Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Haj – har bir musulmonning orzusi

23.07.2018   8060   6 min.
Haj – har bir musulmonning orzusi

Haj har bir musulmonning orzusidir. Chunki u sababli kishi onadan qayta tug‘ilgandek gunohlaridan poklanadi. Dunyodagi musulmonlar birdamligiga guvoh bo‘ladi va olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli Payg‘ambarimizni (s.a.v)ziyorat qilish baxtiga musharraf bo‘ladi.

Darhaqiqat, Ka’batulloh haqida so‘z ketganda mo‘min-musulmonlar qalbini iliq bir tuyg‘u qamrab olishi bejiz emas, albatta. Chunki Ka’ba, Alloh taoloning muqaddas uyi va Odam alayhissalomdan to qiyomatgacha keladigan musulmonlarning qiblasidir.

Rasululloh (s.a.v) marhamat qiladilar:

“Islom besh narsa ustiga barpo qilindi:

“Allohdan o‘zga iloh yo‘q va albatta Muhammad (s.a.v) Allohning elchisidir” – deb guvohlik bermoqlik;

Namozni barpo qilmoqlik;

Zakotni ado etmoqlik;

Ramazon ro‘zasini tutmoqlik;

Baytullohni haj qilmoqlik.

Yuqoridagi oyati karimalar va hadis sharifdan ma’lum bo‘ladiki haj, Islom arkonlaridan biri ekan. Bas yo‘lga qodir musulmon, umri davomida bir marotaba haj ibodatini amalga oshirishi bilan Islom arkonlaridan birini ado etgan sanaladi.

“Haj” so‘zi lug‘aviy jihatdan (biror ishni) qasd, maqsad qilmoq ma’nosida, shar’iy iste’lohda esa, maxsus amallarni ma’lum bir joyda, muayyan vaqtda ado etishni qasd qilishdir.

Maxsus joy Ka’batulloh va Arofat, muayyan vaqt esa haj mavsumi ya’ni Shavvol, Zulqa’da va Zulhijja oyining ilk o‘n kuni va maxsus amal esa Baytullohni tavof qilish hamda Arofatda turishlikdir.

Zero, insoniyatga hayot qiyinchiliklarini yengillashtirib bergan Islom, qodir bo‘lgan kishilarga umri davomida bir marta haj qilmoqliklarini farz qildi. Alloh taolo hajni farz qilganida Rasululloh(s.a.v)dan “Har yili haj qilamizmi?” deb so‘ragan kishiga: “Haj bir marta, kimiki ziyoda qilsa u qo‘shimchadir” deb marhamat qildilar.

Boshqa ibodatlar singari haj ibodati ham, Rasululloh(s.a.v) ta’limotlariga muvofiq bo‘lsagina bu ulug‘ safardan ko‘zlangan maqsadga yetiladi. Rasululloh (s.a.v):

“Manosiklaringizni mendan olingizlar” ya’ni hajda qanday ibodat qilish tartib qoidalarini mendan o‘rganingizlar – deb marhamat qildilar.

Albatta bu ulug‘ ibodat faqat Yaratganning roziligi uchun bo‘lmoqligi lozim. Riyo va gunohlardan xoli, saxiylik hamda husni xulq ila ixlos bilan amalga oshirilgan haj – “hajji mabrur” deb ataladi. Bunday haj xususida Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday marhamat qiladilar:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabi (s.a.v) dedilar:

“Hajji mabrurning mukofoti faqatgina jannatdir. Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir.”

Agar bu ibodat riyokorlik, ho‘jako‘rsin va odamlar eshitsin uchun bo‘lsa, unday qilingan hajdan egasiga Allohning huzurida nasiba yo‘qdir. Alloh taolo hadis qudsiyda shunday marhamat qiladi:

“Men sheriklarning sherikchiligidan behojatman. Kimki bir amalni Menga birovni sherik qilgan holida qilsa, uni ham, sheriklik qilgan narsasini ham tark qilaman”.

Payg‘ambar (s.a.v) muborak hadis shariflarida, haj davrida gunohlar va fisqu fasod ishlardan tiyilib, haj amallarini ado qilgan kishilarning onadan qayta tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lishlarini xushxabarini berdilar:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabi (s.a.v) dedilar: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi.”

Darhaqiqat haj, inson hayotida yaxshilik sari tubdan burilish yasaydigan jarayon. Buning uchun esa kishi o‘zini o‘zi boshqara bilishi, oldingi gunoh ishlarni tark qilishi hamda savob ishlarga haris bo‘lmog‘i lozim. Alloh uni O‘zining fazli, marhamati bilan onadan qayta tug‘ilgandek gunohlaridan poklagandan so‘ng, bu ne’matni qadriga yetib, Vatanga qaytgandan keyin ham, go‘zal axloqda barchaga namuna bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Zero musulmonlar barcha yaxshi ishlarda peshqadam bo‘lmoqlari va xususan hajni niyat qilgan azizlarimiz quyidagi safar odoblariga rioya qilmoqlari maqsadga muvofiqdir:

Haj va umrani niyat qilgan kishi avvalambor bu ulug‘ safardan Alloh taoloning roziligini maqsad qilmog‘i hamda riyokorlik, odamlar eshitsin kabi illatlardan o‘zini poklamog‘i lozim;

Safar oldidan kishi, o‘zining vasiyat, qarz oldi berdilari va omonatlarini yozib qoldirmog‘i mustahab amallardan sanaladi;

Gunohlariga qattiq tavba qilmoqlik va ularni hech qachon qayta qilmaslikka niyat qilmoq;

Kishilarning unda haqlari bo‘lsa yoki ularga nohaqliklar qilgan bo‘lsa, haqlarini egalariga qaytarish, zulm qilgan kishilaridan esa, ularning avf etishlarini so‘rashlari lozim;

Alloh taolo faqatgina halol mollardan qilingan nafaqalarnigina qabul qilishini e’tiborga olib, hajga boradigan nafaqalarini ham faqat haloldan to‘plashlari lozim;

Barcha gunohlar, jumladan til va qo‘ldan sodir bo‘ladigan chaqimchilik, g‘iybat, bilmagan narsasini gapirish, atrofidagilarga qo‘pollik qilish, haj va umrani ado etayotganlarni noqulay ahvolga solib qo‘yish kabilardan saqlanish lozim. Atrofdagilarga nisbatan rahm shafqatli, mehribon va xushmuomalali bo‘lish musulmon kishining fazilatidandir;

Haj va umrani niyat qilgan kishi, haj va umra amallari qanday bajarilishini yaxshi bilib olmoqlari kerak;

Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi farz va vojib amallarni to‘liq bajarmoqlikka jiddu-jahd qilmoqlari, xususan namozlarni o‘z vaqtida jamoat bilan ado qilish, zikr, duo, tilovati Qur’on va istig‘forlar aytish, yordamga muhtoj kishilarga yordam ko‘rsatish kabi ishlarni qilmoqlari tahsinga loyiq ishlardandir;

Safar davomida solih va bilimdon hamrohlar bilan birga bo‘lmoqlik ham mustahab amallardan sanaladi;

Safarga otlangan kishilar go‘zal xulqlik bo‘lishga va odamlar bilan xushxulqlik ila muomala qilishga e’tibor berishlari lozim. Bu esa o‘z – o‘zidan sabr qilish, avf etish, muloyimlik, mehribonlik, halimlik, kamtarinlik, shoshqaloqlik qilmaslik, sahovatli bo‘lish, adolatli va omonatdor bo‘lish kabi xislatlarni o‘z ichiga oladi;

Safarga otlangan kishi o‘z oilasini Allohdan taqvo qilishga chaqirmog‘i lozim. Chunki bu, Alloh taoloning bandalarga bergan ko‘rsatmasi;

Safarga otlangan kishi Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan vorid bo‘lgan duolarni yodlab olmoqligi mustahab amallardandir.

Dinimiz, Vatanimiz va xalqimizning birdamligi, farovon-osoyishtaligi va tinchligini so‘rab duo qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni Alloh o‘zining panohida asrasin! Hajni niyat qilgan vatandoshlarimizning ham hajlarini, hajji mabrurlardan qilsin!

 

Anvarjon MIRZAYEV

Mingbuloq tumani

 “Shoxijalil” jome masjidi

 imom-xatibi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   295   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari