Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalomu alaykum. Yangi tug‘ilgan chaqaloq qulog‘iga azon aytilganida qay tarzda aytiladi? O‘ng va chap qulog‘iga alohida aytib chiqiladimi yoki bir marta aytiladimi?
Javob: Va alaykum assalom! O‘ng qulog‘iga azon, chapiga iqoma aytiladi. Bolani qibla tomonga tutib, avval o‘ng qulog‘iga azon, so‘ng chap qulog‘iga iqoma aytiladi.
Savol: Assalomu alaykum. Xavfli, urushadigan sport bilan shug‘ullanaman《MMA》 bu sport islom dinida mumkinmi? Odamlarga ozor yetkaziladigan boks va yana shunaqa sportlarga fikringiz qanday?
Javob: Va alaykum assalom! Islom odamlarning tanasiga emas, hatto qalbiga ozor beradigan ishlardan ham qattiq qaytaradi. Bizning fikrimiz emas, Islomning ko‘rsatmasi so‘raladi.
Savol: Assalomu alaykum. Domla men bir insonga sizga umuman sms yozmayman deb Allohning nomini tilga olib aytganman. Hozirga kelib afsuslanayapman, gapirgan gapimdan endi u inson bilan qanday muloqot qilsam bo‘ladi? U insonga faqat sms yozmayman deganman telefon qilib gaplashsam bo‘ladimi ?
Javob: Va alaykum assalom! Siz kimsizu, u odam kimligi bizga qorong‘u. Orada mahram-nomahramlik masalasi bor-yo‘qligi ma’lum emas bizga. Nomahram odam bo‘lsa, qasam ichmasangiz ham, sms yozish ham, telefon qilish ham mumkin emas. Ota-ona, aka-ukangiz bo‘lsa, qasamingizga tavba qilib, kafforot to‘lab, qayta sms yozish va telefonda ham aloqani tiklashingiz shart.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD