Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Baraka omillari

30.07.2018   6220   10 min.
Baraka omillari

Yaqinlarimiz davrasida o‘tirganimizda, suhbat asnosida, ularning na uyqusida, na ishida, na vaqtida, na pulida baraka borligidan shikoyat qilayotgani quloqqa chalinadi.

Ushbu maqolada baraka nima va uni qayerdan topish yoki qanday hosil qilish mumkinligi haqida so‘z yuritamiz

Baraka nima?

Olimlardan biri bunday deydi:

“Baraka kam narsada bo‘lsa, uni ko‘paytiradi, agar ko‘p narsada bo‘lsa, foyda keltiradi. Alloh taologa ibodat qilishda baraka bo‘lishi  bu – eng muhim narsadir”.

Baraka manbalari

Baraka yo‘qolgan xazina emas, u doim biz bilan birga, ko‘z o‘ngimizda. Bu xazina bizning harakatimizni kutmoqda. Hozir barakaning ba’zi manbalarini sanab o‘tamiz. Bu keng qamrovli ro‘yxat emas, ammo u buyuk xazina haqida yetarlicha tushuncha bera oladi, degan umiddamiz.

1. Yaxshi niyatli bo‘ling.

Agar baraka bo‘lishini istasangiz, doimo yaxshi niyat qiling. Barakaning ta’rifiga yana bir nazar tashlar ekanmiz, biz qilgan va qiladigan ishlarimizni Alloh taolo istamas ekan, unda baraka bo‘lmasligiga amin bo‘lamiz.

2. Alloh taologa taqvo qiling.

Alloh taolo bunday deydi:

وَلَوْ أَنَّ أَهْلَ الْقُرَى آمَنُواْ وَاتَّقَواْ لَفَتَحْنَا عَلَيْهِم بَرَكَاتٍ مِّنَ السَّمَاءِ وَالأَرْضِ وَلَـكِن كَذَّبُواْ فَأَخَذْنَاهُم بِمَا كَانُواْ يَكْسِبُونَ

“Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni qilgan kasblari tufayli tutdik”. (Ushbu oyati karimada bayon qilinayotgan oddiy va sodda haqiqatni insoniyat tushuna olmayotgani g‘oyatda ajablanarli hol. Inson uchun osmon va zamindan barakot eshiklari ochilishi uchun birgina shart kifoya, ya’ni, u iymonli va taqvoli bo‘lishi lozim. Ana o‘shanda insonga osmonu zamindan barakotlar eshigi lang ochib qo‘yiladi. Chunki iymon insonni barakotli hayot yo‘liga boshlaydi. Chunki taqvo insonni farovon hayot yo‘liga soladi. Iymon bilan taqvo bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lganidek, barakot ham ularga bog‘liqdir. Bu haqiqatga kattayu kichik har bir sohada guvoh bo‘lishi mumkin) (A’rof surasi, 96-oyat).

3. Alloh taologa tavakkal qiling.

Alloh taolo bunday deydi:

وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ وَمَن يَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ فَهُوَ حَسْبُهُ إِنَّ اللَّهَ بَالِغُ أَمْرِهِ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لِكُلِّ شَيْءٍ قَدْراً

Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkal qilsa, bas, unga U zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini yetkazuvchidir. Haqiqatda, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygan(Taloq surasi, 3-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar siz Allohga haqiqiy ishonch bilan taqvo qilsangiz, U zot sizga qushlarga bergani kabi rizq beradi. Ertalab bo‘shashib, tushdan keyin to‘q qorin bilan qaytib kelasiz” (Imom Ahmad, Imom Nasoiy, Imom ibn Moja, Hakim Termiziy).

4. Qur’oni karim o‘qing.

Bu baraka favvorasi. Ammo biz undan kamdan-kam ichamiz. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

وَهَـذَا كِتَابٌ أَنزَلْنَاهُ مُبَارَكٌ مُّصَدِّقُ الَّذِي بَيْنَ يَدَيْهِ وَلِتُنذِرَ أُمَّ الْقُرَى وَمَنْ حَوْلَهَا وَالَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالآخِرَةِ يُؤْمِنُونَ بِهِ وَهُمْ عَلَى صَلاَتِهِمْ يُحَافِظُونَ

Bu, Biz tushirgan kitob muborakdir, o‘zidan oldingini tasdiqlovchidir. Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir. Oxiratga iymon keltirganlar unga iymon keltirarlar. Va ular namozlarini muhofaza qilarlar”. (Ummul Qurodan  murod Makkai mukarramadir. Bu muqaddas shahar arablar orasida qadimdan shu nom bilan ham mashhur bo‘lgan. Chunki bu muborak shaharda Allohga ibodat etish uchun qurilgan dunyo va basharning birinchi uyi «Baytulloh» bor.) (An’om surasi, 92-oyat)

Shunday qilib, Qur’on o‘qing va Allohning ne’mat va barakalaridan bahramand bo‘ling.

5. Ko‘pchilik bilan birga ovqatlaning.

Ba’zida oziq-ovqat qanchalik ko‘p bo‘lmasin, kelayotgan mehmon uchun kamdek tuyuladi. Hadisda shunday deyilgan:  Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kishini to‘ydiradigan ovqat uch kishiga kifoya qiladi va uch kishi to‘yadigan ovqat to‘rt kishiga kifoya qiladi”, dedilar (Al Jome As Sahih, 3-jild, 10-bob, 987-javob).  Ko‘pchilik bilan ovqatlanishdan baraka hosil bo‘ladi.

6. Savdoda halol bo‘ling.

Yolg‘onchi va firibgar odamlar savdoni samarali qilmaydi, savdo-sotiqdagi barakani qochiradi. Hakim ibn Xizom roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Agar sotuvchi o‘z molining aybini yashirsa va oluvchi ham g‘irromlik qilsa (ya’ni, sotuvchi va oluvchi bir-biriga g‘irromlik qilsa), unday savdoda baraka bo‘lmas! Agar sotuvchi va oluvchi bir-biriga rost gapirsa, bir-birini aldamasa, bunday savdoda baraka bo‘lur!” dedilar” ( Al Jome As Sahih, 2-jild, 20-bob, 24-javob). Biror narsani sotishda savdogar uchun halol bo‘lish qiyindek ko‘rinadi, lekin Allohga ishoning, imoningizni saqlang. Shunda olgan va sotgan narsangizdan baraka topasiz. 

7. Doimo duoda bo‘ling.

Ishingizni barakasini so‘rab Allohga duo qiling. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolariga e’tibor beradigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam baraka so‘rab Allohga duo qilganlar. Birovning uyiga taklif qilinganingizda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday duo qilishingizni taklif qiladilar: “Ey Allohim, ularga bergan narsalaringni mag‘firat qil, gunohlarini kechir, ishlariga baraka ber”.

8. Halol daromad toping.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar, Alloh yaxshi, shuning uchun faqat yaxshi narsalarni qabul qiladi”, dedilar. Olimlarning aniqlashicha, bunda halol daromad va uning ahamiyatiga ishora qilingan. Olimlardan biri shunday degan ekan, harom yegan kishi Allohga itoatsizlik qilgan bo‘ladi, halol yegan va halol daromad izlaganning ishida baraka bo‘ladi va oyoqlari chaqqon bo‘ladi. Bu gaplar olimga yosh kishilarning sakrashi qiyin bo‘lgan ariqdan keksa kishining sakragani haqidagi hikoyani es solibdi. Aytishicha, bir keksa odam shunday ariqdan sakrabdi, odamlar buni qanday uddalaganini so‘rabdi. Shunda u: ”Biz yoshligimizda oyoq-qo‘llarimizni gunohlardan saqlaganmiz, shuning uchun ular chaqqon”, deb javob qilibdi.

9. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qiling.
Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilib yashasangiz, ishingizda baraka bo‘ladi. Sunnatlardan namunalar: o‘ng qo‘l bilan ovqatlanish, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘l yuvish, bayram namoziga chiqish va boshqalar. Yer yuzidagi eng muborak insonning hayotiga taqlid qilish ishingizning barakasini oshiradi.

10. Istixora namozini o‘qing.

Har bir masalada Allohga tayanib, istixora namozini o‘qib, natijasini Allohdan kutish barakaning asosiy omilidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam istixora namozini o‘qish bizga to‘g‘ri qaror qabul qilishda yordam berishini aytgan. Alloh o‘zidan yo‘l-yo‘riq so‘ragan va iymondoshlarga maslahat bergan, Allohning qarorida sobit qolgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bunday degan:

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِّنَ اللّهِ لِنتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظّاً غَلِيظَ الْقَلْبِ لاَنفَضُّواْ مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللّهِ إِنَّ اللّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ

Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir”. (Alloh taolo ushbu amr ila Payg‘ambar alayhissalomni qalbi kenglikda, muloyimlikda – kishilarni atroflarida jamlovchi oliy sifatlarda bardavom bo‘lishga chaqirib, ayblar o‘tgan bo‘lsa xam, musulmonlarni afv etishga buyurmoqda) (Oli Imron surasi, 159-oyat).

11. Allohga shukr qiling.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Shukr qiling, sizlarga ko‘proq yaxshiliklarni ziyoda qilurman”. Alloh taolo shukr qilgan kishiga yaxshiliklarni va’da qiladi.

12. Muhtojlarga yordam bering.

Bir hadisi qudsiyda bunday deyilgan: “Ey, odam bolasi, sadaqa bering, shunda men sizlarga beraman”. Turmush tarzingiz yomon ahvolga tushib qolsa, uyingizdan baraka chiqib ketsa, nima qilasiz? Hayotingizni izga tushurib olishning eng yaxshi yo‘li sadaqa berishdir. Sadaqa bersangiz gunohlaringiz yuviladi, baraka keladi, yaxshiliklaringiz ko‘payadi. Balki biz xayr-sadaqa berish va uni Alloh ziyoda qilib qaytarishini yaxshi tasvirlab bera olmagandirmiz. Xohlasangiz o‘zingiz sinab ko‘ring!

13. Erta uyg‘oning.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday degan: “Alloh taolo ummatlariga ertalabki vaqtlarni barakali qilgan”. Erta uyg‘onish kuningizni barakali qilishda muhim o‘rin tutadi. Erta uyg‘onib, tahajjud namozini o‘qing, bomdod namozigacha o‘z ishlaringizni qilib oling, chunki bu soatlar juda barakali bo‘ladi. Shunda kun bo‘yi dam olishga vaqtingiz ham bo‘ladi.

14. Turmush quring.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi:

وَأَنكِحُوا الْأَيَامَى مِنكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِن يَكُونُوا فُقَرَاء يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِن فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o‘ta bilguvchi zotdir) (Nur surasi, 32-oyat).

15. Allohdan mag‘firat so‘rang.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Allohdan mag‘firat so‘rasa, har qanday tashvishdan qutulishi uchun yordam va kutilmaganda rizq beradi”.

Umid qilamizki, bu ro‘yxat sizga ishingizni barakali qilishda yordam beradi. Barchamizning uyimizdan baraka ketmasin, qilgan hamma yaxshi ishilarimiz barakali bo‘lsin! Omin!

 

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   1767   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.