Okapi – Markaziy Afrikaning tropik o‘rmonlarida, xususan, Kongo demokratik respublikasida yashaydi. Tanasining uzunligi 2 yarim metr, balandligi 1 yarim metr, vazni 230 kg atrofida.
Bu hayvon ko‘rinishidan otni eslatadi, oyoqlari va orqa tomonlarida zebranikiga o‘xshash chiziqlar, tanasining o‘rta qismi yovvoyi eshakka, boshi jirafanikiga o‘xshaydi. O‘zi jirafasimonlar oilasiga mansub. Bo‘yni jirafanikidan qisqaroq. Tanasining chiziqsiz joyidagi rangi to‘q jigarrang. Jirafaga o‘xshaydigan yana bir tomoni tilining uzunligidir. U uzun tili orqali yuzini yuvishi va daraxt barglarini yulib olib yeyishi mumkin.
Quloqlari katta bo‘lib, dushman xavfini uzoqdan sezishiga yordam beradi. Inson uchun zaharli bo‘lgan barglarni okapi yeya oladi.

Homiladorlik davri 440 kun atrofida bo‘lib, bolasi 14-30 kg oralig‘ida tug‘iladi va ona suti bilan oziqlanadi. Odatda bolasi 6 oy emadi. Ba’zan bu muddat 1 yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Urg‘ochisining tanasi erkagining tanasidan kattaroq. Tutqunlikda 30 yilgacha yashashi mumkin. Ammo tabiat qo‘ynida qancha yashashi ma’lum emas.
Bu hayvon fanga 1901 yilda ma’lum bo‘ldi. Britaniyalik Garri Jonston ismli tadqiqotchi, tabiatshunos Afrika qit’asida izlanish olib borgan paytda ushbu hayvonni kashf etgan. U bundan tashqari qushlarning 100 dan ortiq turini, sut emizuvchi va umurtqasiz jonzotlarni kashf etgan.
Hozirgi kunda dunyoning ko‘pgina davlatlaridagi hayvonot bog‘larida ushbu hayvonni uchratish mumkin.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَاللَّهُ خَلَقَ كُلَّ دَابَّةٍ مِن مَّاء فَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى بَطْنِهِ وَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى رِجْلَيْنِ وَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى أَرْبَعٍ يَخْلُقُ اللَّهُ مَا يَشَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
“Alloh hamma jonivorni suvdan yaratdi. Bas, ulardan ba’zilari qorni bilan yuradir, ba’zilari ikki oyoq bilan yuradir va ba’zilari to‘rt (oyoq) bilan. Alloh O‘zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir” (Nur surasi, 45-oyat).
Internet materiallari asosida
Nozimjon IMINJONOV
tayyorladi.
2026 yil 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va noib imomlar ishtirokida “Zakovat” intellektual bellashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va tafakkurini yanada boyitish, shuningdek, mustaqillik bayramini ma’naviy-ma’rifiy ruhda keng nishonlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan jamoalar Islom tarixi, fiqh, aqoid, ma’naviy-ma’rifiy hamda kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan savollarga javob berish orqali mantiqiy fikrlash, tezkorlik va bilimdonlik borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Yakunda Qarshi shahri va Nishon tumani vakillaridan iborat bo‘lgan jamoa eng ko‘p ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib hamda sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati