O‘tmishda ustozlardan biri ko‘p yillar xizmatida bo‘lib dars olgan shogirdlaridan biriga:
– Sen ancha ilm o‘rganding, endi senga ruxsat bersammikan, deb o‘ylayapman-da, ammo turli vaziyatlarda tezkor choralar ko‘rish, uchragan muammolar yuzasidan foydali xulosalar chiqarish kabi masalalarda seni bir sinab olish uchun bittagina savol berib ko‘rsammikan, – debdi.
Shogird:
– Shunday qiling, ustoz, so‘ragan savolingizga to‘g‘ri javob bersam, menga izn bera qoling, – debdi.
– Senga izn bersam, ishonchim komilki, silai rahm qilib, qarindosh-urug‘laringni ziyorat qilasan. Qishlog‘ingga ketayotganingda, yo‘l ustida cho‘ponlarga duch kelasan. Aytaylik, o‘sha cho‘ponlardan birining beshta iti bor. Ana o‘sha itlar senga tashlanib qolsa nima qilasan?
– Qo‘limdagi kaltagim bilan urib haydayman.
– Beshta itga bitta kaltak bilan bas kelib bo‘larkanmi?
– Unda ularni toshlayman.
– Tosh bilan itdan qutulolmaysan.
– Qurolimni chiqarib, o‘ldiraman.
– U holda itlarning egalari seni u yerdan sog‘-salomat qo‘yib yubormaslar. O‘ldirmasalar ham po‘stagingni qoqib, mayib qilib, keyin o‘lgan itlari uchun xun ham talab qiladi.
Shogird boshqa gap topa olmay qoldi:
– Ustoz, savolingizning javobini topa olmadim, yana ozroq vaqt qolib tahsilni davom ettirishim kerak ekan. Ammo ayting-chi, o‘sha itlardan qutulish uchun nima qilishim kerak o‘zi?
Ustoz:
– Tog‘da, adirda, yaylovda – qayerda bo‘lsang ham senga it tashlanib qolgudek bo‘lsa, birinchi qilgan ishing, itning egasini xabardor qilish bo‘lsin. Chunki itlar har doim egalariga yaqin yerda bo‘ladi va egasining bitta so‘zi bilan ortiga qaytib ketadi.
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati