Qo‘shnimning bolalari qizlarim bilan tengqur, doim birga o‘ynashardi. Bir kuni qo‘shnim Anora norozi ohangda, to‘satdan: “Islom dinining ko‘p qoidalari menga to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun biz masihiylikka e’tiqod qilyapmiz”, deb qoldi. Kutilmagan bu so‘zlardan hayron qoldim. Nahotki, qo‘shnim missionerlarning tuzog‘iga ilinib qolgan bo‘lsa?! Afsuski, shunday ekan!
U bilan bo‘lib o‘tgan qisqa suhbatimiz asnosida dinimizning sofligi va go‘zalligini Qur’on va hadislar bilan ishonchli dalillar ila astoydil quvvatlab, tushuntirdim. Missionerlarning maqsadlarini imkon qadar ochib berdim. Lekin u so‘zlarimdan xulosa chiqaradigan darajada emasdi. Qaytanga: “Siz Injilni o‘qib ko‘ring, gaplarimga shohid bo‘lasiz”, deb, meni-da o‘z e’tiqodiga da’vat qilardi... Uni gaplariga e’tibor bermay, u bilan xayrlashdim.
Taxminan ikki hafta u bilan ko‘rishmadim. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas uyimga yig‘lab kirib keldi:
– Opa, men qattiq adashdim, gaplaringizni jiddiy o‘ylab ko‘rsam, qilgan amallarimdan qo‘rqib ketyapman, Alloh meni kechirarmikan? – deb ko‘zyosh to‘kdi.
Uni tinchlantirib:
– Agar chin dildan afsus-nadomatda bo‘lsangiz, tavba qilsangiz, inshoalloh, Alloh kechiradi, – dedim.
Shu-shu bo‘ldiyu, qo‘shnim bilan aloqalarimiz yana tiklandi. Bir kuni suhbatida ularni bu yo‘lga da’vat qilgan akasi va kelinoyisining ahvoli haqida qayg‘urdi. “Qancha gapirmaylik, hech bu yo‘ldan qaytishmayapti, bunga qanday chora topsak ekan”, deb yozg‘irib qoldi.
Oradan ancha vaqt o‘tdi, qo‘shnim Chirchiq shahriga oilasi bilan ko‘chib ketdi. Bir kuni nimadir yumush bilan uning uyiga borganimda kelinoyisini uchratdim. Salom-alik qilgandan so‘ng qizchasi qo‘liga shirinlik berib:
– Bismillahir rohmanir rohiym, deb yegin, dedim. So‘zimni tugatar-tugatmas:
– Unday so‘zni aytmagin, “Isoga hamd bo‘lsin”, degin, – deb o‘rgatdi qizalog‘iga.
– Nega unday deysiz? Axir bolaning tarbiyasiga zid so‘zlar aytyapsiz, yana bu katta shirkdir”, – dedim. U esa:
– Iso Allohning o‘g‘li, Isoga sig‘indik nima, otasiga sig‘indik nima, bari bir. Hech bir xato tomoni yo‘q, – deya ta’kidladi.
Unga tushuncha berish niyatida: “Alloh yagonadir. U tug‘magan va tug‘ilmagan ham” (Ixlos surasi, 1-3-oyatlar) oyatini keltirib o‘tdim. Unga qancha misollarni keltirmay, baribir o‘z fikridan qaytmasdi. Aksincha menga:
– Sizga juda achinaman, e’tiqodda mustahkam ayol ekansiz, ammo adashgansiz, to‘g‘ri yo‘lni tanlashingiz uchun yana bir o‘ylab ko‘ring. Siz ham xudomiz bo‘lgan Isoga sig‘ining, najot topasiz, – dedi.
Men uning aytgan so‘zlaridan o‘zimni juda yomon his qildim, go‘yo nafasim qaytgandek bo‘ldi. U adashganini anglash o‘rniga o‘z to‘riga meni ham chorlab: “Biz birgina Injilni tan olamiz, boshqa kitoblarni tan olmaymiz”, deb so‘zida qattiq turib oldi. O‘zimni tortishishdan qancha olib qochmay:
– Agar gaplaringiz o‘rinli bo‘lganda, shuncha odam masihiylikka e’tiqod qilarmidi? – deb tortishishga kirishdi:
Ayol tilidan so‘zlanayotgan ba’zi so‘zlarni gapirish u yoqda tursin, eslashga ham yuragim dosh bermaydi. Odam shunchalar qabohatga botishi mumkinmi?
Pok dinimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) haqida aytgan so‘zlaridan qattiq qalbim og‘ridi:
– Iltimos boshqa haqorat qilmang, ortiq bardosh qilolmayman, – dedim oxiri. Gapirish befoydaligini bilib, ketishga chog‘landim. Afsuslar bo‘lsinki, uning bu egri aqidasidan qaytarolmadim. Uyni tark etarkanman, obdon o‘yladim. Bu holatga qanday chora ko‘rish mumkin? Kimning loqaydligi sabab bunga?
***
Ishini tez va sifatli qiladigan usta qidirganimizda bizga bir yigitni tavsiya qilishdi. Haqiqatan, ustaning ishi bizga ma’qul keldi, ammo...
Unga yordamchi sifatida ishlayotgan ukam menga o‘rtalaridagi bo‘lgan savol-javobni so‘zlab berdi: “Ustaning vazminligi va o‘z ishiga mas’uliyat va mohirlik bilan yondoshishiga havasim keldi. Ishini o‘rganish uchun diqqat bilan uni kuzatdim. Tushlik vaqti, “Allohga shukr” kalimasini aytganimda usta:
– Men Alloh demayman, Xudo deb murojaat qilaman, – dedi. “Xudoga sig‘inarkan-ku”, dedim ichimda. Ba’zi harakatlarini ko‘rib:
– Hattoki “bismillah” lafzini ishlatmas ekansiz? – dedim ajablanib.
– Men musulmon emasman, masihiyman. Yolg‘iz Isoga sig‘inaman. U meni asraydi, doim hamrohimdir, dedi.
– O‘lganingizda qabringiz qayerda bo‘ladi, sizga kim janoza o‘qiydi, shular haqida ham o‘yladingizmi? – dedim taajjubim tobora ortib.
– Odam o‘lgandan keyin qayerga ko‘milishining ahamiyati yo‘q, janozaga kelsak, o‘qilmasa ham bo‘laveradi, – dedi xotirjam. Yuragim tars yorilgudek bo‘lib:
– Aka bu haqda oilangiz, ya’ni ota-onangiz bilishadimi? – deb so‘radim.
– Ha nafaqat bilishadi, balki ular ham, ayolim ham mening yo‘limda, allaqachon, – deb javob berdi usta.
Ming taassuflar bo‘lsinki, oramizda shunday insonlar borligi achinarli holat. Axir o‘z dinidan qaytgani yetmaganday, bemalol o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishiga qanday ko‘z yumish mumkin?! Ba’zilar o‘z dinini yaxshi bilmaganidan Allohga shirk keltirib, adashyapti. So‘ng boshqalarni ham nasroniylikka chorlayapti.
Alloh taolo kitobida insonlarni ogohlantirib shuday deydi: “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! Albatta, Iso Masih ibn Maryam faqat Allohning payg‘ambari va Uning Maryamga tushirgan “Kalimasi” hamda Uning tomonidan (kelmish) ruhdir, xolos. Bas, Allohga va Uning payg‘ambarlariga imon keltiringiz! “(Ilohlar) uchta” demangiz! Qaytingiz – o‘zlaringizga yaxshi bo‘lur! Albatta, Alloh yagona ilohdir! U farzandli bo‘lishdan pokdir. Osmonlardagi-yu Yerdagi narsalar Unikidir. Alloh vakillikka kifoyadir” (Niso surasi, 171-oyat).
Demak, Iso (a.s.) Allohning o‘g‘li emas, balki bandasi va payg‘ambari, Maryam ham Allohning xotini emas, bir soliha banda. Iso (a.s.)ni “Allohning kalimasi” deb atalishiga bois u zot Allohning “Bo‘l!” degan so‘zi tufayli dunyoga kelgani yoki u zotga aytilgan so‘z bilan hidoyatga yo‘llash joiz bo‘lgani uchundir.
“Ey, (Isoga) imon keltirgan zotlar! Allohdan qo‘rqingiz va Uning payg‘ambari (Muhammad)ga ham imon keltiringiz, (shunda) U sizlarga o‘z rahmatidan ikki barobar ato etur va sizlarga (qiyomatda yorituvchi) nur paydo qilur hamda sizlarni mag‘firat qilur. Alloh mag‘firatli va rahmlidir” (Hadid surasi, 28-oyat).
Nilufar BOZORBOY qizi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan