Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعاً إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
“Sen mening tarafimdan: “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir”, deb ayt” (Zumar surasi, 53-oyat).
Imom Buxoriy Sa’d ibn Jubayrdan (r.a.) keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushrik Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga kelib: “Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?” deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani tushirgan ekan.
Ali roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu, Ibn Umar roziyallohu anhu kabi zotlar bu oyatni “Qur’ondagi eng umidbaxsh oyat” deyishgan.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga “Mening bandalarimga ayt” deya amr bilan boshlamoqda.
Alloh taolo “Ey insonlar!”, “Ey mo‘minlar!”, “Ey odamlar!”, “Ey Menga nisbatan isyon qilganlar!” demadi. Balki, “Ey ... bandalarim!” dedi. Mening bandalarim deyapti. Bu esa banda uchun ulkan, bemisl sharafdir. Bu Allohning rahmatidandir.
Alloh taolo “Ey Menga nisbatan isyon qilganlar”, “Ey gunohkorlar!”, “Ey fosiqlar!”, “Ey jinoyatchilar!”, “Ey osiylar!”, “Ey falon-falon ishlarni qilganlar!” demadi. Balki, “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim” dedi. Bandalarining ayblarini berkitdi. Ularga mehribonlik, lutf bilan xitob qildi. Bu ham Allohning rahmatidandir.
Alloh taolo gunoh qilgan biz bandalariga “Endi hammasi tamom. Tavbalaringni qabul qilmayman. Abadiy azobga giriftor qilaman. Ortga yo‘l yo‘q. Senlarni kechirmayman” demadi. Balki, “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!” deb bizni O‘zining rahmatidan noumid bo‘lmaslikka chaqiryapti, shunga amr qilyapti. Bu ham Uning rahmatidandir.
Alloh taolo “Gunoh qilgan bandalar tavba qilib o‘tirmasinlar. Ularni kechirmayman” demadi, balki, “Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar” dedi. Bandalarining qalblarida umid uyg‘otyapti. Mag‘firat so‘rashga undayapti. Bu ham Allohning rahmatidandir.
Alloh taolo “Men gunoh sodir etgan mo‘min bandalarni kechirmayman. Ularni abadiy azobga giriftor etaman” demadi. Balki, “Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir” dedi. Alloh taolo gunoh qilib, qilgan gunohiga astoydil tavba qilgan mo‘min bandasining gunohlarini kechiradi. “O‘ta mag‘firatli” degani ko‘p bandalarining ko‘plab gunohlarini kechiradi, deganidir. “O‘ta rahmli” degani banda tavba qilganidan keyin, uni aynan o‘sha gunohi uchun azoblamay, rahm qiladi, deganidir.
Ha, azizlar, Robbimiz Mehribon, Rahmli, G‘ofir, G‘ofur, G‘affordir. Gunoh qilib qo‘yganimizda, Uning rahmatidan umidimizni uzmay, darhol tavba-istig‘forga berilib, Uning o‘zidan bizni mag‘firat qilishini so‘raylik! Albatta, U bandalarining ko‘plab gunohlarini mag‘firat etuvchi va bandalariga rahmli zotdir.
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV