Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam buyuk maqom va martaba sohibidirlar. U zot Payg‘ambarlarning sayyidi, rahmat Payg‘ambari, buyuk shafoat sohibi, maqomi mahmud egasidirlar. Quyida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Qur’oni Karimda kelgan sifatlarini dalillar bilan keltirib o‘tamiz.
لَقَدْ مَنَّ اللّهُ عَلَى الْمُؤمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولاً مِّنْ أَنفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِن كَانُواْ مِن قَبْلُ لَفِي ضَلالٍ مُّبِينٍ
“Batahqiq, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan Payg‘ambar yuborib, ne’mat berdi. U alarga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradir, ularni poklaydir, kitob va hikmatni o‘rgatadir. Garchi oldin ochiq-oydin adashuvda bo‘lsalar ham” (Oli Imron, 164).
الَّذِينَ يَتَّبِعُونَ الرَّسُولَ النَّبِيَّ الأُمِّيَّ الَّذِي يَجِدُونَهُ مَكْتُوباً عِندَهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَالإِنْجِيلِ يَأْمُرُهُم بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَآئِثَ وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالأَغْلاَلَ الَّتِي كَانَتْ عَلَيْهِمْ فَالَّذِينَ آمَنُواْ بِهِ وَعَزَّرُوهُ وَنَصَرُوهُ وَاتَّبَعُواْ النُّورَ الَّذِيَ أُنزِلَ مَعَهُ أُوْلَـئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ
“Ular o‘z huzurlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holida topiladigan, ularni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradigan, ularga pokiza narsalarni halol qilib, nopok narsalarni harom qiladigan, ustilaridagi yukni yengillatib, kishanlarni yechadigan ummiy, Nabiy, Payg‘ambarga ergashadilar. Bas, unga iymon keltirib, yordam berib va uni qo‘llab-quvvatlagan hamda unga nozil bo‘lgan nurga ergashganlar–ana o‘shalar najot topguvchilardir”, dedi. (Allohdan gunohlarini kechishini so‘raganlaridan so‘ng, u zot ikki dunyoning yaxshiligini ham so‘radilar. Faqat oxiratninggina emas, bu dunyo va u dunyoning yaxshiliklarini so‘radilar. Bu hammaga o‘rnak bo‘lishi kerak. Muso (a.s.) tanlab olingan yetmish nafar nomidan qilgan iltijolari oxirida “Biz senga tavba qildik”, dedilar. Muhammadning (s.a.v.) sifatlari haqiqiy Tavrot va haqiqiy Injilda yozilgan. Shunday bo‘lishini Alloh taolo qadimda Muso (a.s.) bilan birga miyqotga kelgan Bani Isroilning yetmishta vakiliga ham aytgan. Keyinchalik shunday bo‘ldi ham. Qanchadan-qancha ahli kitoblar yoki bu kitoblardan bo‘lajak Payg‘ambarning sifatlari haqida ma’lumot olganlar Muhammadni (s.a.v.) ko‘rishlari bilan iymonga keldilar.) (A’rof, 157).
قُلْ يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنِّي رَسُولُ اللّهِ إِلَيْكُمْ جَمِيعاً الَّذِي لَهُ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ لا إِلَـهَ إِلاَّ هُوَ يُحْيِـي وَيُمِيتُ فَآمِنُواْ بِاللّهِ وَرَسُولِهِ النَّبِيِّ الأُمِّيِّ الَّذِي يُؤْمِنُ بِاللّهِ وَكَلِمَاتِهِ وَاتَّبِعُوهُ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ
“Sen: “Ey odamlar, albatta, men sizlarning barchangizga, osmonlaru yerning mulki Uniki bo‘lgan, Undan o‘zga iloh yo‘q bo‘lgan va tiriltirib o‘ldiradigan Allohning Payg‘ambaridirman. Bas, Allohga hamda Uning Alloh va Uning kalimalariga iymon keltiradigan ummiy elchisiga–Payg‘ambariga iymon keltiring. Va unga ergashing, shoyadki hidoyat topsangiz”, deb ayt”. (Burungi Payg‘ambarlar o‘z qavmlari va o‘z zamonlariga, o‘zlaridan so‘ng yangi Payg‘ambar kelguncha bo‘lgan davrga Payg‘ambar bo‘lganlar. Ular insoniyat tarixining ma’lum bir davri uchun mas’ul bo‘lganlar. Ammo Islom Payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) butun olam xalqlariga va qiyomatga qadar kechadigan zamonlarga Payg‘ambar bo‘lib keldilar. U kishining shariatlari vaqt o‘tishi bilan eskirib qolmaydi, balki barcha vaqt va makonga salohiyati bor shariatdir. Shuning uchun ham Muhamadga (s.a.v.) butun insoniyatga qarata, men barchangizga Payg‘ambarman, deb aytish huquqi berilgan.) (A’rof, 158).
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا كَافَّةً لِّلنَّاسِ بَشِيراً وَنَذِيراً وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ
“Biz seni barcha odamlarga faqat xushxabarchi va ogohlantirguvchi qilib yubordik. Lekin odamlarning ko‘plari bilmaslar” (Saba’, 28).
لَقَدْ جَاءكُمْ رَسُولٌ مِّنْ أَنفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُم بِالْمُؤْمِنِينَ رَؤُوفٌ رَّحِيمٌ
“Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi”. (Oyati karimada Payg‘ambarimizning (s.a.v.) asosiy sifatlaridan bir nechasi zikr qilinmoqda. Dunyo tarixida U zotdek (s.a.v.) kishilarga marhamatli, mehribon inson bo‘lgan emas. Bu ulkan haqiqatni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) siyratlari va hadislaridan bilib olamiz.) (Tavba, 128).
إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيماً
“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring”. (Arab tilida “salovot” so‘zi “salot”ning jami bo‘lib, duo ma’nosini anglatadi. Arabchada namoz ham “salot” deyiladi. Chunki namozda ham duo ma’nosi bor. Ammo “salot” Alloh taolo tomonidan bo‘lganida “duo” ma’nosini yo‘qotadi. Alloh taoloning Payg‘ambarimizga (s.a.v.) salovot aytishining ma’nosi u zotga (s.a.v.) o‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘rsatishi va farishtalar huzurida sha’nlariga maqtovlar aytishini anglatadi.) (Ahzob, 56).
إِنَّ الَّذِينَ يُؤْذُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَأَعَدَّ لَهُمْ عَذَاباً مُّهِيناً
“Albatta, Allohga va Uning Rasuliga ozor beradiganlarni Alloh bu dunyo va oxiratda la’natladi hamda ularga xorlovchi azobni tayyorlab qo‘ydi”. (Allohga ozor berish–Allohga shirk keltirish, unga osiy bo‘lish, Uni O‘ziga mos bo‘lmagan sifatlar bilan sifatlash, dinga, Payg‘ambarlariga, kitoblariga til tekkizish. Payg‘ambarga (s.a.v.) ozor berish, o‘sha vaqtda u zotga qarshi chiqish, jismoniy va ma’naviy zarba berish, shaxslariga, oilalari va ummatlariga nisbatan yomonlik qilish, ig‘vo, bo‘hton qilishdan iboratdir. Hozirda ham xuddi shunday: kim u kishining shaxslariga, dinlariga, shariatlariga, oilalariga, kitoblariga, sunnatlariga, ummatlariga til tekkizsa, u zotga (s.a.v.) ozor bergan bo‘ladi.) (Ahzob, 57).
مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَا أَحَدٍ مِّن رِّجَالِكُمْ وَلَكِن رَّسُولَ اللَّهِ وَخَاتَمَ النَّبِيِّينَ وَكَانَ اللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيماً
“Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Ahzob, 40).
يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ إِنَّا أَرْسَلْنَاكَ شَاهِداً وَمُبَشِّراً وَنَذِيراً وَدَاعِياً إِلَى اللَّهِ بِإِذْنِهِ وَسِرَاجاً مُّنِيراً
“Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi, xushxabar eltguvchi va ogohlantirguvchi. O‘z izni ila Allohga da’vat qilguvchi hamda nurli chiroq qilib yubordik”. (Ushbu oyatda Payg‘ambarimizning (s.a.v.) to‘rtta vazifalari va bitta sifatlari zikr qilinmoqda. Ha, Muhammad (s.a.v.) johiliyat zulmatlaridagi nurli chiroqdirlar. Turli zulmatlar ichida yo‘lini topa olmay, urinib-surinib yurgan kishilarni Islomning yorug‘ yo‘liga boshlovchi nurli chiroqdirlar.) (Ahzob, 45-46).
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا مُبَشِّراً وَنَذِيراً
“Biz seni faqat xushxabarchi va ogohlantirguvchi etib yuborganmiz, xolos” (Furqon, 56).
قُلْ يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّمَا أَنَا لَكُمْ نَذِيرٌ مُّبِينٌ
“Sen: “Ey odamlar! Men sizlar uchun faqat bir ochiq ogohlantirguvchiman, xolos”, deb ayt” (Haj, 49).
إِنَّا أَرْسَلْنَاكَ بِالْحَقِّ بَشِيراً وَنَذِيراً وَإِن مِّنْ أُمَّةٍ إِلَّا خلَا فِيهَا نَذِيرٌ
“Albatta, Biz seni haq ila xushxabarchi va ogohlantirguvchi etib yubordik. Qaysi bir ummatki bo‘lsa, unda ogohlantirguvchi bo‘lgan”. (Ey Payg‘ambar, albatta, Biz seni haq din va haq kitob ila mo‘minlarga xushxabarchi, kofirlarga ogohlantiruvchi–qo‘rqituvchi qilib yubordik. Sening Payg‘ambar bo‘lishing ajablanarli ish emas, yangilik ham emas.) (Fotir, 24).
فَلاَ وَرَبِّكَ لاَ يُؤْمِنُونَ حَتَّىَ يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لاَ يَجِدُواْ فِي أَنفُسِهِمْ حَرَجاً مِّمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُواْ تَسْلِيماً
“Yo‘q, Robbingga qasamki, seni o‘z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, keyin, chiqargan hukmingga dillarida tanglik topmasdan, butunlay taslim bo‘lmagunlaricha, zinhor mo‘min bo‘la olmaslar!” (Demak, iymonning, mo‘minlikning bir sharti–har bir narsada Payg‘ambarni (s.a.v.), ya’ni, Islom dinini hakam qilib olish zarurligidir. Mo‘min-musulmonman degan odam, mo‘min-musulmonmiz degan jamiyat o‘zining har bir ishini Islomning hukmi ila olib borishi kerak. Shu bilan birga, ushbu hukmga ham ichidan to‘la rozi, ham sirtidan butunlay taslim bo‘lishi kerak. Bu haqiqatni Alloh taolo qasam bilan ta’kidlab aytmoqda. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham o‘z hadislaridan birida: “Mening jonim qudrat qo‘lida bo‘lgan zot bilan qasamki, havoyu nafsi men keltirgan narsaga tobe’ bo‘lmaguncha, birorta odam mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.) (Niso, 65).
وَمَن يُطِعِ اللّهَ وَالرَّسُولَ فَأُوْلَـئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللّهُ عَلَيْهِم مِّنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاء وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَـئِكَ رَفِيقاً
“Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi!” (Niso, 69).
وَلَوْلاَ فَضْلُ اللّهِ عَلَيْكَ وَرَحْمَتُهُ لَهَمَّت طَّآئِفَةٌ مُّنْهُمْ أَن يُضِلُّوكَ وَمَا يُضِلُّونَ إِلاُّ أَنفُسَهُمْ وَمَا يَضُرُّونَكَ مِن شَيْءٍ وَأَنزَلَ اللّهُ عَلَيْكَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَعَلَّمَكَ مَا لَمْ تَكُنْ تَعْلَمُ وَكَانَ فَضْلُ اللّهِ عَلَيْكَ عَظِيماً
“Agar senga Allohning fazli va rahmati bo‘lmaganida, ulardan bir toifasi seni adashtirishga uringan edilar. Ular faqat o‘zlarini adashtiradilar, xolos. Senga hech zarar yetkaza olmaydilar. Alloh senga kitobni va hikmatni tushirdi hamda bilmagan narsangni bildirdi. Va senga Allohning fazli ulug‘ bo‘ldi”. (Ya’ni, Alloh taolo o‘z fazli va marhamati ila oyatlar tushirib, haqiqatni bayon qilmaganida, To‘ma ibn Ubayraqning qavmi, uni odamlar oldida oqlashni talab qilib, aybni yahudiy shaxsga ag‘darib, Payg‘ambarni adashtirishga urinib qolgan edilar. Ammo bu ishlari bilan ular o‘zlarini adashtiradilar, xolos. Xar qancha urinsalar ham Payg‘ambarga (s.a.v.) zarar yetkaza olmaydilar. Alloh doimo o‘z Payg‘ambarini saqlaydi. Mazkur hodisada noqulaylikdan saqlab qolgani o‘ziga xos fazlu karamdir. Lekin asosiy fazli va haqiqiy marhamati: “Alloh senga kitobni (Qur’onni) va hikmatni (sunnatni) tushirdi hamda bilmagan narsangni bildirdi. Va (shu bilan) senga Allohning fazli ulug‘ bo‘ldi”.) (Niso, 113).
وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ إِذَا قَضَى اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَمْراً أَن يَكُونَ لَهُمُ الْخِيَرَةُ مِنْ أَمْرِهِمْ وَمَن يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالاً مُّبِيناً
“Hech bir mo‘min erkak va hech bir mo‘mina ayol uchun Alloh va Uning Rasuli bir ishga hukm qilganida, o‘z ishlarini o‘zlaricha ixtiyor qilmoq yo‘q. Kim Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘lsa, bas, batahqiq, ochiq adashish-la adashibdi” (Ahzob, 36).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءكُم بُرْهَانٌ مِّن رَّبِّكُمْ وَأَنزَلْنَا إِلَيْكُمْ نُوراً مُّبِيناً
“Ey odamlar! Sizga Robbingizdan burhon keldi va sizga aniq nurni nozil qildik”. (Bu burhon Qur’oni Karimdir. Ushbu burhon Allohning yagonaligining burhonidir. Ushbu burhon Payg‘ambar alayhissalomning haqliklari burhonidir. Ushbu burhon Islomning ikki dunyo saodatiga eltuvchi din ekanligining burhonidir. Alloh taolo O‘z bandalariga rahm etib, ularga ikki dunyo baxtiga erishish dasturi qilib nozil etgan bu Qur’on aniq nurdir.) (Niso, 174).
إِنَّهُ لَقَوْلُ رَسُولٍ كَرِيمٍ
“Albatta u(Qur’on) karamli Rasulning so‘zidir”. (Qur’oni Karimni Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga nisbat berilishi U zot (s.a.v) u kalomni tilovat qiluvchi va kishilarga yetkazuvchi ekanligidandir.) (Alhaaqqah, 40).
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Va albatta, sen ulkan xulqdasan” (Qalam, 4).
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِّلْعَالَمِينَ
“Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo, 107).
مُّحَمَّدٌ رَّسُولُ اللَّهِ وَالَّذِينَ مَعَهُ أَشِدَّاء عَلَى الْكُفَّارِ رُحَمَاء بَيْنَهُمْ تَرَاهُمْ رُكَّعاً سُجَّداً يَبْتَغُونَ فَضْلاً مِّنَ اللَّهِ وَرِضْوَاناً سِيمَاهُمْ فِي وُجُوهِهِم مِّنْ أَثَرِ السُّجُودِ ذَلِكَ مَثَلُهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَمَثَلُهُمْ فِي الْإِنجِيلِ كَزَرْعٍ أَخْرَجَ شَطْأَهُ فَآزَرَهُ فَاسْتَغْلَظَ فَاسْتَوَى عَلَى سُوقِهِ يُعْجِبُ الزُّرَّاعَ لِيَغِيظَ بِهِمُ الْكُفَّارَ وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ مِنْهُم مَّغْفِرَةً وَأَجْراً عَظِيماً
“Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga bo‘lganlar kofirlarga shiddatli, o‘zaro rahimdildirlar. Ularni Allohdan fazl va rozilik tilab, ruku’ va sajda qilgan hollarini ko‘rursan. Ularning siymosi sajda asaridan yuzlarida (balqiydir). Ana o‘sha, ularning Tavrot va Injildagi misollaridir. Bu xuddi urug‘ini yorib chiqarib, quvvatlanib, yo‘g‘onlashib, poyasida tik turib, dehqonlarni ajablantirgan bir ekinga o‘xshaydir. Kofirlarning g‘azabini qo‘zish uchun. Alloh ulardan iymon keltirib va solih amallarni qilganlarga mag‘firat va ulug‘ ajrni va’da qildi”. (Sahobalar, otalari yoki bolalari kofirlar safida bo‘lsalar, ularga qarshi ham qattiqqo‘l bo‘lganlar. Ammo kim bo‘lishidan qattiy nazar, musulmonga mehribon bo‘lishgan. Ularning asosiy sifatlaridan biri — hamma ishni Allohning fazli va roziligi uchun qilishlari. Yana bir sifatlari — ular doim ruku’ va sajda xolatida, ya’ni, ibodat xolatida bo‘ladilar. ) (Fath, 29).
لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيراً
“Batahqiq, sizlar uchun–Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi”. (Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ahzob urushida ham, odatdagidek, eng go‘zal namunalarni ko‘rsatdilar. Xavf-xatar tasvirlab bo‘lmaydigan darajada katta ekaniga qaramay, zarracha qo‘rqmasdan, Madinani himoya qilishga chiqdilar. Salmoni Forsiyning (r.a.) fikrlarini qabul etib, handaq qazishni boshladilar. U zot (s.a.v.) shunday xatarli va nozik bir paytda mo‘min-musulmonlar uchun ishonch, orzu-umid, xotirjamlik timsoliga aylandilar.) (Ahzob, 21).
وَيَوْمَ نَبْعَثُ فِي كُلِّ أُمَّةٍ شَهِيداً عَلَيْهِم مِّنْ أَنفُسِهِمْ وَجِئْنَا بِكَ شَهِيداً عَلَى هَـؤُلاء وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَاناً لِّكُلِّ شَيْءٍ وَهُدًى وَرَحْمَةً وَبُشْرَى لِلْمُسْلِمِينَ
“Har bir ummatga o‘zidan guvoh olib kelgan kunimizda seni anavilarga (ummatingga) guvoh qilib keltiramiz. Senga kitobni har bir narsani bayon qiluvchi etib, musulmonlarga hidoyat, rahmat va xushxabar qilib nozil etdik”. (Ya’ni, qiyomat kuni har bir ummatga Payg‘ambarini guvoh etganimizdek, seni ham ummatingga guvoh qilib keltiramiz. Senga Qur’oni Karimni nozil qilishdan maqsad har bir narsani bayon qilib berishdir. Qur’on mo‘minlar uchun Allohning rahmatidir, musulmonlar uchun hidoyatdir. Qur’oni Karim mo‘minlar uchun xushxabardir, ularga iymonlari orqasidan keladigan yaxshiliklar xushxabarini beradi.) (Nahl, 89).
قُلْ إِن كُنتُمْ تُحِبُّونَ اللّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
“Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarni gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, deb ayt” (Oli Imron, 31).
وَأَنَّهُ لَمَّا قَامَ عَبْدُ اللَّهِ يَدْعُوهُ كَادُوا يَكُونُونَ عَلَيْهِ لِبَداً
“Va, albatta, Allohning bandasi Unga ibodat qilib turganda ular uning atrofida ot yolidek to‘planib, bosib yuboray deyishdi”. (Bu oyatda jinlarning Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga ikkinchi bor kelib Qur’on eshitganlari payti tasvirlanyapti.) (Jin, 19).
So‘zimiz oxirida mavzuga aloqador bir hadisni ko‘rib o‘tamiz.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan biringiz, toki men unga bolasidan ham, otasidan ham va barcha insonlardan ham mahbubroq bo‘lmagunimcha, komil mo‘min bo‘lmaydi” dedilar. Muttafaqun alayh.
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi
Maqola muallifi: MUHAMMAD RAJAB MUN’IM
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan