Madinai munavvara shahridagi haj masalalalari bo‘yicha faoliyat olib boruvchi “Adillo” milliy muassasasi ma’lumotiga ko‘ra, shu kunga qadar Haj ibodatini ado etish uchun Madinai munavvaraga kelgan ziyoratchilar adadi 162.159 kishiga yetdi.
Jumladan, Indoneziyadan 34965 kishi, Pokistondan 21585 kishi, Hindistondan 38318 kishi, Turkiyadan 25267 kishi, Afg‘onistondan 10518 kishi yetib kelgan. Madina shahridagi “Adillo” milliy muassasasi rahbari Hatim Balining aytishicha, muassasa tomonidan zulqa’da oyining boshidan to 1440 hijriy sanadagi 15 muharram kuniga qadar Madinai munavvaraga tashrif buyuradigan 1 800 000 (bir million sakkiz yuz ming) kishini qabul qilish va hojilar uchun eng yaxshi xizmatlarni ko‘rsatish uchun Saudiya Arabistoni podshohi ko‘rsatmalariga muvofiq, barcha tayyorgarlik choralari ko‘rilgan.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.