Bugun, 19 iyul kuni Toshkentdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida “Haj-2018” mavsumida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatlari ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatuvchi guruh rahbarlari uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimlari Muhammadbobur Yo‘ldoshev va Dilshod Bobojonov, O‘MI Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jaloliddin Nuriddinov, O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad Akmalxon Shakirov, shifokorlar guruhi rahbari A.Soatov va guruh rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirda guruh rahbarlari tomonidan rioya etiladigan qonun-qoidalar, ularning burch va mas’uliyatlari, eng avvalo guruh rahbarlarining ziyoratchilarga husni-xulq ila, chiroyli odob bilan muomala qilishlari, har bir qilayotgan ishining zamirida inson manfaatlari, uning qadr-qimmatiga alohida e’tibor qaratishlari, shuningdek, haj ibodati ruknlari, safarga jo‘nab ketish hamda Saudiya Arabistonidagi tashkiliy ishlarning guruh rahbarlariga taalluqli bo‘lgan jihatlari atroflicha yoritildi.
Shuningdek, safarga doir hujjat ishlarida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, guruhdagi ziyoratchilar bilan ishlash davomida ularning pasport va boshqa hujjatlarini yuritish qoidalari borasida ham guruh rahbarlariga yetarlicha ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilishda bu yilgi haj mavsumida shifokorlar guruhi rahbari bo‘lib ketayotgan A.Soatov tomonidan safar davomida ziyoratchilarning salomatligini ta’minlash borasida shifokorlar bilan hamkorlikda guruh rahbarlari bajarishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida kerakli maslahat va tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida mutasaddilar guruh rahbarlari tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.
Respublikamizdagi vodiy viloyatlari guruh rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilish joriy yilning 21 iyul kuni Andijon viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi
Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqelarni yoritishda davom etayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Xususan, ushbu mamlakatdagi ommabop "Sahm News" elektron nashrida O‘zbekiston 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilishi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.
"O‘zbekistonning Samarqand shahri 2026 yilgi Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilish uchun tanlandi. Assambleya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish platformasiga aylanishi kutilmoqda", – deyilgan materialda.
Qayd etilishicha, 2026 yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning sakkizinchi yig‘ilishi va Global ekologik fond kengashining yetmish birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. "Bu qaror AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Kengashning oltmish to‘qqizinchi yig‘ilishida qabul qilindi", deya urg‘ulangan maqolada.
Saudiyaning yetakchi "Watan News" nashri esa O‘zbekiston Prezidentining yaqin kelajakda Bryusselga tashrif buyurishi haqida yozdi. "Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Tobgo Klan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumda ma’lum qildi", deya ta’kidlangan manbada.
"Bunday tashrif tarixiy voqea hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deya Tobgo Klan fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati