Islom tarixidagi eng yirik mutafakkirlardan biri bo'lgan Muhammad Hakim Termiziyning (820-932) Qur'on tafsiriga bag'ishlangan asari “Bahr at-tafsir” nomi bilan ilk bor nashr etildi. Ushbu nodir asar bugungi kungacha tadqiqotchilar tomonidan “yo'qolgan” deb hisoblab kelinayotgan edi. Ammo Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori Jo'rabek Cho'tmatov ushbu asar qo'lyozmasini Turkiyaning Burdur shahridan topdi va uni nashrga tayyorladi. Ushbu asar Turkiyaning Istanbul shahridagi“Dor al-kutub-arabiyya” nashriyotida nashr etildi. Kitob tahririda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Mahmud Normurodov, Faxriddin Hudoynazarov, Abbosxon Abdullayev va Umarali O'ljayevlar ham ishtirok etishdi.
BATAFSIL
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan Termiziy (taxminan 205-320 / 820-932 yillar) islomning turli yo'nalishlari, jumladan, Qur'on tafsiriga oid alohida kitob yozgan olim, lekin manbalardan ma'lumki, u ushbu asarni tugatishga ulgurmagan. Bu haqda Hujviriy (467/1074 vaf.) "Kashf al-mahjub", Abdurahmon Jomiy (817-898 / 1412-1494) "Nafaxot al-uns" va Alisher Navoiy “Nasoyim al-muhabbat”da (845-907 / 1441-1501) ma'lumot bergan.
Masalan, Hujviriyga ko'ra: "Darhaqiqat, u zot tafsir (kitob) boshlagan, lekin tugatishga ulgurmagan. Uning bir qismi, u zot yozishga muvaffaq bo'lgan miqdordagisi ilm ahli orasida tarqalgandir”.
Alisher Navoiy esa “Nasoyimul muhabbat”da Hakim Termiziy shunday deydi: “.bir tafsir ham ibtido qilg'ondur. Ammo itmomig'a umr vafo qilmaydur”.
Muhammad Hakim Termiziy hayoti va ijodini o'rgangan tadqiqotchilar asarlarida ushbu tafsir "yo'qolgan" yoki "Hujviriy kitobida kelgan" deb qayd etilgan.
Aslida ushbu asar qo'lyozmasi Turkiyaning Burdur shahridagi Milliy kutubxonada 143-raqam ostida saqlangan va uning matn qismi kolofonlardan tashqari 139 betdan, 70 varoqdan iborat. Har bir bet ikki kolonkadan iborat va u 549/1154-yilda Sharofiddin Muhammad ibn Abdulvahhob ibn Abdulvohid ibn Muhammad ibn Ali Ansoriy Husayniy asli Sheroziy Dimashqiy Hanbaliy tomonidan ko'chirilgan. Ammo ushbu Tafsir “Tafsir suratil fatiha va xeyratihi” nomi bilan saqlanganligi tufayli uning Hakim Termiziyga mansubligi uzoq yillar, hattoki asrlar davomida bilinmay kelgan!
Ushbu kitob bir necha qismlardan tashkil topgan:
Hakim Termiziyning “Tafsir”iga kelsak, uning nodirligi shundaki, unda Qur'on oyatlari ham oyat, hadis va olimlarning so'zlari bilan naqliy jihatdan, shuningdek, aqidaviy, fiqhiy, tasavvufiy, lug'aviy jihatlar, qolaversa, oyatlarga mustaqil fikriy yondashuv bilan ham tafsir qilingan. Bularning bari esa Hakim Termiziyning ulug' donishmand – hakimlik unvoniga sazovor bo'lish sabablarini ko'rsatib, tafsir uslubini ham hikmat asosida bo'lganligini mulohaza qilish mumkin. Keyinchalik Qur'oni Karimni shu tarzda keng miqyosda tahlil etish Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Abulbarakot Nasafiy kabi ulug' zotlarning tafsirga bag'ishlangan asarida ham kuzatilgan va Movarounnahr mufassirlarining asosiy yo'nalishiga aylanib, Islom dunyosining boshqa ilmiy markazlarida ham bu yo'nalishning boshlanishiga sabab bo'lgan. Umuman, bu asar Movarounnahrda yozilgan ilk yozma tafsirlardan biridir. Abd ibn Humayd (vaf. 249/863) “Tafsir”i naqliy uslubda bo'lsa, ushbu keng miqyosli yozma tarzdagi tafsir borasida esa Termiziyni hozirgi bilimlarimiz doirasida birinchi deyish mumkin.
Holid Zahriyga ko'ra, Qur'onni aqida ilmi nuqtai nazaridan tafsir qilish bo'yicha ham ushbu tafsirni ilk yozma asar sanash mumkin.
Umuman, tafsirda yangi jihatlar ko'p, buni kitobxon yaxshi anglab olishi mumkin. Ammo bir narsani alohida qayd etish lozim. Qur'on tafsirida rayni – mustaqil fikr va xulosani ishlatish xuddi fiqhda rayni ishlatishdek munozarali masala bo'lgan. Ammo Hakim Termiziy birinchilardan bo'lib ushbu tafsirida Qur'onni tafsir qilishda fikrni ishlatish ma'lum shartlar ila joyizligini aytgan. Garchi ilk ray bilan tafsirlar Zayd ibn Aslam va Mujohid kabi ilk asr olimlariga tegishli ekanligi aytilsa-da, uni uslub jihatdan ko'rsatish va shartlarini bayon qilish bo'yicha Termiziyning ushbu tafsirda bergan fikrlari fundamental ahamiyat kasb etadi va tub burilishni ifodalaydi. Keltirilganidek, keyinchalik yoki bir oz o'tib Imom Moturidiy, Nasafiy, Zamaxshariy va boshqalar bu yo'nalishda tafsir bitishgan.
Kitob nashri doirasida doirasida quyidagi ishlar bajarilgan:
2. Oyatlar Madina mushafiga muvofiq tarzda qo'yib chiqilgan va ularning surasi va oyat raqamlari ko'rsatilgan;
3. Kitob matnida kelgan 160 ta hadis batafsil taxrij qilindi – manbasi ko'rsatilib, ishonchlilik darajasi baholangan;
4. Kitob matnida kelgan 256 nafar shaxsning tarjimai hollari keltirilgan;
5. Kitobda sahoba va salafi solihlardan rivoyat qilingan 133 ta rivoyat bo'lib, ularning manbasiga faqat lozim o'rindagina to'xtalingan;
6. Izoh qismida keltirilgan barcha tur ma'lumotlarning manbasi: asar jildi, beti va raqamlari aniq ko'rsatilgan;
7. Asarda kelgan ma'nosi daqiq so'zlar arab tilining mo''tabar lug'at manbalaridan foydalangan holda izohlangan.
Umuman, Ushbu tadqiqot doirasida 210 adabiyotdan foydalanilgan, mingdan oshiq havolalar (snoska) berilgan.
Umuman olganda, ushbu tafsir har tomonlama nodir manbaligi sababli Hakim Termiziyning dunyodagi etakchi tadqiqotchilaridan biri bo'lgan marokashlik olim, doktor Holid Zahriy tomonidan “Muqaddima”da “ulug' kashfiyot” sifatida baholangan.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati.
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.