بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, muqaddas Islom dinimiz besh arkon ustiga qurilgan bo‘lib, ulardan biri – haj ibodatidir. Haj moliyaviy va jismoniy ibodat bo‘lib, mo‘min-musulmon kishi umrida bir marta ado etishi farzdir. Haj qilmoqchi bo‘lgan shaxs balog‘atga yetgan, aqli raso, safar xarajatlariga qodir, hajga borib kelguniga qadar o‘z qaramog‘idagilarni nafaqa bilan ta’minlagan hamda yo‘llar ochiq va bexatar bo‘lishi shart qilinadi. Ayol kishiga esa, yuqoridagi shartlar bilan birga eri yoki biror mahrami hamroh bo‘lishi kerak. Kimda mana shu shartlar topilsa, unga haj farz bo‘ladi. Qur’oni karimda hajning farzligi haqida shunday deyilgan:
وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حَجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا (سورة ال عمران/97).
ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Haj ibodatiga kirishishdan oldin, avvalo, kishi haqiqiy tavba qilib, barcha xato-kamchiliklarini to‘g‘rilab, kelgusida barchaga namuna va o‘rnak bo‘ladigan holatda bo‘lishi lozim. Shuningdek, zimmasida o‘zgalarning haqqi bo‘lsa, egasiga qaytarishi kerak.
Hajning vaqti Shavvol va Zulqa’da oylari hamda Zulhijja oyining dastlabki o‘n kunidir. Bunga ishora qilib Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ (سورة البقرة/197).
ya’ni: "Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! " (Baqara surasi, 197-oyat)
Oyatning mazmuniga ko‘ra, hajga boruvchi kimsa taqvo bilan ziynatlanib, bajarayotgan amallarini chiroyli ado etishga harakat qilishi kerak. Qolaversa, sanoqli haj kunlarini oxirati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishga oshiqishi lozim. Tilni saqlash ham taqvodan hisoblanadi va bu narsa hajda katta ahamiyatga egadir. Chunki har qanday safarda o‘ziga yarasha mashaqqat va qiyinchiliklari bo‘ladi, mana shunday holatlarda haj qiluvchi kishi tiliga ehtiyot bo‘lishi lozimdir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ حَجَّ للهِ وَلَمْ يَرْفَثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ" (رواه الإمام البخارى والإمام أحمد).
ya’ni: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, onasidan tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lgan holda qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).
Haj davrida behayo so‘zlarni aytmay, fisqu fasod ishlarni qilmay yurgan kishilar xuddi onadan tug‘ilgandek begunoh holda uylariga qaytadilar. Bu haqiqatni hajga boruvchi har bir kishi eng zarur narsalar qatori qalbiga singdirib olmog‘i lozim. Hajni niyat qilgan kishi katta-yu kichik gunohlarni qilishdan, hatto biror jonzotga ozor berishdan, xususan, odamlar bilan janjallashishdan doimo o‘zini saqlashi lozimdir. Albatta, bular hajning maqbul bo‘lish shartlaridan hisoblanadi.
Haj safari davomida yo‘ldoshlariga xayr-ehson qilish ajr savob bo‘lishi bilan birga, insonlar orasida o‘zaro do‘stlik va mehr-muhabbat paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bunday odamning haji ham maqbul bo‘ladi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:"اَلْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إلَّا الْجَنَّة "قِيلَ: وَمَا بِرُّهُ؟ قَالَ:"إطْعَامُ الطَّعَامِ، وَطِيْبُ الْكَلاَمِ" )رَوَاهُ الإمام أَحْمَدُ(
ya’ni: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maqbul hajning mukofoti faqat jannatdir”, – dedilar. “Uning qabul bo‘lishi nima bilan bo‘ladi”, – deyildi. “Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taom berish va yaxshi gapirish”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Muhtaram azizlar! 2018 yil haj ibodatini ado etadigan ziyoratchilar uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va mas’ul mutasaddi tashkilotlar yil boshidan tayyorgarlik ishlarini boshlab, hozirda nihoyasiga yetkazib bormoqdalar. Shu kunlarda 10 nafar ishchi guruh Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar. Yurtimizdan haj safariga borguvchilar bilan hajning qonun-qoidalari va tartiblari haqida uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ularning har birlariga haj haqida yo‘riqnoma sifatida kitob bilan disk tarqatildi.
Muhtaram jamoat! Haj ibodatini bajarish hammaga ham nasib qilaveradigan amallardan emas. Shuning uchun bu ulug‘ safarni niyat qilgan yurtdoshlarimiz hajning mohiyatini yaxshi tushunib olishlari, uni ado etish tartiblarini puxta o‘zlashtirishlari, safar odoblariga qat’iy rioya qilishlari talab etiladi. Katta xarajatlar sarflab, uzoq vaqt navbat kutib, shuncha uzoq joyga, Allohning roziligini topaman, deb borgan ayrim hojilarimiz, afsuski, g‘animat damlarini qadriga yetmay, ko‘p vaqtlarini behuda amallar va do‘kon aylanishlar bilan o‘tkazib yuborishadi. Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi farz, vojib, sunnat amallarni iloji boricha jamoat bilan, o‘z vaqtida ado etishga g‘ayrat qilish – muborak dinimiz talabi va shariatimiz ko‘rsatmasidir. Ko‘proq Qur’on tilovati, nafl ibodatlar, zikr va istig‘for aytish, yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish kabi savobli ishlarni qilishlari zarur. Yana safar davomida iloji boricha bilimdon va solih kishilarga yo‘ldosh bo‘lish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilgan duolarni yodlab, aytib yurishga intilish ham maqbul amallardandir. Shundagina hajlarimiz mabrur, ibodatlarimiz maqbul bo‘ladi, inshaalloh.
Shuni ta’kidlash lozimki, hoji bo‘lish – sharaf, shu bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Chunki ulamolarimizning aytishlaricha, hajning qabul bo‘lish yoki bo‘lmasligi hojining uyiga qaytganidan keyingi amallaridan bilinadi. Demak, hojilarimiz yurtimizga qaytganlarida bilim-ma’rifat, odob-axloq va barcha ezgu ishlarda hammaga namuna bo‘lishlari lozimdir.
Alloh taolo muborak haj safariga hozirlik ko‘rayotgan barcha yurtdoshlarimizga haj ibodatlarini to‘la-to‘kis adot etib, yurtimizga sog‘-salomat holda qaytib kelishlarini muvaffaq aylasin! Omin.
ILOVA
MISSIONЕRLIK
Missionerlik – lotincha “yuborish” va “topshiriq” ma’nolarini bildirib, bir dinni boshqa dindagilar o‘rtasida tarqatish sohasidagi cherkov (ya’ni, katolik va protestantlar kabi yo‘nalish) tashkilotlarining faoliyatidir. Sodda qilib aytganda, missionerlik xristianlashtirishdir.
Shuni bilish lozimki, da’vat (nasihat) boshqa, missionerlik boshqa narsadir. Bir din vakilini o‘z qavmiga xitobi da’vat bo‘lib, har bir inson bu ishni qilishi mumkin. Ammo, bir din vakilining boshqa dindagilarni o‘z diniga og‘dirish uchun qiladigan harakati esa, missionerlik deyiladi va bu qonun bilan ta’qiqlanadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, oxirgi paytlarda ba’zi yoshu qarilar o‘zlarining muqaddas Islom dinlarini qo‘yib, boshqa dinga o‘tib ketish hollari kuzatilmoqda. Bu holga chek qo‘yilmas ekan, millat barqarorligiga tahdid solinishi turgan gap!
Dunyo tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, missionerlarning o‘zga din vakillari orasidagi faoliyati har doyim mintaqa barqarorligini buzgan, aholi orasida notinchlik va qon to‘kilishlarga sabab bo‘lgan.
Missionerlarning g‘arazli maqsadlari va faoliyatlari:
Missionerlarning asosiy maqsadlari turli yo‘l va usullar bilan o‘z saflarini mahalliy millat vakillari hisobiga kengaytirishdan iboratdir.
Ularning maqsadlari asosan uch nuqtada jamlanadi:
Ular maqsadlari yo‘lida barcha vositalardan foydalanadi, ularning hiyla-nayranglari doimo takomillashib boradi. Mana ulardan bir nechtasi:
Ba’zi vatandoshlarimiz ularning ketidan ergashib ketayotganining birinchi sababi – muqaddas Islom dinimiz hukmlaridan mutlaqo bexabarlik. Ikkinchi sababi – yon atrofimizdagi kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va boquvchisidan ayrilgan qariyalardan deyarli xabar olmaymiz, moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsata olmayapmiz. Missionerlar bu imkoniyatdan foydalanib ba’zi muhtojlarning ko‘nglini ovlab, dindan chiqarmoqda. Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunay degan:
وَمَنْ يَرْتَدِدْ مِنْكُمْ عَنْ دِينِهِ فَيَمُتْ وَهُوَ كَافِرٌ فَأُولَئِكَ حَبِطَتْ أَعْمَالُهُمْ فِي الدُّنْيَا وَالْآَخِرَةِ
وَأُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ
ya’ni: “Sizlardan kimda-kim o‘z (Islom) dinidan qaytib, kofir holida o‘lsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyoyu oxiratda behuda ketar. Ular do‘zax ahlidirlar va unda mangu qolurlar” (Baqara surasi, 217-oyat).
Alloh taolo barchamizning imonimizni salomat aylab, har xil yovuz niyatli kimsalar girdobiga tushib qolishdan O‘z panohida asrasin! Omin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida imom Abdulaziz «Shamsul aimma Halvoiy» yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyandalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, imom Shamsul aimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.
«Shamsul aimma» unvoni bilan shuhrat topgan Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoiy yetuk faqihlarimizdan biridir. Abu Sa’d Sam’oniy qalamiga mansub «Nasabnoma» kitobining buxorolik olimlar qismida yozilishicha, Halvoiyning otasi halvo pishirib, sotib tirikchilik qilib yurgani uchun u kishiga ota kasbi bilan nisbat berilgan.
Halvoiyning tug‘ilishi bilan bog‘liq ma’lumot biror-bir manbada kelmagani bois tug‘ilish sanasi hozircha ma’lum emas. Ota tomonidan ajdodlar silsilasi Payg‘ambarimizning jiyanlari va kuyovlari Ali ibn Abu Tolibga bog‘lanadi.
Abdulhay Laknaviyning «Favoid al-bahiyya fit-tarojima al-hanafiyya» kitobida qayd etilishicha, iroqlik ko‘pgina faqihlar unvon tanlashda kasb-hunar, qabila yoki biror joy nomiga nisbat berish bilan «Jassos» (suvoqchi), «Quduriy» (qozonchi) kabi soddagina taxalluslar olishgan.
Qoraxoniylar poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirgach, Halvoiy Keshga surgun qilinadi. U kishi qolgan umrini shu yerda o‘tkazadi. Abdulaziz Halvoiy taxminan 1058 yili Keshda vafot etadi. U kishining jasadi Buxoroga olib kelinib dafn qilinadi. «Men u zotning qabrlarini ziyorat qildim», deydi «Nasabnoma» asari muallifi Abu Sa’d Sam’oniy.
Chor Rusiyasi davrida Kalobod mozori buzilib, o‘rni uy-joy uchun yer maydoni sifatida ajratib berilgan. Halvoiyning qabri ham yangi bunyod etilgan uylar ichida qolgani sababli 2004 yili turbati Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasidagi «Shoh Axsi» yodgorligiga ko‘chirildi. Shu joyda u zotning shogirdlaridan biri Bakr Zaranjariyning qabri ham bor.
Halvoiyning «Shamsul aimma» deb ulug‘lanadigan ulamo darajasiga yetishida ustozlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay Laknaviy Abdulaziz Halvoiyning fiqh ilmidan ustozlari silsilasi Abu Hanifaga borib yetishi haqida ma’lumot beradi. Halvoiydan Saraxsiy (1010–1093), Abul Usr Pazdaviy (1010–1089), Abul Yusr Pazdaviy (1030–1099), Bakr ibn Muhammad Zaranjariy (1035–1118) kabilar saboq olib, zamonasining yetuk faqih olimlari bo‘lib yetishishgan.
Hozirgacha olimning biror bir kitobi qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida topilmagan bo‘lsa-da, u kishi qalamiga mansub asarlarning nomi bizga ma’lum. Abu Sa’d Sam’oniyning «Nasabnoma», Hoji Xalifa Chalabining «Kashfuz Zunun», Hofiz Abdul Qodir Qurayshiyning «al-Javohir al-Muziyya fit-tabaqot al-hanafiyya», Shamsuddin Zahabiyning «Siyaru a’lom an-nubalo» kitoblarida Halvoiyning asarlari haqida ma’lumotlar berilgan. U kishi «al-Mabsut», «an-Navodir», «Favoid», «Sharh al-adab al-Qodili Abi Yusuf», «Sharh al-adab al-Qodi lil-Xassof» kabi kitoblar yozgan.
Hanafiy mazhabi ulamolari mazhab faqihlarini salohiyati, ilmiy layoqatiga qarab yetti tabaqaga ajratadilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Muxtasar al-viqoya»ga sharh sifatida yozgan «Kifoya» nomli kitobida Xassof, Tahoviylar bilan bir qatorda Halvoiy, Saraxsiy, Pazdaviy va Qozixonlarni uchinchi tabaqa vakillari sirasida zikr qiladi. Ushbu tabaqa vakillari mazhab sohibidan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan mujtahid faqihlar bo‘lishgan.
Allomaning fatvolari ko‘plab mo‘tabar kitoblarda, xususan, «Fatavoi Olamgiriya», «Fatavoi Qozixon», «Muhiti Saraxsiy», «Kofiy», «Zaxira» va «Jomi’ al-maboniy lil-masaili sharhi fiqhi Kaydoniy» kabi asarlarda keltirilgan.