadiyja onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashishar, shu yerda o‘tirib suhbat qurishar, hattoki bu suhbatlar tongga ulanardi. Aynan shuning uchun mazkur xotirani abadiylashtirish maqsadida, keyinchalik masjid barpo qilindi.
Abdulloh Rahim