Behzod kompyuteriga yangi o‘yinlar o‘rnatdi. Endi olti yoshga to‘layotgan o‘g‘liga “Speed Racing Car” – “Mashinalar poygasi” o‘yinini qanday o‘ynashni ko‘rsatib berdi.
O‘yinga diqqat bilan tikilib turgan o‘g‘li “dada, mashinangiz odamlarni bosib ketyapti” dedi. Shunda Behzod “o‘g‘lim, bu o‘yinda odamlarni mashina bosib ketsa ham hech narsa qilmaydi, sen mashinangni haydab ketaverasan, tushundingmi?” deb o‘g‘lini kompyuter yoniga o‘tqazib qo‘ydi.
Oradan ikki oy o‘tgach Behzod o‘g‘lini bog‘chadan olib, avtomobillar to‘xtovsiz harakatlanayotgan katta yo‘ldan o‘tishga shaylandi. Shu orada o‘g‘li qo‘ldan chiqib, tinimsiz o‘tib turgan mashinalar orasidan yo‘lning narigi betiga yugurdi. Bola sabab bir necha avtomobil bir-biriga to‘qnashdi. Yaxshiyamki, haydovchilarning hushyorligi sabab bolakay omon qoldi. Farzandining beboshligidan jahli chiqqan Behzod yugurib borib:
– Nega bunday qilding, – deb baqirdi.
Mo‘ltirab turgan o‘g‘li:
– Dadajon, mashina bosgani bilan baribir menga hech narsa qilmaydi, o‘zingiz aytgansiz-ku? – deb javob berdi...
Bugun zamonaviy axborot texnologiyalari, eng so‘nggi turdagi kompyuterlar ko‘pchilikning uyidan joy olgan, ulardan voz kechib bo‘lmaydi. Chunki, virtual olam odamni, ayniqsa, yoshlarni ohangrabodek o‘ziga tortmoqda.
Eng so‘nggi turdagi texnik vositalarni puxta o‘zlashtirib, zamon bilan hamnafas bo‘lib bormoq kerak, aks holda, taraqqiyotdan ortda qolib ketish hech gap emas. Ammo tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, zamonaviy texnologiyalarning ham salbiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligini unutmaslik lozim.
Doimiy ravishda kompyuter o‘yini o‘ynashni odat qilgan bola haqiqiy hayotni o‘yindan farqlay olmay qolishi holatlari kuzatilmoqda. Bu aksariyat ota-onalar ish ko‘payib ketganini ro‘kach qilib, farzand tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘yganligining natijasida kelib chiqayotir. Jigarporasini turli xavf-xatardan asragan ota-ona ong-u tafakkurga kelganda beparvolik qilib, farzandining ovunishi, bo‘sh o‘tirmasligi uchun kompyuter o‘yinlariga ro‘baro‘ qilishga urinadi. Natijada bola kompyuter o‘yinlarining asiriga aylanmoqda.
– Bunday muhitda vaqt qanday o‘tgani sezilmaydi, shuning uchun o‘smir bolalar kompyuter o‘yinlariga mutloq tobe bo‘lib qolmoqda, –deydi bolalar shifokori Dilmurod Karimov. – Bolalar o‘yinga berilib ketganidan hatto qorni ochganini ham bilmay, kasallik orttirib olishi kuzatilmoqda. O‘yinlarning salbiy oqibatlari farzandlarimizning ruhiyatiga ham ta’sir qilmoqda. Kompyuter nuri nafaqat bolalarni, hatto kattalarni ham ruhan, ham jismonan toliqtiradi. Afsuski, bola kerakli fiziologik quvvatni texnika yonida soatlab o‘tirishi natijasida yo‘qotadi. Bola organizmi o‘sishni istaydi, lekin kuchi yetmaydi. Shundan u so‘lg‘in, ruhan jizzaki, odamovi bo‘lib qoladi.
Berilib kompyuter o‘ynashning salbiy oqibatlari ko‘p. Eng asosiysi, insonning ko‘rish qobiliyati pasayadi. Vaholanki, yosh bolalar ekranga kunlik qarashining me’yori 45 daqiqa etib belgilangan. Kompyuter o‘yinida g‘alabaga intilayotgan bola o‘z maqsadiga erishmaguncha soatlab harakat qiladi. Bu undagi xudbinlikni (egoizm) kuchaytiradi. Atrofdagilarga bemehr bo‘ladi. U o‘yinda dushmanni o‘ldiradi. Natijada hayotda odamlarga befarq bo‘lib qoladi. Ularga maxluq sifatida qaraydi. Dars, mutolaadan tashqari, ota-onani, kattalarni hurmat qilish tuyg‘ulari so‘nib boradi.
Virtual o‘yinlarining salbiy oqibatlari haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot bong urishsa ham baribir internet-kafelarining doimo yoshlar bilan gavjumligi, u yerda o‘smirlarning turli o‘yinlarga mukkasidan ketayotgani va qimmatli vaqtini behuda o‘tkazayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, bolalarning diqqatini monitordan uzmagan holda bir-biri bilan so‘kishib, bir-birini behayo so‘zlar bilan haqoratlab gaplashishi internetdan ma’lumot olish uchun kelgan qizlar, ayollarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
– Ish yuzasidan internet-kafega kirishimga to‘g‘ri keldi, – deydi poytaxtimizning 218-maktab o‘qituvchisi Ra’no Nazarova. – U yerda 11-12 yoshdagi bolalarning badxulqligidan kirganimga afsus qildim. O‘shandan buyon bunday joylarga kirishga yuragim betlamaydi. Har doim ota-onalar majlisi o‘tkazganimda ularga o‘zim ko‘rgan holatni gapirib beraman va farzandini o‘z holiga tashlab qo‘ymaslikni, bola tarbiyasiga jiddiy qarashini, eng muhimi, bola virtual o‘yinlar qahramoniga aylanib qolmasligini tayinlayman.
Psixologlarning kompyuter o‘yinlarini o‘ynash har kunlik rejimga aylanishi inson ruhiyatiga o‘ta salbiy ta’sir qilishi haqidagi ilmiy qarashlari ulug‘ bobokalonimiz fikrlariga hamohangdir. Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sino vaqtini behuda sarflovchi kishilar haqida bundan bir necha asr ilgari “Bekorchilik va aysh-ishrat nafaqat nodonlikka olib keladi, ayni vaqtda turli kasalliklarning paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi”, deb yozgan.
Chegara bilmas axborot makoni rivojlanayotgan bugungi kunda yosh avlodni kompyuter texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish milliy qadriyatlarimizga sodiq, komil farzandlarni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kompyuter xizmatlari keng rivojlanayotgan bir paytda yoshlarning internet-kafelar xizmatidan to‘g‘ri foydalanishini ta’minlash, behayo saytlar yoki turli o‘yinlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish ota-onalar va o‘qituvchilar zimmasidagi mas’uliyatli vazifadir.
Zamonaviy axborot-resurs markazlari elektron darslik va milliy o‘yinlar bilan bugun global tarmoqqa ulangan internet-kafelar bir paytning o‘zida tezkor pochta, ma’lumotlar bazasi, dunyodagi turli voqea va hodisalar yoritiladigan informatsiya manbayi bo‘lish bilan birga, zo‘ravonlik, behayolik kabi illatlarni targ‘ib qiladigan, yosh avlod ong-u shuuriga mafkuraviy tazyiq o‘tkazadigan turli o‘yinlar o‘chog‘iga ham aylanmoqda.
Shuning uchun ham ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Agar bir kishi yoshligida nafsi buzilib, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidir. Din va e’tiqodi salomat bo‘lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, bunday kishilardan na o‘ziga va na boshqa kishilarga va na millatga tariqcha foyda yo‘qdur”, degan so‘zlari bir asr avval millatimiz uchun qanchalik dolzarb bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Davron Sunnatov, O‘zA