Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Transmilliy tahdidlar va ogohlikka da’vat

28.07.2018   6855   2 min.
Transmilliy tahdidlar va ogohlikka da’vat
Xalqaro Press-klubning 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan maxsus sessiyasi mana shunday nomlandi.
 
Sessiyada Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa qator vazirlik va idora vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal ham ishtirok etdi.
 
O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga ko‘ra diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllari bilan kurashish bo‘yicha tashkiliy va amaliy choralarni kuchaytirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurash va jinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish rejalashtirilgan.
 
Joriy yilning iyun oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
 
O‘zbekiston Respublikasi BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish konvensiyasi va Odam savdosini oldini olish to‘g‘risidagi Protokolga (ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish) imzo qo‘ygan.
 
– Odam savdosi – transmilliy uyushgan jinoyatchilik hisoblanadi. Biz faqatgina global, mintaqaviy va milliy darajada hamkorlik orqali u bilan kurashishimiz mumkin. Ushbu sessiya O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyatning mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda odam savdosiga qarshi kurashish borasida hamkorlik qilish sa’y-harakatlarini muhokama qilish imkoniyatini berdi, – dedi Ashita Mittal. 
 
Biroq, afsuski, butun dunyoda odam savdosi qurboniga aylanayotgan insonlar soni kundan kun ortib bormoqda.
 
– Yurtimizda odam savdosi qurboniga aylanib qolayotganlarning ko‘pchilik qismini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Yurtimizda 6 oy ichida jami 60 dan ortiq odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat holatlari aniqlangan bo‘lib, shundan 161 ta kishi jabrlangan, – dedi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Murat Rayimov. 
 
– Bugun respublikamiz fuqarosi bo‘lgan 263 mingga yaqin ayollar chet elga uzoq muddatga chiqib ketgan. O‘tgan 6 oy ichida ularning 139 mingga yaqini o‘z uyiga qaytarildi. Birgina Samarqand viloyatida xorijga uzoq muddatga chiqib ketgan ayollar soni 117 mingdan ortiqni tashkil etadi, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Qo‘ziyeva.
 

 

I.Ahatova, O‘zA
HORIJDAGI YURTDOSHIM
Boshqa maqolalar

O‘kinmang! Alloh doimo esingizda, tilingizda bo‘lsin!

23.06.2025   1142   2 min.
O‘kinmang! Alloh doimo esingizda, tilingizda bo‘lsin!

"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).

"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).

"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).

"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).

"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).

"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).

"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).

"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).

Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".

Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.

Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.

"O‘kinma" kitobidan