Moida surasining 3-oyatida bunday deyilgan: “Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzib o‘ldirilgan, yirtqich yegan hayvonlar harom qilindi. Faqat (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol). Va butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham, cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi. Bunday qilishingiz fosiqlikdir… Kim gunohga moyil bo‘lmagan holida ochlikda muztar bo‘lsa, albatta, Alloh mag‘firatli va rahmlidir”.
Alloh taolo bandalariga ko‘plab ne’matlarni tanovul qilishni halol qilib qo‘ygan, barchasining asli halol. Modomiki, harom narsa aralashmasa, iste’mol qilinaveradi. Inson shaxsi yoki amalining unga ta’siri yo‘q. Misol uchun, nonni olaylik. Uning bug‘doyini kim ekkan, kim o‘rgan, qanday yanchilgan yoki qanday qilib nonga aylantirilgan – bularning ahamiyati yo‘q, hammasi iste’mol qilinaveradi. Ammo, go‘sht mahsulotlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki go‘sht tirik hayvondan olinadi. Tirik jonivorni go‘shtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda e’tiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu jarayonga, ya’ni, tirik hayvonni go‘shtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida e’tibor beriladi. Bir qancha shartlar qo‘yiladi. O‘sha shartlar vujudga kelgandagina o‘sha hayvon go‘shti halol hisoblanib, iste’moliga ruxsat beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Alloh nomini zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta ma’naviy jinoyat sodir bo‘lgan bo‘ladi, shu sababli uning go‘shti haromga aylanadi.
Ushbu oyatda go‘shti haromga aylanib qoladigan hayvonlardan bir necha toifasi zikr etilgan. O‘limtik (o‘zi o‘lib qolgan hayvon), hayvon so‘yilganda undan oqadigan qon va cho‘chqa go‘shti shular jumlasidandir. Bularning harom qilingani hikmatlari, tibbiy sirlari haqida «Baqara» surasi tafsirida batafsil so‘z yuritilgan. «Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan» hayvon go‘shtining ham harom bo‘lishi, oldin aytganimizdek, uning iymon taqozosiga to‘g‘ri kelmaganidandir, uni yaratgan va unga jon bergan Zot nomini qo‘yib, boshqaning nomi ila so‘yilganidandir.
«Bo‘g‘ilib o‘lgan» hayvon bo‘g‘ilish oqibatida o‘lgan bo‘lsa, go‘shti haromdir. Unga ham Allohning nomi aytilmagan, ham qoni ichiga tarqab, go‘sht zararli holga kelgan bo‘ladi. «Urib o‘ldirilgan» hayvonda ham avvalgi holdagi hikmat tufayli haromlik hukmi bor. Biror hayvonni tosh, yog‘och yoki shunga o‘xshash narsalar bilan urib o‘ldirilgan bo‘lsa, uning go‘shti haromga aylanadi. «Yiqilib o‘lgan»ga kelsak, tog‘danmi, baland joydanmi yiqilib o‘lgan hayvonlarning go‘shti ham harom sanaladi.
«Suzib o‘ldirilgan» – ikki hayvon bir-biri bilan suzishsayu, biri o‘lib qolsa, uning go‘shti ham haromdir. «Yirtqich yegan hayvon harom qilindi». Ya’ni, bir yirtqich hayvon mazkur go‘shti halol hayvonga hujum qilib yesa, o‘ldirsa, undan ortib qolgan go‘sht harom hisoblanadi. «Magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)» Mazkur holatlarga duchor bo‘lgan hayvonlar o‘lmay turib so‘yib yuborilsa, go‘shti halol bo‘ladi. «Butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham».
Johiliy arablarning turli butlari bo‘lib, ularga atab jonliq so‘yishar va qonini o‘sha butlarga surtishar edi. Bunday hayvonlarning go‘shti, garchi Allohning nomini aytib so‘yilgan bo‘lsa ham, butlarga atalgani uchun haromdir. Oyat davomida katta ma’naviy harom ish ham zikr etilgan: «cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi».
Johiliyat davrida butxonalarda xizmat qiluvchi kohinlar huzurida bir maxsus idishda uchta yoki yettita cho‘p turar edi. Ularga turli iboralar,
jumladan, «Robbim buyurdi» yoki «Robbim qaytardi» degan iboralar yozilgan bo‘lardi. Biror ishni qilish yoki qilmaslikda ikkilangan odam kohinga u-bu narsa berib, fol ochishni so‘rardi. Shunda kohin idishdagi cho‘plarni aralashtirib, fol ochiruvchiga tutar, u idishdagi cho‘plardan birini tortganda «Robbim buyurdi» deb yozilgan cho‘p chiqsa, ishni qilishga, «Robbim qaytardi» deb yozilgani chiqsa, ishni qilmaslikka amr etar edi. Boshqa cho‘p chiqsa, yana pul olib, qaytadan fol ochardi. Xuddi shu uslub qimorning bir turida ham qo‘llanar edi. Bularning hammasi harom qilindi. «Bunday qilishingiz fosiqlikdir». Alloh harom qilgan ishlarni qilishingiz fosiqlik, ya’ni, din amridan chiqishdir. Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi go‘shtlarning harom ekani ta’kidlangan edi. Oxirgi jumlada esa, istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima bo‘lishi o‘rgatilmoqda. Ya’ni, aytaylik, inson ochlikdan muztar bo‘ldi – qiyin holga tushib qoldi, yegani ovqati yo‘q, faqat harom qilingan go‘shtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan iste’mol qilmasa, halok bo‘ladi.
Nima qilishi kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil bo‘lmagan holda, ya’ni, o‘zini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda o‘sha harom narsadan iste’mol qilsa, bo‘ladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni malomat qilmaydi, jazoga tortmaydi. Zotan, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir.
Iroda NODIROVA
“Xadichai kubro” ayol-qiz o‘rta maxsus
islom bilim yurti talabasi
Munosabat
Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va me’yoriy hujjatlar insonning e’tiqod erkinligi, ijtimoiy adolatni ta’minlash, uning qadr-qimmatini hurmat qilish hamda huquq-erkinliklarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda islohotlarning barchasi xalqimiz ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarni rozi qilish va har bir insonning farovon hayot kechirishini ta’minlashga qaratilganini o‘z hayotimizda guvohi bo‘layapmiz. Bugun ro‘yobga chiqayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy qonunimiz va unga asoslangan normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati mujassam. Chunki mazkurlarda «Inson va uning qadr-qimmati» degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yilgan. Shu nuqtayi nazardan, Davlatimiz Rahbari barcha islohotlarning asosiy maqsadini «Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon» degan yuksak tamoyilga qaratmoqda.
Ta’kidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning e’tiqod erkinligini ta’minlash xalqimizni ma’nan yuksaltirish va ilm-ma’rifatli avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mo‘min-musulmonlarimiz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi, mamlakatimiz bo‘ylab yuzlab masjidlar ochildi, Qur’oni karim kurslari faoliyat yuritmoqda. Haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratchilari bir necha yuz mingni tashkil etmoqda. Natijada qariyb 800 ming mo‘min-musulmonlarimiz haj va umra ibodatlarini amalga oshirish baxtiga erishdilar.
Diniy ta’lim tizimining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi yoshlarga ilm-ma’rifat bermoqda. Dunyoviy va diniy bilimlarni uyg‘unlashtirish, diniy sohada kadrlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini ilmiy o‘rganish, zamonaviy tahdidlarning g‘oyaviy asoslarini tadqiq etish yo‘lida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari jadal faoliyat ko‘rsata boshladi.
Yaqinda muhtaram Prezidentimiz ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi bilan tanishish jarayonida din arboblari, ziyolilar, olimlar, me’morlar bilan suhbatlashar ekan, mazkur imoratni buyuk ajdodlarimiz zakovati, xalqimiz ma’naviy salohiyatiga mos qilib barpo etish, uni yoshlar uchun ulkan tarbiya maktabi, sayyohlar uchun tabarruk qadamjoga aylantirish kerakligini ta’kidladilar.
Mamlakatimizdagi mazkur umuminsoniy va inson qadri yo‘lidagi islohotlar amalga oshirilishi hamda fuqarolarimizning e’tiqod erkinligi ta’minlanishida Konstitutsiyamiz va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Shu yilning 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan tashabbus qilingan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ham mana shunday ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ushbu hujjat bilan tanishar ekanmiz, konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda puxta ishlab chiqilganiga guvoh bo‘lamiz.
Xususan, Konsepsiyaning 3-bandida diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelishi ta’kidlanib, bu Davlatimizda barcha dinlarga bo‘lgan e’tibor va e’tirofning yorqin dalili hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, konsepsiya ko‘pmillatli va turli konfessiyali yurtimizda erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgandir. Jumladan, hujjatda “Har bir shaxsning qonun asosida teng huquq, imkoniyat va himoyaga ega bo‘lishini ta’minlash, har bir inson qadrlanadigan, hurmat qilinadigan va fikri inobatga olinadigan ijtimoiy muhitni yaratish”, deb alohida qayd qilingan.
Demakki, bunday sa’y-harakatlar inson qadr-qimmatini oshirishga, millatlar va dinlararo munosabatlarni mustahkamlashga, tinchlik-xotirjamlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ham yanada ahamiyatga ega. Zero, inson qachonki millati, xalqi, dini g‘ami bilan yashasa, barkamollikka erishadi. Hayotga tadbiq etilayotgan bu kabi qonun-qoidalar natijasida hamjihatligimiz yanada mustahkamlanadi.
Muhim bandlarni sinchkovlik bilan o‘qigan inson, qaysi sohada bo‘lmasin, ilm-ma’rifat, ilmiy asoslanganlik va rivojlanishga targ‘ib etilganini anglab yetadi. Jumladan, “jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish”, shuningdek, “mamlakat aholisida, ayniqsa, yoshlarda ilmiy, aqliy salohiyatni yuksaltirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloq normalariga bo‘lgan hurmat ruhini kuchaytirish”, degan mazmundagi bandlar bayon etilgan.
Zero, Islom dini doimo insonlarga taraqqiyot yo‘lida yurishni shart qilgan va kishilarni ilm-ma’rifatga undagan. Chunki jamiyatni ilmdan boshqa narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi va taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Mujodala surasidagi 11-oyatda esa ilmli kishilar Alloh taoloning huzurida boshqalardan ko‘ra yuqori darajada turishi ochiq-oydin aytilgan: «Alloh sizlardan imon keltirganlarning va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur».
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kishilarni ilmga targ‘ib qiluvchi ko‘p hadisi shariflarni aytganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir», dedilar» (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyatlari). Demak, har bir musulmon ilm talab qilishni o‘zi uchun shart deb bilishi zarur. Yurt taraqqiyoti ham, xalqning farovon hayoti ham ilm bilan bo‘lishini har bir inson anglab yetishi juda muhimdir.
Teran nazar bilan loyihani o‘qib chiqqan kishi, mazkur hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilayotganini tushunib yetadi.
Yana bir e’tiborga molik jihat shuki, hujjatning juda ko‘p muhim nuqtalarida umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda tenglik va adolat kabi muhim tamoyillarga katta urg‘u qaratilgan. Bu ham bo‘lsa, jamiyatimiz adolatlilik, insonparvarlik va birdamlik yo‘lidan odimlayotganini yaqqol ifoda etadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mazkur Konsepsiya qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, xalqimiz totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yoshlar ilm-ma’rifati, ma’naviyatini yuksaltirishga, davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga zamin hozirlaydi.