Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, unga faqat qur'a tashlash bilan erishishdan boshqa iloj bo'lmasa, albatta qur'a tashlar edilar. Tahjir[1]da nima borligini bilganlarida, unda kimo'zar qilar edilar. Hufton va Bomdod namozlarida nima borligini bilganlarida, emaklab bo'lsa ham kelgan bo'lar edilar”(Imom Buxoriy rivoyati).
اللَّهُمَّ اجْعَلْ في قَلْبِي نُوراً، وفي لِسانِي نُوراً، وَاجْعَلْ في سَمْعِي نُوراً، وَاجْعَلْ في بَصَري نُوراً، وَاجْعَلْ مِنْ خَلْفِي نُوراً، وَمِنْ أمامي نُوراً، وَاجْعَلْ مِنْ فَوْقي نُوراً وَمِنْ تَحْتِي نُوراً، اللَّهُمَّ أعْطِني نُوراً
“Allohumma, ij'al fiy qolbiy nuron va fiy lisaniy nuron, vaj'al fiy sam'ii nuron, vaj'al fiy basorii nuron, vaj'al min xolfiy nuron va min amaamiy nuron, vaj'al min favqiy nuron va min tahtiy nuron. Allohumma a'tiniy nuron”
“Allohim! Qalbimda nur qilgin, tilimda nur qilgin, qulog'imda nur qilgin, ko'zimda nur qilgin, oldimdan nur qilgin, ortimdan nur qilgin, ustimdan nur qilgin, ostimdan nur qilgin. Allohim, menga nur ato etgin”(Imom Muslim rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Iqomatni eshitsangiz, namozga sakinat[2] va viqor[3] bilan yurib kelinglar”(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Faqihlar masjidga borishda shoshmasdan, qadamni yaqin-yaqin bosib borishning sunnat ekanini aytganlar. Toki yurib boruvchining savobi yanada ko'p bo'lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni Alloh u bilan xatolarni o'chiradigan, darajotlarni ko'taradigan narsaga dalolat qilmayinmi?” dedilar. Sahobalar roziyallohu anhum: “Ayting, yo Rasululloh”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Masjid sari qadamni ko'paytirish” dedilar (Imom Muslim rivoyati).
اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ
“Allohumma iftah liy abvaba rohmatik”
“Allohim! Menga rahmating eshiklarini ochgin”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan birortangiz masjidga kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom yo'llasin va
“Allohumma mag'fir lana zunubana vaftah lana abvaba rohmatik”
“Allohim! Menga rahmating eshiklarini ochgin”, desin (Imom Nasoiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, unga faqat qur'a tashlash bilan erishishdan boshqa iloj yo'q bo'lsa, albatta qur'a tashlar edilar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bunda o'zgalarga ozor bermaslik, yoshi kattalarni hurmat qilish shart qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz masjidga kirsa, ikki rakat namoz o'qimasdan o'tirmasin”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Agar o'tirib olganidan keyin yodiga tushsa, o'sha zahoti turib, o'qib olsa ham bo'ladi. Ammo makruh vaqtlar bundan mustasno.
اللَّهُمَّ إني أسألُكَ مِنْ فَضْلِكَ
“Allohumma inniy asaluka min fazlik”
“Allohim, fazlingdan so'rayman”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz masjiddan chiqsa, “Allohim, fazlingdan so'rayman”, desin» dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Masjidga kirganingda avval o'ng oyoqni, chiqqaningda avval chap oyoqni bosishing sunnatdandir”.
Davron NURMUHAMMAD
[1] Namozga erta kelish.
[2] Ohista, xotirjam harak'at qilish, behuda narsalardan tiyilish.
[3] Ko'zni tiyish, ovozni ko'tarmaslik, har tarafga alanglamaslik.
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.