Endigina ko‘zi yorigan yosh ona kuchli hayajonda:
– Chaqalog‘imni ko‘rsam bo‘ladimi? – deb so‘radi.
Quchog‘iga yumshoq bir yurgak berildi va baxtli ona chaqalog‘ining jajji yuzini ko‘rmoq uchun uning yuzini ochdi va hayratga tushganidan tili tutilib qoldi. Ona va chaqaloqni kuzatib turgan do‘xtir shartta orqasiga o‘grilib derazadan ko‘chani tomosha qila boshladi.
Chaqaloqning quloqlari yo‘q edi... Tahlillar bolaning eshitish qobiliyati yaxshi ekani, faqat qulog‘ining suprasi yo‘qligi bolaning husnini buzib turganini ko‘rsatdi. Oradan yillar o‘tdi, bola maktabga chiqdi.
Bir kuni maktabdan uyga yugurib keldi va o‘zini onasining bag‘riga otdi. To‘liqib yig‘lar edi. Bu uning hayotidagi birinchi mazaxlanishi va umidsizligi edi:
– Bir katta bola menga maxluq dedi.
Bolakay ana shu kemtiklik bilan ulg‘aya boshladi. Uni sinfdoshlari yaxshi ko‘rar va nihoyatda zehni tez o‘quvchi edi. Agar sinfdoshlariga aralashib yurganida edi, shubhasiz, sinfkom bo‘lar edi.
Ammo onasi har doim unga:
– Yosh bolalarning orasiga aralashmaysan, – deb tayinlar edi.
Ayni paytda u qalbida teran bir achinish va shafqatni his qilar edi.
Bolaning otasi oila do‘xtiri bilan qulog‘i xususida so‘zlashdi.
– Biror narsa qilishning iloji yo‘qmi? – deb so‘radi.
Do‘xtir:
– Agar bir juft quloq topishning iloji bo‘lsa, uni yopishtirib qo‘yish mumkin, – dedi.
Shundan so‘ng bolaga quloqlarini fido etishi mumkin bo‘lgan bir javonmardni axtara boshladilar. Oradan ikki yil o‘tdi. Bir kuni otasi:
– Shifoxonaga borasan, o‘g‘lim, onang ikkalamiz senga quloqlarini berishga rozi bo‘lgan bir odamni topdik. Faqat uning kimligini senga ayta olmaymiz – sir, – dedi.
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va butunlay yangi bir inson qiyofasi paydo bo‘ldi. Yangi ko‘rinishidan ruhiyati yuksalgan bola o‘qishda va ijtimoiy hayotda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. So‘ngra uylandi va ko‘zga ko‘ringan diplomat bo‘ldi. Oradan yillar o‘tdi, bir kuni otasining oldiga kirib:
– Otajon, menga bu qadar katta yaxshilik qilgan odam kim? Men uning yaxshiligiga hech qanday javob qaytara olmadim... – dedi.
Otasi:
– Biror narsa qila olishingga ko‘zim yetmaydi. Faqat jiddiy shartlashganmiz, hali uning kimligini ayta olmayman, vaqti yetmadi... – deb javob berdi.
Bu sir yillar davomida saqlandi va bir kuni ochilish vaqti keldi. Boshiga musibat tushgan kunda onasining jonsiz tanasi boshida otasi bilan birga janoza o‘qilishini kutayotgan edi. Otasi muloyim harakat bilan onasining boshiga qo‘l cho‘zdi, qahvarang sochlarini silab orqaga taradi, onasining quloqlari yo‘q edi. Otasi:
– Nega onajonim, uyda o‘tirganda ham ro‘molini boshidan olmaydi, sochlariga oro bermaydi, deb hech o‘ylamadingmi? – deya shivirladi.
Damin JUMAQUL
tarjimasi
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.