frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida

31.07.2018   5070   20 min.
Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida
Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 iyunda
qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 28 iyunda
ma’qullangan


1-bob. Umumiy qoidalar 
 
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi 
 
Ushbu Qonunning maqsadi ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 
 
2-modda. Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
 
Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. 
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. 
 
3-modda. Asosiy tushunchalar
 
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: 
ekstremizm –ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hokimiyatni zo‘rlik ishlatib egallashga va uning vakolatlarini o‘zlashtirib olishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodaci; 
 
ekstremistik faoliyat –quyidagilarga: 
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzishga; 
hokimiyat vakolatlarini egallashga yoki o‘zlashtirishga; 
qonunga xilof qurolli tuzilmalar tuzishga yoki ularda ishtirok etishga; 
terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga; 
zo‘rlik yoki zo‘rlik ishlatishga oshkora da’vat qilish bilan bog‘liq holda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga; 
jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishga, shuningdek ekstremistik tashkilotlarning atributlarini yoki ramziy belgilarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishga; 
biror-bir ijtimoiy guruhga nisbatan siyosiy, mafkuraviy, irqiy, milliy, etnik yoki diniy adovat yoxud dushmanlik sababli ommaviy tartibsizliklarni amalga oshirishga; 
ushbu moddaning to‘rtinchi – o‘ninchi xatboshilarida ko‘rsatib o‘tilgan harakatlarni amalga oshirish uchun oshkora da’vat qilishga qaratilgan harakatlarni rejalashtirishga, tashkil etishga, tayyorlashga 
yoki sodir etishga doir faoliyat; 
ekstremizmni moliyalashtirish – ekstremistik faoliyatning mavjud bo‘lishini va faoliyat ko‘rsatishini, shaxslarning ekstremistik faoliyatda ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishini yoki O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishini ta’minlashga, ekstremistik tashkilotlarga yoxud ekstremistik faoliyatga ko‘maklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablag‘larni, resurslarni berishga yoxud yig‘ishga, boshqa xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan faoliyat; 
ekstremist –ekstremistik faoliyatni amalga oshirishda ishtirok etayotgan, shuningdek ekstremistik faoliyatda ishtirok etish 
uchun xorijga chiqib ketishni yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni amalga oshirgan shaxs; 
ekstremistik guruh – oldindan til biriktirib ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotgan yoki uni sodir etishga suiqasd qilayotgan ikki yoki undan ortiq shaxs; 
ekstremistik material – ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga oshkora da’vat qiladigan yoxud shunday faoliyatni amalga oshirish zarurligini asoslab beradigan yoki oshkora oqlaydigan, tarqatish uchun mo‘ljallangan hujjat yoki har qanday vositadagi boshqa axborot; 
ekstremistik tashkilot – ekstremistik faoliyatni amalga oshirganligi tufayli o‘ziga nisbatan faoliyatini tugatish yoki taqiqlash to‘g‘risida sudning qonunda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan qarori qabul qilingan tashkilot. 
 
4-modda. Ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari
 
Ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: 
qonuniylik; 
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi; 
oshkoralik; 
javobgarlikning muqarrarligi. 
 
5-modda. Ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
 
Ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: 
ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladanaholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, shuningdek uning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish; 
ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtidaaniqlash 
va ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash; 
ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik. 
 
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekstremistik faoliyatni taqiqlash
 
O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagilar taqiqlanadi: 
ekstremistik faoliyatning har qanday ko‘rinishlari; 
yuridik shaxslar tashkil etilganda ularni ekstremistik tashkilotlarning nomi bilan adashtirib yuborish darajasida 
bir xil yoki o‘xshash bo‘lgan belgilarni o‘z ichiga olgan nomlardan foydalanish. 
 
2-bob. Ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari 
 
7-modda. Ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlar
 
Ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat: 
 
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish; 
ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish chiqarish; 
yuridik shaxs tomonidan ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida taqdimnoma kiritish; 
ekstremistik materiallarni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etishni taqiqlash; 
ekstremizmni moliyalashtirishnitaqiqlash; 
yuridik shaxsning faoliyatini to‘xtatib turish; 
tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish. 
Ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. 
 
8-modda. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish
 
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi: 
tushuntirish ishlarini olib borish; 
huquqiy tarbiya va ta’limni tashkil etish; 
ekstremizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish; 
madaniy an’analarni, ma’naviy, axloqiy va vatanparvarlik ruhidagi tarbiyani mustahkamlash; 
ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish; 
ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda ta’lim dasturlarini takomillashtirish. 
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘llar bilan ham amalga oshirilishi mumkin. 
 
9-modda. Ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi rasmiy ogohlantirish
 
Ekstremistik faoliyat belgilarini o‘z ichiga olgan, tayyorlanayotgan g‘ayriqonuniy harakatlar to‘g‘risida yetarlicha va avvaldan tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hamda javobgarlikka tortish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining mansabdor shaxsi ekstremizmning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yayotgan mansabdor shaxslarga va jismoniy shaxslarga bunday faoliyatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida yozma shaklda rasmiy ogohlantirish chiqaradi, ogohlantirishda uni chiqarishning aniq asoslari ko‘rsatiladi.
 
Rasmiy ogohlantirish e’lon qilingan shaxs undan norozi bo‘lgan taqdirda,ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi tegishli davlat organining yuqori turuvchi mansabdor shaxsiga yoki sudga ushbu ogohlantirish ustidan shikoyat qilishga haqli. 
 
10-modda. Yuridik shaxs tomonidan ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi taqdimnoma
 
Yuridik shaxs tomonidan uning faoliyatida ekstremizm belgilari mavjudligi to‘g‘risida dalolat beruvchi qonun buzilishi sodir etilgan taqdirda, prokuror yoki ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organiningboshqa mansabdor shaxsi mazkur yuridik shaxsning mansabdor shaxsiga ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi va ularni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Agar ushbu qonunbuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, shuningdek taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran bir yil ichida ekstremizm belgilari mavjudligi haqida dalolat beruvchi yangi faktlar aniqlansa, prokurorning yoki ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi boshqa mansabdor shaxsining taqdimnomasiga asosan yuridik shaxsning faoliyati olti oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turiladi yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan taqiqlanadi. 
Ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida o‘ziga taqdimnoma kiritilgan shaxs undan norozi bo‘lgan taqdirda, ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuqori turuvchi davlat organiga, uning mansabdor shaxsiga yoki sudga ushbu taqdimnoma ustidan shikoyat qilishga haqli. 
 
11-modda. Ekstremistik materiallarni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etishni taqiqlash
 
O‘zbekiston Respublikasining hududiga ekstremistik materiallarni, ekstremistik tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilarini olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalarida yoxud telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish va namoyish etish taqiqlanadi. 
O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan, tayyorlanayotgan, saqlanayotgan, tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan, shuningdek ommaviy axborot vositalarida yoki telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan materiallar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekstremistik materiallar deb topiladi. 
Ekstremistik materiallar, ekstremistik tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilari belgilangan tartibda yo‘q qilinishi yoki olib tashlanishi kerak. Ommaviy axborot vositalarida yoxud telekommunikatsiyalar tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan ekstremistik materiallarni, ekstremistik tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilarini yo‘q qilish yoki olib tashlash imkoni bo‘lmaganda ulardan foydalanish cheklanadi. 
Ekstremizmga qarshi kurashishbo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining ekstremistik materiallarni yo‘q qilish, olib tashlash yoki ulardan foydalanishni cheklash to‘g‘risidagi talabining telekommunikatsiya tarmoqlariga va Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish bo‘yicha xizmatlar taqdim etuvchi shaxs tomonidan bajarilmaganligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. 
 
12-modda. Ekstremizmni moliyalashtirishni taqiqlash
 
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekstremizmni moliyalashtirish taqiqlanadi. 
Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar ekstremizmni moliyalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalar nazoratini, ichki nazoratni amalga oshiradi hamda tegishli tarzda tekshirish choralarini ko‘radi. 
Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar zudlik bilan va oldindan xabardor qilmagan holda ekstremistik faoliyatga aloqador shaxslarning operatsiyasini, bundan yuridik yoki jismoniy shaxsning hisob raqamiga kelib tushgan pul mablag‘larini o‘tkazishga doir operatsiyalar mustasno, to‘xtatib turishi va (yoki) pul mablag‘larini yoxud boshqa mol-mulkini muzlatib qo‘yishi shart. 
 
Ekstremistik faoliyatga aloqador shaxslarning operatsiyalarini to‘xtatib turish, pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkini muzlatib qo‘yish,shaxslarning operatsiyalarini tiklash, muzlatib qo‘yilgan pul mablag‘laridan yoki boshqamol-mulkidan foydalanish huquqini taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan kelishgan holda belgilanadi. 
 
13-modda. Yuridik shaxsning faoliyatini to‘xtatib turish
 
Yuridik shaxs ekstremistik faoliyatga aloqador bo‘lgan taqdirda, uning faoliyati ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining arizasiga ko‘ra sudning qarori bilan to‘xtatib turiladi. 
Sudning yuridik shaxs faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. 
Siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatib turish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 
Ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan faoliyati to‘xtatib turilgan yuridik shaxslarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oliy sudining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi. 
 
14-modda. Tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish
 
O‘zbekiston Respublikasida tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish sud tartibida amalga oshiriladi. 
Tashkilot, agar uning tarkibiy tuzilmalaridan hech bo‘lmasa bittasi (bo‘linmasi, filiali va vakolatxonasi) ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotgan bo‘lsa, ekstremistik tashkilot deb topiladi. 
Tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish to‘g‘risidagi ariza O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi. 
Qaysi tashkilotlarga nisbatan sudning ularni ekstremistik tashkilot deb topish va O‘zbekiston Respublikasi hududida ularning faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud bo‘lsa, o‘sha tashkilotlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oliy sudining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi lozim. 
 
3-bob. Ekstremizmga qarshi kurashish subyektlari
 
15-modda. Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari 
 
Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati; 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi; 
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; 
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi; 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti. 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari hamda boshqa subyektlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. 
Ushbu moddada ko‘rsatilgan davlat organlari ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlarida berilgan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi. 
 
16-modda. Ekstremizmga qarshi kurashishga doir tadbirlarda boshqa davlat organlarining, o‘zga subyektlarning ishtirok etishi 
 
Ushbu Qonunning 15-moddasida ko‘rsatilmagan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar ekstremizmga qarshi kurashishga doir tadbirlarda o‘z vakolatlari doirasida hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etadi. 
 
4-bob. Ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik 
 
17-modda. Jismoniy shaxslarning ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarligi
 
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.
 
Shaxs ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan, bu haqda tegishli davlat organlariga xabar bergan hamda og‘ir oqibatlar yuzaga kelishining va ekstremistlarning maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol ko‘maklashgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etiladi. 
 
18-modda. Tashkilotlarning ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarligi
 
Tashkilotlar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun tugatiladi, ularning faoliyati esa taqiqlanadi. 
Tashkilotni tugatish sudning qarori asosidaamalga oshiriladi. 
Ekstremistik tashkilot deb topilgan tashkilot tugatilganda unga tegishli mol-mulk musodara qilinadi hamda davlat mulkiga o‘tkaziladi. 
 
19-modda. Mintaqaviy, xalqaro yoki xorijiy tashkilotlarning ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarligi 
 
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ro‘yxatga olingan mintaqaviy, xalqaro yoki xorijiy tashkilot (uning bo‘linmasi, filiali, vakolatxonasi) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremistik tashkilot deb topilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mazkur tashkilotning (uning bo‘linmasi, filiali, vakolatxonasining) faoliyati taqiqlanadi hamda bu tashkilot (uning bo‘linmasi, filiali, vakolatxonasi) tugatiladi, unga (uning bo‘linmasiga, filialiga, vakolatxonasiga) tegishli bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan mol-mulk esa musodara qilinadi hamda davlat mulkiga o‘tkaziladi. 
Mintaqaviy, xalqaro yoki xorijiy tashkilotning (uning bo‘linmasi, filiali, vakolatxonasining) faoliyatini taqiqlash: 
belgilangan tartibda akkreditatsiyani bekor qilishga; 
chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mazkur tashkilot vakillari sifatida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lishini taqiqlashga; 
O‘zbekiston Respublikasi hududida har qanday moliya-xo‘jalik faoliyatini yoki boshqa faoliyatni yuritishni taqiqlashga; 
ommaviy axborot vositalarida ushbu tashkilot nomidan har qanday materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida e’lon qilishni taqiqlashga; 
taqiqlangan tashkilotning materiallarini, shuningdek uning materiallarini o‘z ichiga olgan axborot mahsulotini O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatishni taqiqlashga; 
ommaviy tadbirlar o‘tkazishni, shuningdek ularda taqiqlangan tashkilot vakillarining ishtirok etishini taqiqlashga sabab bo‘ladi. 
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining mintaqaviy, xalqaro yoki xorijiy tashkilotni (uning bo‘linmasi, filiali, vakolatxonasini) ekstremistik tashkilot deb topish, O‘zbekiston Respublikasi hududida uning faoliyatini taqiqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bunday tashkilotning bo‘linmasi, filiali, vakolatxonasi faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qarori ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran tegishli chet davlatni bu haqda taqiq sabablari va taqiq bilan bog‘liq oqibatlarni ko‘rsatgan holda diplomatik kanallar orqali belgilangan tartibda xabardor qiladi. 
 
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
 
20-modda. O‘zbekiston Respublikasining ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorligi
 
Ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. 
Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari chet davlatlarning vakolatli organlariga belgilangan tartibda zarur axborotni taqdim etish to‘g‘risida so‘rovlar yuborish va ularning so‘rovlariga javob berish, shuningdek boshqa hamkorlikni amalga oshirish huquqiga ega. 
 
21-modda. Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik 
 
Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. 
 
22-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
 
Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin. 
 
23-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin; 
Davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
 
24-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
 
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi. 

O‘zbekiston Respublikasining
         Prezidenti                                                                      Sh. Mirziyoyev
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   45983   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari