Muhtaram muftiy hazratlari,
Sizga, volidai muhtaramangiz Turdigul hoji onaning vafotlari munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi, xususan, o‘zim nomimdan chuqur ta’ziya izhor etaman. Hoji onaning vafotlaridan chuqur qayg‘uda ekanimni bildiraman.
Siz kabi olim, obid, boadab, ota-onani qadriga yetadigan farzandni tarbiyalab, onalik vazifalarini go‘zal tarzda, mukammal ado etib, yuzlari yorug‘ holda Yaratganning huzuriga rihlat qilgan onaxonimizning oxiratlari obod bo‘lsin.
Alloh taolo «Luqmon» surasida: «Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik» deb marhamat qiladi. Siz, marhuma onangizni xizmatlarini qilib, yaxshilikda bardavom bo‘lib, duolarini olib, baxtli farzand maqomini oldingiz, Alloh taolo volidangizga qilgan xolis xizmatlaringiz sabab, Sizni ikki dunyoda mukarram qilsin.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) muborak hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: «Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi – ko‘p miqdordagi nafl sadaqa¬ berishidan yaxshiroqdir» (Imom Termiziy rivoyati).
Albatta, sizdagi bu go‘zal axloqni shakllanishida mehribon marhuma volidangizning xizmatlari cheksiz bo‘lgani shubhasiz.
Alloh taolo poyi jannat – volidangizning barcha yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin.
Yana bir bor chuqur ta’ziyamizni qabul qilgaysiz!
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV
Kuni kecha 19 may kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi «Yunus ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish boshlandi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, Toshkent shahar tumanlari imom-xatiblari, otinoyilari, shuningdek, 2024 yilda hajga borgan ma’rifatparvar hoji ota va hoji onalar ishtirok etdi.
Ular turli sabablar bilan qiyin ahvolda qolgan xonadonlarga kirib, oila a’zolari bilan suhbatlashdilar, zarur maslahat va ko‘rsatmalar berdilar.
Tadbir yakunida "Yunus ota" masjidida bugungi sayyor yig‘ilish jarayoni yuzasidan suhbat bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati