Tarixdan bizga ma’lumki, onamiz Momo Havo yaratilishi bilan biz ayollarning burchi sifatida yelkamizga bajarishimiz shart bo‘lgan bir qancha mas’uliyat yuklatildi va bu yo‘lda sobit bo‘lganlarga Allohning muqaddas kalomi Qur’oni karimda, jannat va’dasi berilgani haqida oyatlar nozil bo‘ldi.
Bizga yuklatilgan vazifalarning eng ulug‘i solihalikdan boshlanadi. Qur’oni karimda: “(Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Allohga saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir” deb marhamat qilingan (Niso surasi, 34-oyat).
Quyidagi oyatning tafsirida ayol kishining eriga nisbatan itoatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi diyonat jihatidan talab etilgani batafsil tushuntirilgan.
Solihalikning sharti esa iffatli, diyonatli va sharm-hayoli bo‘lishdir. Shunday ekan, haddan ziyod chayqalib turgan bugungi zamonda, ommaviy madaniyatning avj pardasida, yelkamizdagi bu mas’uliyatni ancha unutib qo‘ymadikmikan, degan xavotirda burchimizga sadoqat bilan yondashsak, ulug‘ mukofotlarga muyassar bo‘lmog‘imiz shartlarini yana bir eslatib o‘tishni joiz topdik.
Abdulloh ibn Salomdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar (sollallohu alayhi vassallam): “Ayollarning eng yaxshisi – nazar solganingda seni xursand qiladigan, buyurganingda senga itoat qiladigan va sen yo‘g‘ingda ham o‘z nafsini va sening molingni muhofaza qiladigan ayoldir”, deganlar.
Qur’oni karimda Alloh taolo: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir”. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir” aytadi (Niso surasi, 34-oyat).
Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam): “Ayol besh mahal namozini o‘qisa, (Ramazon oyi) ro‘zasini tutsa, farjini (zino va fahshdan) asrasa, eriga itoat qilsa, jannatning xohlagan eshigidan kiradi”, dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).
Yana bir hadisda, Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam): “Ayolga eri borligida uning iznisiz (nafl va qazo) ro‘za tutishi, uning iznisiz uyiga (birovni kirishiga) izn berishi halol bo‘lmaydi”, dedilar (Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyati).
Yana bir rivoyatda Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan: “Ayol erining uyidagi narsalardan sadaqa qiladimi?” deb so‘rashdi. U kishi shunday dedi: “Yo‘q, faqat (eri olib kelgan) oziq-ovqatidan sadaqa qilsa mayli. Savobi o‘rtalarida bo‘ladi. U erining molidan uning iznisiz sadaqa qilishi halol emas” (Abu Dovud rivoyati).
Yuqoridagi oyati karima va hadislardan anglanadiki, bizga yuklatilgan nozik va o‘ta muhim burch: ibo-hayo va muomila odobi, rostguylik, vafoga sadoqat bilan ergashishimiz qa’tiy ta’kidlanmoqda.
Rasululloh (solallohu alayhi vassalam) shunday dedilar: “Ayollaringizning eng yaxshisi Allohga taqvo qiladigan, ko‘p tug‘adigan, (eriga) muhabbatli, ko‘ngil oladigan, buysunadiganidir. Ayollaringizning yomoni ochiq-sochiq, kibrlilaridir. Ular munofiqadirlar Ulardan kam uchraydigan qanoti oq qarg‘alar kabi juda ozchiligi jannatga kiradi” (Tabaroniy va Doraqutniy rivoyati).
Rasululloh (sollalohu alayhi vassalam): “Uch kishi hech qachon jannatga kirmaydi: dayus, erkakshoda ayol, aroqxo‘r”, dedilar” (Tabaroniy rivoyati). Shu hadisga chuqur yondashadigan bo‘lsak “erkakshoda” so‘zining o‘zidayoq ayol uchun ayollik nazokati qanchalik muhimligini guvohi bo‘lamiz. Bulardan tashqari ayollardagi shirin so‘z va ochiq qo‘llik, hokisorlik ham jannatga eltishi haqida quyidagicha hadisi sharif keltirilgan.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan: “Sahobalar so‘rashdi: “Falonchi ayol farz namozlarini o‘qiydi, sadaqa sifatida yog‘i olingan pishloq tarqatadi, hech kimga aziyat bermaydi. Bu ayol to‘g‘risida nima deysiz?”. Rasululloh (sollallohu alayhi vassalam) javob berdilar: “Bu ayol jannatiydir!” (Hokim rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan: “Falonchi ayol kechani ibodatda, kunduzlarni ro‘zador kechiradi, mehnat qiladi, sadaqa ham tarqatadi, ammo tili bilan qo‘shnilarga ozor yetkazadi” deyildi. Rasululloh (sollallohu alayhi vassalam) marhamat etdilar: “U ayolda yaxshilik yo‘q jahannamiydir!” (Buxoriy “Al-adabul mufrad”da rivoyat qilingan).
Demak, fan-texnikaning rivojlanishi, mamlakatlarning o‘zaro ijtimoiy-siyosiy aloqalaridagi globallashuvning ko‘lankalari boshimizda qora bulut kabi turgan zamonda biz bu kabi oyat va hadislarga e’tibor va mas’uliyat bilan amal qilsak, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ham o‘rnak ham yo‘l boshlovchi bo‘lgan bo‘lamiz. Agar ota-bobolarimizning turmush va tafakkur tarziga nazar solsak, ular insonning nasl-nasabiga, yetti pushtining tozaligi, avlodning sog‘lig‘iga juda katta e’tibor berganini ko‘ramiz.
Shunday ekan yuqorida keltirilgan oyat, hadislarga umrimiz davomida amal qilsak, sog‘lom avlod bilan chambarchaslikda sog‘lom muhitni, tinch-faravon hayotni asragan va o‘zimizdan keyingi avlodlarga yetkazish yo‘lida yelkamizdagi mas’uliyatni ma’lum darajasini ado etgan bo‘lamiz. Hamda Allohning marhamatiga erishamiz, inshoalloh.
Zilola YARASHBЕK qizi
Toshkent Islom instituti talaba qizlar
bilan ishlash bo‘yicha uslubchi
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati