Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2026   |   18 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:14
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2026, 18 Rajab, 1447

Samarqand gavhari

25.07.2018   7171   13 min.
Samarqand gavhari

Davlatimiz rahbari 2016 yil 18 oktyabrda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimida Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuida xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. 2017 yil 27 martda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi bilan bu tashabbus hayotga ko‘chdi.

Mohiyatan, globallashuv va texnokratik sivilizatsiya milliy va diniy qadriyatlarni o‘zining raqobatchisiga aylantirayotgan bir pallada yurtimizda islom dinining haqiqiy maqomini tushuntirib, targ‘ib qilib turuvchi bunday markazning yaratilishi O‘zbekistonning islom madaniyatida tutgan o‘rnini, milliy ta’lim-tarbiyaning asosi bo‘lgan an’ana hamda qadriyatlarimiz hayotbaxshligi va bardavomligini namoyon qiladi.

Shu munosabat bilan Payariq tumani Xartang qishlog‘ida joylashgan Imom Buxoriy majmuasida qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.

— Shavkat Miromonovichning viloyatimizda hokim bo‘lib ishlayotgan payt-laridayoq Imom Buxoriy majmuasi va buyuk ajdodlarimizning qadamjolariga ehtiromi bo‘lakcha edi, — deydi Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Xo‘jamqul Muhammadiyev. — Katta ishlar oldidan, paxta, g‘alla xirmonlari ko‘tarilganda, Navro‘z va Mus-taqillik bayramlari arafasida hamisha qadamjolarni ziyorat qilardi. Imom Buxoriy maqbarasi poyida viloyat keksalariga iftorliklar berilardi. Shavkat Miromonovich o‘sha paytlardayoq Imom Buxoriy hazratlari maqbarasini kengaytirish, yurtimizdagi qadamjolarni islom dunyosida Makkadan keyingi ulkan ziyoratgohga aylantirish, shu orqali mamlakatimiz shon-sharafini yanada ko‘tarishni orzu qilgan bo‘lsa, ajabmas.

Prezidentimiz xalqimizning buyuk ajdodimizga bo‘lgan hurmat-e’tiborini, g‘ururini amaliy harakatga, hayot va yashash tarzimizga aylantirmoqda. Shu bilan birga, Imom Buxoriy majmuasining qayta ta’mirlanishi, kengaytirilishi, obod qilinishi yurtimizning turizm salohiyatini tobora yuksaltiradi.

Dunyoda bir yarim milliard musulmon bor. Agar ana shu musulmonlarning yarmi sahih hadislarni to‘plab, islom dinining ikkinchi ishonchli manbasini yaratgan zot Imom Buxoriy hazratlarining xokipoylarini ziyorat qilishga kelsa, sal mubolag‘a qilib aytganda, hatto ostonamiz ham tilladan bo‘lib ketishi mumkin. To‘g‘ri, bu hozircha orzu. Mamlakatimizda buncha ziyoratchini qabul qilish bo‘yicha infrastruktura ham hali shakllanmagan. Biroq quvonarlisi, Prezidentimizning tashabbusida ana shu orzularni real voqelikka aylantirishdek azmu shijoat yotibdi. Imom Buxoriy majmuasi ozgina vaqtdan so‘ng nafaqat islomiy ilmning markazi, balki ulkan, beqiyos qadamjoga — tili, irqidan qat’i nazar, dunyoning barcha burchagidan sayyohlar oqib keladigan ziyoratgohga aylanadi.

Har qarich yerimiz muqaddas

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini yaratish tashabbusini ko‘tarib chiqar ekan, ikki muhim jihatga, birinchidan, “Samarqandning musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekanligi bilan dunyo sivilizatsiyasidagi mumtoz o‘rni” borligiga, ikkinchidan, buyuk muhaddisning “tabarruk maqbarasi joylashgan ushbu mintaqaga xos bo‘lgan alohida ma’naviy-ruhiy muhit” mavjudligiga e’tiborni qaratgandi. Bular dunyo musulmonlarining yurtimizga intilishini kuchaytirishi shubhasiz. Zotan, ziyorat faqat tomosha emas: u, eng avvalo, buyuklar ruhini his etish, ma’naviy-ruhiy muhitdan quvvat olish, ulug‘lar maqomi va tutumini, tiriklik va hayot haqida eng azaliy haqiqatni anglash, qalbni shu haqiqat bilan boyitishdir.

Gap shundaki, inson dahosi, zakovati bilan bunyod bo‘lgan obidalar, umrlarini insonni johillikdan, adashish va zalolatdan xalos qilishga sarflagan aziz-avliyolarning, mo‘tabar shaxslarning sag‘analari oldida buyuklik va oddiylik, mangulik va lahzalik, boqiylik va o‘tkinchilik, qudrat va ojizlik, boshqacha aytganda, hayotning chinakam mazmun-mohiyati, inson zimmasiga yuklangan ilohiy va azaliy vazifa bor bo‘yi bilan his etiladi.

Shuni faxr bilan ta’kidlash kerakki, dunyo sivilizatsiyasiga, ilm-faniga, umuman, bashariyatning ham ma’naviy, ham moddiy yuksalishiga beqiyos ulush qo‘shgan ajdodlar borasida tarix bizni saxiylarcha siylagan: har qarich yerimiz muqaddas, har qarich yerimiz ziyoratgoh. Buyuk ajdodlarimiz xalqimizning orzu-maqsadini, quvvat-qudratini, tafakkur ko‘lamini, ma’naviy olamini, did-saviyasini, tutum va madaniyatini namoyon qiladiki, ularning zakosi va aql-idrokiga qarab, dunyo biz bilan hisoblashadi, bizga baho beradi. Biz bugungi din niqobidagi zalolatga, razolatga aynan ana shu ajdodlar yo‘li va tutumi, hikmati bilan oziqlanib, qarshi kurashamiz. Bu kurashda ular bizning qurolimiz, dalilimiz, bayrog‘imiz bo‘ladi. Prezidentimizning yurtimizda ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani zamirida ham ana shu ezgu maqsadlar mujassam.

Qadriyatlar majmuasi

— Yurtboshimiz majmua atrofida ziyoratchilar uchun zamonaviy, barcha talabga javob bera oladigan infratuzilma yaratish haqida aniq topshiriqlar bergan, — deydi Samarqand viloyati bosh arxitektori Norqul Sodiqov. — Ana shu ko‘rsatmalar, g‘oyalar asosida bosh reja ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 122 milliard so‘m bo‘lgan qurilish-ta’mirlash ishlari bugun avj pallada. Jami 60 gektar maydonda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, hadisshunoslik maktabi, maktab tinglovchilari uchun yotoqxona, oshxona, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari, ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari uchun har biri 18 xonadonli 3 ta uch qavatli turarjoy, Oqdaryo — Qo‘lbosti avtomobil yo‘li bo‘yida milliy ko‘rinishdagi 2 qavatli 62 ta kottej qurilmoqda.

Bosh rejaga ko‘ra, qariyb bir kilometrlik xiyobon yaratiladi, xiyobon bo‘ylab 26 ta mehmonxona bunyod etiladi. Majmuaga me’moriy uyg‘unlik bilan quriladigan besh yulduzli 27-mehmonxona xiyobon oxirida — majmuaga peshma-pesh qad ko‘taradi. Xiyobonda sharqona usulda barpo qilingan dam olish, nafas rostlash gumbazlari ostida allomaning bizgacha yetib kelgan 6 ta kitobining monumental maketlari o‘rnatiladi. Sayyohlar mehmonxonadan majmua binosiga kelguncha shu gumbazlarning o‘zidayoq muhaddis-olim yaratgan kitoblarning mazmun-mohiyati bilan tanishib, hazratning xokipoyiga ma’lum bir ma’lumotlar, tushunchalar bilan qadamranjida qiladi.

Majmua qayta qurilishi munosabati bilan hududdagi 164 ta turarjoy va 30 ta noturarjoy bino boshqa hududga ko‘chirildi. Endi majmuaga kelgan ziyoratchilar uchun avtomobillarini bemalol joylashtirish, saqlash imkoni tug‘ildi. Har bir mehmonxona oldida milliy intererli choyxonalar joy oladi. Shu bilan birga, ziyoratchilarga kechayu kunduz xizmat qiluvchi 2 ta supermarket, amfiteatr, dehqon bozori, hammom, 2 ta tahoratxona, milliy hunarmandlik buyumlari va yodgorliklar sotiladigan qadim Sharq do‘konlari ko‘rinishidagi 16 ta savdo shoxobchasi, restoran, bolalar o‘yin maydonchasi, minibank va boshqa zarur infratuzilmalar bunyod etiladi. Majmua oldidan o‘tuvchi Oqdaryo — Qo‘lbosti avtomobil yo‘li oltita mashina sig‘adigan darajada kengaytirilib, Xartang qishlog‘ini 5 kilometr masofada aylanib o‘tadi. Umuman olganda, bu yerdagi barcha bunyodkorlik faqat ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida qilinmoqda. Majmuaning hozirgi bir qavatli binosi ikki qavat qilib, qayta quriladi. Shunga mos ravishda uning kirish qismidagi 17 metrlik gumbaz 30 metrdan baland qilib ko‘tariladi. Bu majmuaga uzoq-uzoqlardan o‘ziga xos salobat, mahobat bag‘ishlab turadi.

— Ayni paytda majmua maqbarasining poyi ochiq ayvondan iborat, — deydi Imom Buxoriy majmuasi kengashi raisi Dehqon Ermamatov. — Bu qish-qirovli kunlarda ziyoratchilarga ma’lum bir qiyinchilik tug‘dirardi, sovuqlik qilardi. Endi esa maqbaraning yon tarafida qishda issiq, yozda salqin bo‘ladigan keng zal, bolalar va ayollar xonasi qurilyapti. Hammasidan ham quvonarlisi, eski masjid kengaytirilib, ro‘parasida yana bir masjid qad ko‘taradi. Pirovardida har ikkala masjidda bir vaqtda uch mingdan ortiq kishilar namoz o‘qish imkoniga ega bo‘ladi va shu jihati bilan O‘zbekistondagi eng yirik masjidlardan biriga aylanadi. Bundan tashqari, majmuada “haj poligoni” ham barpo etilmoqda. Bu “poligon”da Hiro tog‘i, Ka’ba maketlari quriladi va hajga boruvchilar bilan haj paytida qayerdan, qanday harakatlanish kerak, ibodatlarni qanday amalga oshirish zarurligi haqida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu esa yurtdoshlarimizning haj ziyoratini osonlashtiradi.

Bir-biriga xalaqit bermaydigan ikkitadan kirish va chiqish yo‘laklari barpo etilmoqda. Butun majmuada isitish va sovitish vositalari to‘liq zamonaviylashtirilyapti. Ziyoratchilarga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi tadqiqotchilari yo‘lboshchilik, tarjimonlik qiladi. Bu ziyoratchilarning buyuk muhaddis hayoti, ta’limoti, u to‘plagan hadislar hikmatini tushunib olishda, dinni buzib talqin qiluvchilardan farqli o‘laroq, islom dinining haqiqiy tinchlikparvar, insonparvar mohiyatini anglashda qo‘l keladi.

Qisqasi, Imom Buxoriy majmuasi yuz minglab sayyohlarni qabul qila oladigan, qurilishi, infratuzilmasi bilan dunyo standartlariga mos kompleks qiyofa kasb etmoqda. Nafsilamrini aytganda, Imom Buxoriy majmuasi va uning hududiy inshootlarini yaxlit holda “ziyorat shaharchasi” desa bo‘ladi.

Najot — ilmda

Bugungi kunda yoshlarning aksariyati aqidaparast, yot g‘oyalarga ergashib qolayotgani ularda islomiy bilim va diniy tasavvurlarning bir yoqlamaligidan kelib chiqayotgani sir emas. Aynan shuning uchun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali boy merosini o‘rganish, yoshlarda ilm-fanga va ta’lim olishga intilish tuyg‘usini kuchaytirish, islomiy qadriyatlarni to‘g‘ri anglatish, muqaddas dinimizning haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish vazifalari yuklatilgan. Bu boradagi ishlarni samarali bajarish uchun markazda barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratiladi. Hozirgi kunda markazning yangi zamonaviy binosi qurib bitkazilib, ichki ta’mirlash ishlari davom etkazilayotir.

— Markaz inshootlarining loyihasidan tortib, ularning hayotiy ro‘yobini ta’minlashgacha Prezidentimiz nazari va e’tiborida, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. — Bino to‘lig‘icha zamonaviy jihozlanadi, markazning o‘zida turib, dunyoning xohlagan ilmiy markazi bilan bog‘lanish, hamkorlik qilish imkoniyati yaratilmoqda. Binoning ichida anjumanlar, forumlar uchun konferensiyalar zali ham qurilgan. Markazga yondosh hadisshunoslik maktabi qad rostlagan. Bularning hammasi bir niyatni ko‘zlab — yoshlarga, keng aholiga islom dinining mazmun-mohiyatini tushuntirib berish uchun qilinmoqda. Umuman olganda, markaz din niqobidagi jaholatga, diniy badbinlikka, diniy xurofot va johillikka qarshi diniy ilm bilan kurash markaziga aylanadi.

Ilgari jaholatga qarshi faqat qog‘ozlar, tadbirlar, majlislar orqali kurashilardi. Prezidentimiz endi din niqobidagi jaholatga qarshi ilm bilan, fikr bilan kurashishga chorlayapti. Jaholatga qarshi fikr, ilm eng samarali vosita ekani allaqachon isbotlangan. Hozir bizda diniy aqidaparastlarga qarshi mustahkam, asosli qurol bor. Ilmiy-tadqiqot markazi endi har qanday diniy buzg‘unchilikka ilmiy zarba bera oladi. Bu esa adashayotgan yoshlarni saqlab qolish, degani.

Ziyorat turizmi istiqboli

Imom Buxoriy shaxsi islom dunyosida beqiyos. Nomini bilmagan musulmon deyarli yo‘q. Uning xizmatini barcha muslim e’tirof etadi va umrida bir marta bo‘lsa ham hazrat sag‘anasini ziyorat qilishni istaydi.

Ziyorat turizmining kuchayishi mamlakatimizning moddiy salohiyatini yanada oshiradi. Mutaxassislar fikricha, agar birgina Imom Buxoriy majmua shaharchasi yiliga 100 — 150 ming xorijlik sayyohlarni qabul qilsa, ulardan tushadigan mablag‘ taxminan 300 — 400 million dollarni tashkil etishi mumkin. Qayta ta’mirlanayotgan majmuaga hozirdanoq yurtimizga qo‘shni mamlakatlardan tashqari Saudiya Arabistoni, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston davlatlarining sayyohlik kompaniyalari katta qiziqish bildirayotgani bu boradagi raqamlar shunchaki taxminlar emasligini oydinlashtiradi.

— Imom Buxoriy majmuasi yurtimizda sayyohlar uchun bir ziyorat joyining o‘zida barcha infratuzilma yaratilgan birinchi ziyorat shaharchasi bo‘ladi, — deydi Samarqand viloyati turizm masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarining kotibiyat mudiri Aziz o‘afurov. — Majmua to‘liq qayta qurilib va ta’mirlanib bo‘lgach, biz ichki va tashqi turizmning katta oqimini qabul qila boshlaymiz. Xususan, Malayziyaning o‘zidan yiliga 100 ming sayyoh kelishi kutilmoqda. Bu borada ular bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xursand qiladigan joyi shundaki, malayziyaliklar hatto hajdan oldin Imom Buxoriy maqbarasini doimiy ziyorat qilish istagida. Gap shundaki, Malayziyadan bir yilda ikki yarim million musulmon hajga boradi. Biz shuncha ziyoratchini qabul qiladigan darajaga yetsak, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ziyorat turizmining kelajagi qanchalar porloqligini tasavvur qilavering! Qisqasi, Samarqand Sharq sayqali bo‘lsa, Imom Buxoriy majmuasi foydalanishga topshirilgach, Samarqand gavhariga aylanadi.

 

Nazar ESHONQUL,
yozuvchi.
Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ulamolarni yaxshi ko‘rish ham diyonatdandir

21.12.2025   1532   4 min.
Ulamolarni yaxshi ko‘rish ham diyonatdandir

Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar Alloh taolo huzurida eng sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksak zotlar hisoblanadi. Ko‘plab hadis va asarlarda ularning qadamlari ostiga farishtalar qanot yozishlari, yeru osmondagi barcha mavjudotlar hatto suv ostidagi baliqlar ham istig‘for aytishlari aytib o‘tilgan.

Shunday ekan ulamolarni qadrlash va ehtirom qilish shar’an vojib amallardandir. Zero ulamolar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. anbiyolar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Alloh taolo Qur’oni karimning“Mujodala” surasida marhamat qilib “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”degan bo‘lsa, “Zumar” surasida: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” degan (9 oyat). Ya’ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo‘lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim. 

Ammo afsuski keyingi paytda internet va ijtimoiy tarmoqlarda buyuk ajdodlarimizning pok nomiga turli nomlar bilan loy chaplamoqchi bo‘layotganlar uchramoqda. “Ular qozongan muvaffaqiyatlarini go‘yoki islomdan emas, yunonlar va boshqalardan o‘rganishgan”, deya nafaqat O‘rta Osiyo xalqlari, balki butun dunyo faxrlangan shaxsiyatlarni bemalol ayblash va ularni haqorat qilishga jur’at qilayotgani nihoyatda achinarli holdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Alloh taolo “Kim menga yaqin bo‘lgan bir bandamga nisbatan dushmanlik qilsa unga qarshi urush e’lon qilurman” dedi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisni izohlab imom Abu Hanifa va imom Shofe’iy (r.a.) “agar ulamolar Allohga yaqin bo‘lishmasa kim ham u zotga yaqin bo‘lardi?!” deyishgan.
Alloh taolo “Hujurot” surasida shunday marhamat qilgan: “Ey, mo‘minlar! Ko‘pgumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz...!”

Ushbu oyati karimaga yaxshiroq e’tibor qilsak, Alloh taolo bizlarni turli asossiz gumonlardan, insonlarni ayblarini qidirib yurishdan va shu bilan bir qatorda odamlarni ortlaridan g‘iybat qilishdan qaytarmoqda. Oyatda g‘iybat qilgan kishini o‘z birodarini o‘lganidan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar manfur amal ekani ta’kidlanmoqda. Bir musulmon kishi boshqa bir musulmonni ortidan g‘iybat qilishi shu darajada razil bo‘lsa olimlarni g‘iybat qilishni qanday baholash mumkin?!

Mashhur muhaddis olim Abul Qosim ibn Asokir ilm ahllariga odobsizlik qilgan kishiga nasihat qilib, shunday degan “bilginki, ulamolarning go‘shtlari zaharlidir. Kim biror olimni haqorat qilsa Alloh taolo uning o‘limidan avval qalbini o‘limi bilan baloga giriftor qiladi”. Ya’ni ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilib, ular yo‘qliklarida ortilaridan gapirgan kishi go‘yo zaharli go‘sht yegandek bo‘ladi. Uning bu qilgan ishi sababli Alloh taolo uning o‘zidan avval qalb ko‘r qilib qo‘yadi. 

Alloma ibn Najjorning “tarix”ida Qozi imom Abu Toyyibdan qilingan sahih rivoyatda shunday voqe’ni keltiriladi “Biz Bag‘doddagi jome’ masjidda o‘tirgan edik. Bir xurosonlik yosh yigit kelib, olimlardan bir masala haqida so‘rab dalilini talab qildi. Shunda unga so‘ragan masalasini javobini aytib Abu Huraya raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ushbu masalaning dalili ekanini aytildi. Yigit: “Abu Hurayra hadisi hujjat bo‘ladigan odam emas” dedi. U gapini tugatib bo‘lmasdan “jome’” shiftidan katta bir qora ilon tushdi. Bu holatni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketib, har tomonga qocha boshlashdi. Ilon ayni o‘sha yigitni ta’qib qilardi. Shunda yigitga qarata “hozir aytgan gapingdan tavba qil” deyildi. U shoshganicha “tavba qildim” degan edi ilon hech qanday iz qoldirmay ortiga qaytib ketdi”. Ushbu hikoyani keltirgan mashhur muhaddis olim ibn Saloh “ushbu rivoyat ishonchli sanad bilan sobit bo‘lgan bo‘lib, rivoyat qilganlarni barchasi ishonchli kishilardir” degan.

Yuqoridagi keltirilgan va undan boshqa ko‘plab shar’iy dalillardan xulosa qiladigan bo‘lsak insonlarni, ayniqsa, ilm ahllarini haqorat qilish, ortlaridan g‘iybat qilish, odamlar o‘rtasida obro‘sizlantirishga urinish shar’an harom amaldir. Aksincha ularni qadrlash, hurmat qilish, nasixatlariga quloq tutish esa marg‘ub va matlubdir. Har bir inson qo‘lidan kelganicha ularga nisbatan samimiy bo‘lishga, o‘zaro mehr-muhabbat asosida muomalada bo‘lishga harakt qilishi lozim. Zero xazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek “Ulamolarni yaxshi ko‘rish ham diyonatdandir”. 

Muslim.uz

MAQOLA