Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Hayotiy voqea: o‘kinma bolam...

19.07.2018   6655   3 min.
Hayotiy voqea: o‘kinma bolam...

Endigina ko‘zi yorigan yosh ona kuchli hayajonda:

– Chaqalog‘imni ko‘rsam bo‘ladimi? – deb so‘radi.

Quchog‘iga yumshoq bir yurgak berildi va baxtli ona chaqalog‘ining jajji yuzini ko‘rmoq uchun uning yuzini ochdi va hayratga tushganidan tili tutilib qoldi. Ona va chaqaloqni kuzatib turgan do‘xtir shartta orqasiga o‘grilib derazadan ko‘chani tomosha qila boshladi.

Chaqaloqning  quloqlari yo‘q edi... Tahlillar bolaning eshitish qobiliyati yaxshi ekani, faqat qulog‘ining suprasi yo‘qligi bolaning husnini buzib turganini ko‘rsatdi. Oradan yillar o‘tdi, bola maktabga chiqdi. 

Bir kuni maktabdan uyga yugurib keldi va o‘zini onasining bag‘riga otdi. To‘liqib yig‘lar edi. Bu uning hayotidagi birinchi mazaxlanishi va umidsizligi edi: 

– Bir katta bola menga maxluq dedi.

Bolakay ana shu kemtiklik bilan ulg‘aya boshladi. Uni sinfdoshlari yaxshi ko‘rar va nihoyatda zehni tez o‘quvchi edi.  Agar sinfdoshlariga aralashib yurganida edi, shubhasiz, sinfkom bo‘lar edi.

Ammo onasi har doim unga:

– Yosh bolalarning orasiga aralashmaysan, – deb tayinlar edi.

Ayni paytda u qalbida teran bir achinish va shafqatni his qilar edi.

Bolaning otasi oila do‘xtiri bilan qulog‘i xususida so‘zlashdi.

– Biror narsa qilishning iloji yo‘qmi? – deb so‘radi.

Do‘xtir:

– Agar bir juft quloq topishning iloji bo‘lsa, uni yopishtirib qo‘yish mumkin, – dedi.

Shundan so‘ng  bolaga quloqlarini fido etishi mumkin bo‘lgan bir javonmardni axtara boshladilar. Oradan ikki yil o‘tdi.  Bir kuni otasi:

– Shifoxonaga borasan, o‘g‘lim, onang ikkalamiz senga quloqlarini berishga rozi bo‘lgan bir odamni topdik. Faqat uning kimligini senga ayta olmaymiz – sir, – dedi.

Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va butunlay yangi bir inson qiyofasi paydo bo‘ldi. Yangi ko‘rinishidan ruhiyati yuksalgan bola o‘qishda va ijtimoiy hayotda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. So‘ngra uylandi va ko‘zga ko‘ringan diplomat bo‘ldi. Oradan yillar o‘tdi, bir kuni otasining oldiga kirib:

– Otajon, menga bu qadar katta yaxshilik qilgan odam kim? Men uning yaxshiligiga hech qanday javob qaytara olmadim... – dedi.

Otasi:

– Biror narsa qila olishingga ko‘zim yetmaydi. Faqat jiddiy shartlashganmiz, hali uning kimligini ayta olmayman, vaqti yetmadi... – deb javob berdi.

Bu sir yillar davomida saqlandi va bir kuni ochilish vaqti keldi. Boshiga musibat tushgan kunda onasining jonsiz tanasi boshida otasi bilan birga janoza o‘qilishini kutayotgan edi. Otasi muloyim harakat bilan onasining boshiga qo‘l cho‘zdi, qahvarang sochlarini silab orqaga taradi, onasining quloqlari yo‘q edi.   Otasi:

– Nega onajonim, uyda o‘tirganda ham ro‘molini boshidan olmaydi, sochlariga oro bermaydi, deb hech o‘ylamadingmi? – deya shivirladi.

 

Damin JUMAQUL

  tarjimasi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   478   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD