Imomlar minbari
Alloh taolo bandalarni rizqning turli sabablarini bajarishga, taqdir qilgan rizqqa bo‘lgan intilishi, uning sabablarini izlashi va mehnat qilishini buyurgan. Ammo har qanday holatda ham – bandaning rizq sabablarini qilish-qilmasligidan qat’i nazar rizqni faqatgina Alloh taolodan ekaniga qat’iy ishonish, yagona Allohni Razzoq deb bilish iymonimiz amridir.
Bu haqda Hakim Termiziyning «Navodir ul-usul fi-ma’rifati ahadisil rasul» kitobida Zayd ibn Aslam (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif keltirilgan.
Ash’ariylar kemada hijrat qilib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzuriga otlanishdi. Ular orasida Abu Muso, Abu Molik va Abu Omir ham bor edi. Manzilga yetish asnosida ularning oziq-ovqatlari tugab qoldi. Shuning uchun oralaridan bir kishini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzuriga yemak so‘rash uchun jo‘natishdi.
U kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) eshigining oldiga yetib borganida quyidagi oyatning o‘qilayotganini eshitdi: «Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir” (Hud surasi, 6-oyat).
Haligi kishi «Ash’ariylar Alloh taolo nazdida arzimas o‘rmalovchi emas», dedi-da, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning huzuriga kirmasdan ortiga qaytdi.
Sheriklari oldiga yetgach, «Xursand bo‘linglar, sizlarga yordam keladi», deya xushxabar berdi. Sheriklari uni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan gaplashgan va U zot yemak yetkazishga va’da bergan, deb o‘ylashdi.
Ko‘p o‘tmay, ikki kishi non va go‘sht to‘ldirilgan katta idish ko‘tarib keldi. Ash’ariylar taomdan xohlagancha yeyishdi. Keyin bir-biriga: «Bu taomning qolganini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga qaytarsak, o‘z zaruratlariga ishlatardilar», deyishdi. Haligi ikki kishiga: «Bu taomni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga olib boring, biz undan hojatimizni qondirdik», deyishdi.
Bir muddatdan so‘ng ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzuriga borib: «Ey Rasululloh, Siz jo‘natgan taomdan ko‘proq va shirinroq taom ko‘rmaganmiz», deb minnatdorlik izhor qilishdi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) taajjublanib: «Men sizlarga taom yuborganim yo‘q», dedilar. Shundan so‘ng ular U zotning huzuriga sheriklaridan birini yuborishgani u bilan bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berishdi. Shunda U zot: «Alloh sizlarni rizqlantiribdi», dedilar. Bu hadis bandaga rizqni qilayotgan ishlari emas, Alloh yetkazishiga yana bir dalildir.
Alloh taolo insonlarning, hayvonlarning va barcha jonzotlarning rizqini O‘z zimmasiga olgan. Zero Alloh taolo ularning Yaratuvchisi bo‘lgani kabi rizqlarini ham beruvchisidir. Rizqni Allohdan deb bilish, shunga ishonish hamda rizq sabablari bo‘lgan ishimizga suyanib qolmasdan Razzoq bo‘lgan Zotni bir lahza bo‘lsa-da unutib qo‘ymasligimiz muhim amallardandir.
Shuhrat G‘OIMOV,
Toshkent shahridagi «Hasanboy»
jome masjidi imom-xatibi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.