Yaqinlarimiz davrasida o‘tirganimizda, suhbat asnosida, ularning na uyqusida, na ishida, na vaqtida, na pulida baraka borligidan shikoyat qilayotgani quloqqa chalinadi.
Ushbu maqolada baraka nima va uni qayerdan topish yoki qanday hosil qilish mumkinligi haqida so‘z yuritamiz
Baraka nima?
Olimlardan biri bunday deydi:
“Baraka kam narsada bo‘lsa, uni ko‘paytiradi, agar ko‘p narsada bo‘lsa, foyda keltiradi. Alloh taologa ibodat qilishda baraka bo‘lishi bu – eng muhim narsadir”.
Baraka manbalari
Baraka yo‘qolgan xazina emas, u doim biz bilan birga, ko‘z o‘ngimizda. Bu xazina bizning harakatimizni kutmoqda. Hozir barakaning ba’zi manbalarini sanab o‘tamiz. Bu keng qamrovli ro‘yxat emas, ammo u buyuk xazina haqida yetarlicha tushuncha bera oladi, degan umiddamiz.
1. Yaxshi niyatli bo‘ling.
Agar baraka bo‘lishini istasangiz, doimo yaxshi niyat qiling. Barakaning ta’rifiga yana bir nazar tashlar ekanmiz, biz qilgan va qiladigan ishlarimizni Alloh taolo istamas ekan, unda baraka bo‘lmasligiga amin bo‘lamiz.
2. Alloh taologa taqvo qiling.
Alloh taolo bunday deydi:
وَلَوْ أَنَّ أَهْلَ الْقُرَى آمَنُواْ وَاتَّقَواْ لَفَتَحْنَا عَلَيْهِم بَرَكَاتٍ مِّنَ السَّمَاءِ وَالأَرْضِ وَلَـكِن كَذَّبُواْ فَأَخَذْنَاهُم بِمَا كَانُواْ يَكْسِبُونَ
“Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni qilgan kasblari tufayli tutdik”. (Ushbu oyati karimada bayon qilinayotgan oddiy va sodda haqiqatni insoniyat tushuna olmayotgani g‘oyatda ajablanarli hol. Inson uchun osmon va zamindan barakot eshiklari ochilishi uchun birgina shart kifoya, ya’ni, u iymonli va taqvoli bo‘lishi lozim. Ana o‘shanda insonga osmonu zamindan barakotlar eshigi lang ochib qo‘yiladi. Chunki iymon insonni barakotli hayot yo‘liga boshlaydi. Chunki taqvo insonni farovon hayot yo‘liga soladi. Iymon bilan taqvo bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lganidek, barakot ham ularga bog‘liqdir. Bu haqiqatga kattayu kichik har bir sohada guvoh bo‘lishi mumkin) (A’rof surasi, 96-oyat).
3. Alloh taologa tavakkal qiling.
Alloh taolo bunday deydi:
وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ وَمَن يَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ فَهُوَ حَسْبُهُ إِنَّ اللَّهَ بَالِغُ أَمْرِهِ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لِكُلِّ شَيْءٍ قَدْراً
“Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkal qilsa, bas, unga U zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini yetkazuvchidir. Haqiqatda, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygan” (Taloq surasi, 3-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar siz Allohga haqiqiy ishonch bilan taqvo qilsangiz, U zot sizga qushlarga bergani kabi rizq beradi. Ertalab bo‘shashib, tushdan keyin to‘q qorin bilan qaytib kelasiz” (Imom Ahmad, Imom Nasoiy, Imom ibn Moja, Hakim Termiziy).
4. Qur’oni karim o‘qing.
Bu baraka favvorasi. Ammo biz undan kamdan-kam ichamiz. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
وَهَـذَا كِتَابٌ أَنزَلْنَاهُ مُبَارَكٌ مُّصَدِّقُ الَّذِي بَيْنَ يَدَيْهِ وَلِتُنذِرَ أُمَّ الْقُرَى وَمَنْ حَوْلَهَا وَالَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالآخِرَةِ يُؤْمِنُونَ بِهِ وَهُمْ عَلَى صَلاَتِهِمْ يُحَافِظُونَ
“Bu, Biz tushirgan kitob muborakdir, o‘zidan oldingini tasdiqlovchidir. Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir. Oxiratga iymon keltirganlar unga iymon keltirarlar. Va ular namozlarini muhofaza qilarlar”. (Ummul Qurodan murod Makkai mukarramadir. Bu muqaddas shahar arablar orasida qadimdan shu nom bilan ham mashhur bo‘lgan. Chunki bu muborak shaharda Allohga ibodat etish uchun qurilgan dunyo va basharning birinchi uyi «Baytulloh» bor.) (An’om surasi, 92-oyat)
Shunday qilib, Qur’on o‘qing va Allohning ne’mat va barakalaridan bahramand bo‘ling.
5. Ko‘pchilik bilan birga ovqatlaning.
Ba’zida oziq-ovqat qanchalik ko‘p bo‘lmasin, kelayotgan mehmon uchun kamdek tuyuladi. Hadisda shunday deyilgan: “Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kishini to‘ydiradigan ovqat uch kishiga kifoya qiladi va uch kishi to‘yadigan ovqat to‘rt kishiga kifoya qiladi”, dedilar” (Al Jome As Sahih, 3-jild, 10-bob, 987-javob). Ko‘pchilik bilan ovqatlanishdan baraka hosil bo‘ladi.
6. Savdoda halol bo‘ling.
Yolg‘onchi va firibgar odamlar savdoni samarali qilmaydi, savdo-sotiqdagi barakani qochiradi. Hakim ibn Xizom roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Agar sotuvchi o‘z molining aybini yashirsa va oluvchi ham g‘irromlik qilsa (ya’ni, sotuvchi va oluvchi bir-biriga g‘irromlik qilsa), unday savdoda baraka bo‘lmas! Agar sotuvchi va oluvchi bir-biriga rost gapirsa, bir-birini aldamasa, bunday savdoda baraka bo‘lur!” dedilar” ( Al Jome As Sahih, 2-jild, 20-bob, 24-javob). Biror narsani sotishda savdogar uchun halol bo‘lish qiyindek ko‘rinadi, lekin Allohga ishoning, imoningizni saqlang. Shunda olgan va sotgan narsangizdan baraka topasiz.
7. Doimo duoda bo‘ling.
Ishingizni barakasini so‘rab Allohga duo qiling. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolariga e’tibor beradigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam baraka so‘rab Allohga duo qilganlar. Birovning uyiga taklif qilinganingizda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday duo qilishingizni taklif qiladilar: “Ey Allohim, ularga bergan narsalaringni mag‘firat qil, gunohlarini kechir, ishlariga baraka ber”.
8. Halol daromad toping.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar, Alloh yaxshi, shuning uchun faqat yaxshi narsalarni qabul qiladi”, dedilar. Olimlarning aniqlashicha, bunda halol daromad va uning ahamiyatiga ishora qilingan. Olimlardan biri shunday degan ekan, harom yegan kishi Allohga itoatsizlik qilgan bo‘ladi, halol yegan va halol daromad izlaganning ishida baraka bo‘ladi va oyoqlari chaqqon bo‘ladi. Bu gaplar olimga yosh kishilarning sakrashi qiyin bo‘lgan ariqdan keksa kishining sakragani haqidagi hikoyani es solibdi. Aytishicha, bir keksa odam shunday ariqdan sakrabdi, odamlar buni qanday uddalaganini so‘rabdi. Shunda u: ”Biz yoshligimizda oyoq-qo‘llarimizni gunohlardan saqlaganmiz, shuning uchun ular chaqqon”, deb javob qilibdi.
9. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qiling.
Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilib yashasangiz, ishingizda baraka bo‘ladi. Sunnatlardan namunalar: o‘ng qo‘l bilan ovqatlanish, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘l yuvish, bayram namoziga chiqish va boshqalar. Yer yuzidagi eng muborak insonning hayotiga taqlid qilish ishingizning barakasini oshiradi.
10. Istixora namozini o‘qing.
Har bir masalada Allohga tayanib, istixora namozini o‘qib, natijasini Allohdan kutish barakaning asosiy omilidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam istixora namozini o‘qish bizga to‘g‘ri qaror qabul qilishda yordam berishini aytgan. Alloh o‘zidan yo‘l-yo‘riq so‘ragan va iymondoshlarga maslahat bergan, Allohning qarorida sobit qolgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bunday degan:
فَبِمَا رَحْمَةٍ مِّنَ اللّهِ لِنتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظّاً غَلِيظَ الْقَلْبِ لاَنفَضُّواْ مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللّهِ إِنَّ اللّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ
“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir”. (Alloh taolo ushbu amr ila Payg‘ambar alayhissalomni qalbi kenglikda, muloyimlikda – kishilarni atroflarida jamlovchi oliy sifatlarda bardavom bo‘lishga chaqirib, ayblar o‘tgan bo‘lsa xam, musulmonlarni afv etishga buyurmoqda) (Oli Imron surasi, 159-oyat).
11. Allohga shukr qiling.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Shukr qiling, sizlarga ko‘proq yaxshiliklarni ziyoda qilurman”. Alloh taolo shukr qilgan kishiga yaxshiliklarni va’da qiladi.
12. Muhtojlarga yordam bering.
Bir hadisi qudsiyda bunday deyilgan: “Ey, odam bolasi, sadaqa bering, shunda men sizlarga beraman”. Turmush tarzingiz yomon ahvolga tushib qolsa, uyingizdan baraka chiqib ketsa, nima qilasiz? Hayotingizni izga tushurib olishning eng yaxshi yo‘li sadaqa berishdir. Sadaqa bersangiz gunohlaringiz yuviladi, baraka keladi, yaxshiliklaringiz ko‘payadi. Balki biz xayr-sadaqa berish va uni Alloh ziyoda qilib qaytarishini yaxshi tasvirlab bera olmagandirmiz. Xohlasangiz o‘zingiz sinab ko‘ring!
13. Erta uyg‘oning.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday degan: “Alloh taolo ummatlariga ertalabki vaqtlarni barakali qilgan”. Erta uyg‘onish kuningizni barakali qilishda muhim o‘rin tutadi. Erta uyg‘onib, tahajjud namozini o‘qing, bomdod namozigacha o‘z ishlaringizni qilib oling, chunki bu soatlar juda barakali bo‘ladi. Shunda kun bo‘yi dam olishga vaqtingiz ham bo‘ladi.
14. Turmush quring.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi:
وَأَنكِحُوا الْأَيَامَى مِنكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِن يَكُونُوا فُقَرَاء يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِن فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
“Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o‘ta bilguvchi zotdir)” (Nur surasi, 32-oyat).
15. Allohdan mag‘firat so‘rang.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Allohdan mag‘firat so‘rasa, har qanday tashvishdan qutulishi uchun yordam va kutilmaganda rizq beradi”.
Umid qilamizki, bu ro‘yxat sizga ishingizni barakali qilishda yordam beradi. Barchamizning uyimizdan baraka ketmasin, qilgan hamma yaxshi ishilarimiz barakali bo‘lsin! Omin!
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan