Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning har bir aytgan so‘zlari, qilgan ishlari ulkan foyda va hikmatlarga to‘ladir. Quyida nabaviy hadislardan olingan ilmiy haqiqatlarni ko‘rib chiqamiz.
Yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, uxlash paytida chiroqlarni yoniq qoldirish inson miyasi ichidagi tiriklik hujayralariga salbiy ta’sir etib, turli iztiroblarga sabab bo‘lar ekan. Qolaversa, bu hol insonning ko‘rish qobiliyatiga ham yomon ta’sir qiladi. Shuning uchun olimlar jism va miya salomatligini o‘ylab, kechqurun yotishdan oldin chiroqlarni o‘chirishni tavsiya qilishadi. Olimlar 21-asrda tavsiya qilayotgan narsani Nabiy sollallohu alayhi vasallam 14 asr oldin aytib qo‘yganlar. U zot alayhissalom “Agar uyquga yotsangiz, chiroqlaringizni o‘chiringlar!” deganlar. Shu hadisning o‘zi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning haq Payg‘ambar ekanliklariga dalil emasmi?!
Olimlarning aytishicha, insonning turli kasalliklardan saqlanishida poklikning katta o‘rni bor. Jismning pok holda, turli mikrob va bakteriyalardan xoli vaziyatda bo‘lishi kishining teri, og‘iz, yuz, qo‘l kasalliklaridan saqlanishiga sabab bo‘ladi. Og‘iz orqali tanaga kirib, nafas olish va hazm qilish a’zolarining kasallanishiga sabab bo‘luvchi mikroblar ham pok yurish, tahorat qilish orqali yo‘q bo‘ladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Poklik iymonning yarmidir” deganlar.
Ma’lumki, insonning bavlida bir qancha zararli bakteriyalar bo‘lib, ular suv orqali boshqa insonga o‘tish xususiyatiga ega. Suvga, xususan, oqmasdan, bir joyda to‘planib turgan suvga bavl qilish vabo, ich terlama, qorin tifi, poliomiyelit (bolalardagi falajlik) kabi kasalliklarga sabab bo‘ladi. Ommaviy cho‘milish joylarida cho‘milganlar shunday kasalliklarga yo‘liqishi ko‘p kuzatilgan. Allohning izni bilan, pokiza, kasalliklarsiz, zararli mikroblarsiz hayot kechirishimiz uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam ummatlarini suvga bavl qilishdan qaytarganlar. Jobir roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhivasallam oqmas suvga bavl qilishdan qaytardilar”, deganlar.
Uyqudan turgandan keyin avvalo ikki qo‘lni yuvish qo‘lga yopishgan mikroblarning ketishiga, qo‘lda to‘plangan yog‘, ter qoldiqlarining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bugungi davr olimlari ko‘plab kasalliklardan saqlanish uchun inson ikki qo‘lini yuvishi muhimligini ta’kidlamoqdalar. Qolaversa, inson uxlayotgan paytda qo‘llari qayerda turganini, nimalarni ushlaganini bilmaydi. Uyqudan turgan zahoti qo‘llarni yuvish esa sog‘lik sari bosil muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Mana shu o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan gaplari qanchalik muhim ekani ma’lum bo‘ladi. U zot sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan biringiz uyqusidan tursa, to qo‘llarini uch marta yuvmaguncha idishga kiritmasin” deganlar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Uyqudan turgan odam uchun qo‘llarini yuvish muhimligini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kim xabar berdi ekan?! Albatta, u zotga Alloh taolo xabar bergandir!
Bavl qilgandan keyin istinjo qilish, ya’ni bavl o‘rnini yuvish poklik va salomatlik uchun eng muhim omillardandir. Bugungi kun tibbiyoti bavl va najosat o‘rnini suv bilan tozalash, yuvish insonning turli tanosil kasalliklaridan saqlanishiga sabab bo‘lishini baralla aytmoqda. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu ishni o‘z ummatlariga o‘n to‘rt asr oldin aytib qo‘yganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xaloga kirsalar, men va bir g‘ulom idishda suv va nayza ko‘tarib olardik”. Buxoriy va Muslim rivoyati. Bundan tashqari har bir musulmon odam har juma g‘usl qilishi lozimligi hadislarda aytilgan. Bu insonning teri kasalliklaridan omonda bo‘lishiga, terining oson nafas olishiga va yomon hidlardan xalos bo‘lishiga bois bo‘ladi.
Keksalik inson umrining tabiiy nihoyasidir. Ayrimlar keksaygandan keyin ham umrini yanada uzaytirib, buning uchun turli uslublarni qo‘llaydi. Inson keksalikni davolab, yanada uzoqroq yashash uchun har qancha pullarni sarf qilmasin, baribir foydasi yo‘q. Chunki, keksalikning davosi yo‘q. Bu esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan o‘n to‘rt asr oldin ishora qilgan narsadir. U zot alayhissalom “Ey, Allohning bandalari, davolaninglar! Chunki, Alloh qaysi kasallikni tushirgan bo‘lsa, uning shifosini ham tushirgandir. Faqat bitta kasallik – keksalikning davosi yo‘q” deganlar. Imom Ahmad rivoyati.
Shifokorlar aytishicha, insonning o‘sishi 20 yoshdan keyin to‘xtar ekan. Shu paytda tananing buzilgan qondan xalos bo‘lishi qiyin kechadi. Qondagi zaharli moddalar (toksinlar) tananing orqa qismida yig‘ilib qoladi. Odatda insonning kam harakat qiladigan qismi orqa tarafidir. Bu to‘planish esa qonning tanada erkin harakat qilishiga xalal beradi. Shuning uchun bunday paytda qon oldirish tavsiya etiladi. Hijoma qildirish paytida tanadagi zahar bilan to‘yingan, buzilgan qon chiqib ketadi. Bu tavsiyani bundan o‘n to‘rt asr oldin Nabiy sollallohu alayhi vasallam berganlar. U zot alayhissalom “Sizlar qila oladigan davo muolajalarining eng yaxshisi – bu hijoma (qon oldirish)dir” deganlar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Insonlar orasida tarqaladigan vaboning eng namunali muolajasi – kasallangan odamlarni boshqalardan ajratib, alohida xonada saqlashdir. Vabo va boshqa kasallikka chalinganlar bir muddat alohida xonada parvarish qilinsa, idish, sovun, sochiq kabi shaxsiy gigiyenik narsalar boshqalarnikiga aralashtirilmasa, kasallikning muolajasi osonlashadi. Buni hozirgi zamon tili bilan aytganda karantin deyiladi. Bu haqiqatni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan o‘n to‘rt asr oldin aytib qo‘yganlar. U zot alayhissalom “Agar bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Agar o‘zingiz turgan joyga vabo kelsa, u yerdan qochib chiqib ketmanglar!” deganlar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Shu hadisning o‘ziyoq Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning haq rasuli ekanliklariga dalil emasmi?!
Izlanuvchilar sajdada juda ham ko‘p foydalar borligini kashf etishdi. Sajda qilish inson tanasidagi qonning tomirlarda aylanishini faollashishiga, miyaga yetarlicha qon va kislorod yetib kelishiga sabab bo‘lar ekan. Bu esa insonning o‘zini yengil, tetik, ruhan xotirjam his qilishiga olib keladi. Sajda qilgan inson Robbisiga yaqin bo‘layotganini sezadi. Dilidagi g‘amlari ariydi. Chunki, Alloh taolo O‘ziga sajda qilgan bandasining barcha g‘amlarini ketkizib, o‘rnini xotirjamlikka to‘ldiradi. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam u zot bilan jannatda birga bo‘lishni so‘ragan sahobaga “Bu tilaging amalga oshishi uchun ko‘p namoz o‘qib menga yordam ber. Chunki sen Allohga har sajda qilganingda, Alloh taolo u sababli sening darajangni bir pog‘ona ko‘taradi va shu sababli sening bir gunohingdan o‘tadi” deb javob berganlar.
Olimlarning ta’kidlashicha, tishlarini muntazam ravishda yuvib yurgan insonning xotirasi kuchli bo‘lar ekan. Tishlarni yuvganda og‘izdagi immunitet tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mikroblar ketadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ummatimga mashaqqat qilib qo‘ymaganimda, ularni har namoz paytida misvok qilishga buyurgan bo‘lardim” dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Ha, azizlar! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan har bir hadislarida olam-olam hikmatlar, foydalar bor. U zot alayhissalom aytgan narsalar bugunga kelib ilmiy haqiqatlar sifatida kashf etilmoqda va butun dunyoda unga amal qilishga targ‘ib qilinmoqda. Shuning uchun sevikli Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning qilgan va qilishga buyurgan har bir buyruqlariga biz ummatlari itoat qilsak, Allohning izni bilan, dunyoda ham, oxiratda ham baxtu saodatga erishamiz.
Maqola muallifi: Abduddoim Kahel
Tarjimon: Nozimjon Iminjonov
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati