Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalomu alaykum. Savolim shuki junub bo‘lgan kishi g‘usl qilmasdan oldin birovga gapirishi, ko‘chaga chiqishi, ovqat yeyishi, suv ichishi mumkin emasmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.
Javob: Va alaykum assalom. Shu ishlardan oldin g‘usl qilib olgan yaxshidir.
Savol: Assalomu alaykum men yana sizga savol bilan murojaat qilmoqchiman Yujniy Koreya davlatida yashayman namoz o‘qimoqchiman, duo qilmoqchiman lekin qiblani hech aniqlab ololmayapman kompas yuklab oldim, aniq ko‘rsatmayapti, qaysi tarafga qarab o‘qishni bilmayapman. So‘rab surishtirdim hamma aytdiki, muslim pro dasturida kompas bor deyishdi, lekin kompas aniq ko‘rsatmayapti. Javob uchun oldindan katta rahmat
Javob: Va alaykum assalom. Agar qiblani biladigan inson yo‘q bo‘lsa, shuni boshqa yo‘l bilan ham aniqlashning imkoni topilmasa, unda o‘zingiz o‘z fikringizga tayanib bir tarafni qibla deb qasd qilasiz va shu tarafga qarab namoz o‘qiysiz.
Savol: Assalomu alaykum. Savolim qo‘yidagicha, 2017 yilning iyun oyida o‘g‘illik bo‘lgan edik shunga qaramay ayolim yana homilador bo‘lib qolibdi. Gap shundaki bolani dunyoga keltirishni sog‘ligi ko‘tara olarmikin deb qo‘rqayapmiz. Ayolimda belining ikki joyida grijasi (disk churrasi) bor. Har doim belida og‘riq bor. Bolani oldirish gunoh ammo sog‘ligini ham o‘ylashimiz kerak. Sizlardan iltimos maslahat bersangizlar.
Javob: Va alaykum assalom. Agar biror ishonchli omonatdor shifokor homilani ona yoki bola hayotiga jiddiy xavfi borligini aytsa va shu paytda homila bir yuz yigirma kunlik bo‘lmagan bo‘lsa unda ulamolarimiz bunday homilani oldirib tashlashga ruxsat berganlar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ziniki bo‘lmagan narsani sotishdan qaytarganlar. Musulmon savdogar tijorat molini hali qo‘liga olmay turib boshqaga sotmasligi lozim. Chunki molni qo‘lga olishdan avval sotish va undan foydalanish shar’an haromdir.
Hakim ibn Huzom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limda bo‘lmagan narsani sotishimdan qaytardilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
“Savdo molini qo‘lga olib, o‘ziniki qilib olmay turib sotuvchiga ham, boshqasiga ham sotish joiz bo‘lmaydi” (Mabsut kitobi).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsa taom bo‘lib, uni qo‘lga olmasdan oldin sotish mumkin emas”.
Ibn Abbos roziyallohu anhu yana shunday qo‘shimcha qildilar: “Boshqa narsalarni ham taom kabi deb bilaman” (Muttafaqun alayh).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim taom sotib olsa, uni to‘liq qo‘lga kiritmay turib sotmasin”, dedilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhuning boshqa bir rivoyatida: “O‘lchab olmagunicha” deyilgan (Muttafaqun alayh).