Bir insonga ko‘p izzat-hurmat va boylik berildi. U o‘z jigarlari va yaqinlariga qo‘ldan kelganicha yordam berardi. Ayniqsa, kenja ukasiga ko‘p yordam qildi. Chunki aka otaning pandiga quloq solib, qiyinchiliklar evaziga ko‘zlagan maqsadiga erishayotgandi. U oqibat nimaligini yaxshi bilardi. Hech vaqt ota-onasining so‘zini ikki qilmasdi. Ammo uka akasiga hasad qilar, zimdan akasining savdosiga ko‘z olaytirib, do‘kondagi mollaridan o‘marardi. Borib-borib ukaning sirlari ochildi. Aka ota-onaga shikoyat qildi. Ular ukaga qattiq tanbeh berib, ko‘p nasihatlar qildi. Uka bu ishni qaytarmaslikka va’da berib, akadan ming bor uzr so‘radi. Ammo akaga nisbatan hasadi tinchlik bermasdi. Yana xiyonat yo‘liga o‘tdi. Aka-uka o‘rtasida nizo chiqdi, o‘rtada oqibat o‘ldi. Yomon nafs g‘olib bo‘ldi, shayton xursandchilikdan nog‘ora chaldi. Bunga qo‘shimcha uka uyalmasdan akasiga:
– Men senga hasad qilaman, nima uchun sen omadlisan? Nimaga senga beriladi-yu, menga esa yo‘q?! – dedi yuzsizlarcha sensirab.
– Chunki senda insof yo‘q! Sabr-qanoat, shukr va oqibat yo‘q! Sening qalbingni hasad kemiradi. Ota-onamizning aytganlarini qilib, sadoqat bilan ishlaganingda qo‘limdan kelgan hamma yordamni qilmoqchi edim. Afsuski, sen xiyonat yo‘lini tanlading, nafsingga qul bo‘lib, o‘z jigaringga xiyonat qilishdan ham qo‘rqmading! Sen birovning musibatidan shodlanma, o‘zganing omadiga kuyma, har qanday yaxshilik va yomonlik o‘zingga qaytib xorlikka uchratganda qo‘ldan bergan baxt-omadingni ortga qaytarolmaysan, shuni unutma! – dedi aka. Akaning ko‘ngil oyinasi sindi, ikki jigar o‘rtasidan oqibat ketdi. Oqibat o‘ldi, ko‘ngil sindi, singan ko‘ngilni nima chegalay oladi?
Ulug‘larimiz demishkim: “Birovning husni-jamoli va boyligini ko‘rsang, hasad qilma va darhol o‘zgalarga nazar sol. Bu dunyoda sendan ko‘ra xunukroq va kambag‘alroqlar ham bor-ku”. Husnu jamol Parvardigorning san’atidir. U kimni xohlasa go‘zal qiladi. Mol-dunyo, martaba va mansab ham imtihon uchun beriladi. Shunday ekan, ey azizim! Aslo hasad bilan boylik va ulug‘likka erishaman deb xato qilmang!
Odam farzandiga boqibon hayhot,
Qilgan amallarin ko‘rib, dersan dod.
Ba’zilar azada uradi xandon,
To‘yu tomoshada qiladi faryod.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi
Bir donishmanddan: “Xotirjamligingiz siri nimada?” deb so‘rashsa, u: “Allohni taniganimdan beri boshimga nimaiki kelsa, tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiyman. Yolvorib duo qilaman. Biror ishda ikkilansam, istixora namozini o‘qiyman. Hayotim shukr, sabr va duo bilan o‘tadi. Halovatim ham balki shundandir”, deb javob bergan ekan.
Ko‘pincha odamlar biror yutuqqa erishsa, buni harakatlarining mahsuli deb bilishadi. Biror musibat bilan sinalganida esa, o‘zgalarni ayblashadi. Alloh yozgan taqdirga isyon qiladi. Istaymizmi-yo‘qmi, qiyiinchiliklarda toblanmay, xato qilmay o‘rganish, mag‘lubiyat alamini totmay g‘olib bo‘lish qiyin. Taqdirga rozi bo‘lish chin mo‘minlikdir. Demak, mahzun paytda ham odob saqlash kerak. Zero, musibat ham xuddi shodlik singari Rabbimiz tarafidan beriladigan inoyatdir.
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
«Oyatdagi “yaxshi hayot” so‘zining ma’nosi faqirlik, kasallik, musibat kabi balo-ofatlardan xoli yashash emas, balki inson qalbining halovat topishi, Allohning qazo-qadariga rozi bo‘lishi, xotirjam yashashi deganidir. Bunday odamga xursandchilik yetsa, shukr qilib savob oladi. Agar musibat yetsa, sabr qilib, yaxshilikka erishadi.
Payg‘ambarlar qavmlarining ozorlaridan zohiran juda ko‘p qiyinchilik, mashaqqat tortgan bo‘lsalar-da, botinan qalblari iymonga limmo-lim to‘lib, Allohning hukmiga taslim bo‘lib, xotirjam hayot kechirishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Odamlar ichida ko‘p musibat ko‘rganlar payg‘ambarlardir. So‘ngra ulardan keyingilar, so‘ngra ulardan keyingilardir. Inson dini (mustahkamligi) miqdoricha sinaladi (musibatlanadi)” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, yaxshi hayot deganda faqat moddiy farovonlikni emas, iymon bilan yashashni tushunishimiz lozim. Zero, dunyo ne’matlari qanchalik ko‘p bo‘lmasin, iymonsiz hayot mazmunsiz, rangsizdir.
Abdulatif ABDULLAYEV