Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyun, 2025   |   10 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:56
Xufton
21:33
Bismillah
06 Iyun, 2025, 10 Zulhijja, 1446

Mas’uliyat mashaqqati

14.07.2018   7402   5 min.
Mas’uliyat mashaqqati

Tarixdan bizga ma’lumki, onamiz Momo Havo yaratilishi bilan biz ayollarning burchi sifatida yelkamizga bajarishimiz shart bo‘lgan bir qancha mas’uliyat yuklatildi va bu yo‘lda sobit bo‘lganlarga Allohning muqaddas kalomi Qur’oni karimda, jannat va’dasi berilgani haqida oyatlar nozil bo‘ldi.

            Bizga yuklatilgan vazifalarning eng ulug‘i solihalikdan boshlanadi. Qur’oni karimda: “(Ayollar ichida) solihalari –  bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Allohga saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir” deb marhamat qilingan (Niso surasi, 34-oyat).

Quyidagi oyatning tafsirida ayol kishining eriga nisbatan itoatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi diyonat jihatidan talab etilgani batafsil tushuntirilgan.

Solihalikning sharti esa iffatli, diyonatli va sharm-hayoli bo‘lishdir. Shunday ekan, haddan ziyod chayqalib turgan bugungi zamonda, ommaviy madaniyatning avj pardasida, yelkamizdagi bu mas’uliyatni ancha unutib qo‘ymadikmikan, degan xavotirda burchimizga sadoqat bilan yondashsak, ulug‘ mukofotlarga muyassar bo‘lmog‘imiz shartlarini yana bir eslatib o‘tishni joiz topdik.

            Abdulloh ibn Salomdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar (sollallohu alayhi vassallam): “Ayollarning eng yaxshisi – nazar solganingda seni xursand qiladigan, buyurganingda senga itoat qiladigan va sen yo‘g‘ingda ham o‘z nafsini va sening molingni muhofaza qiladigan ayoldir”, deganlar.

            Qur’oni karimda Alloh taolo: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir”. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir” aytadi  (Niso surasi, 34-oyat).

Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam): “Ayol besh mahal namozini o‘qisa, (Ramazon oyi) ro‘zasini tutsa, farjini (zino va fahshdan) asrasa, eriga itoat qilsa, jannatning xohlagan eshigidan kiradi”, dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).

Yana bir hadisda, Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam): “Ayolga eri borligida uning iznisiz (nafl va qazo) ro‘za tutishi, uning iznisiz uyiga (birovni kirishiga) izn berishi halol bo‘lmaydi”, dedilar (Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyati).

Yana bir rivoyatda Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan: “Ayol erining uyidagi narsalardan sadaqa qiladimi?” deb so‘rashdi. U kishi shunday dedi: “Yo‘q, faqat (eri olib kelgan) oziq-ovqatidan sadaqa qilsa mayli. Savobi o‘rtalarida bo‘ladi. U erining molidan uning iznisiz sadaqa qilishi halol emas” (Abu Dovud rivoyati).

            Yuqoridagi oyati karima va hadislardan anglanadiki, bizga yuklatilgan nozik va o‘ta muhim burch: ibo-hayo va muomila odobi, rostguylik, vafoga sadoqat bilan ergashishimiz qa’tiy ta’kidlanmoqda.

Rasululloh (solallohu alayhi vassalam) shunday dedilar: “Ayollaringizning eng yaxshisi Allohga taqvo qiladigan, ko‘p tug‘adigan, (eriga) muhabbatli, ko‘ngil oladigan, buysunadiganidir. Ayollaringizning yomoni ochiq-sochiq, kibrlilaridir. Ular munofiqadirlar Ulardan kam uchraydigan qanoti oq qarg‘alar kabi juda ozchiligi jannatga kiradi” (Tabaroniy va Doraqutniy rivoyati).

Rasululloh (sollalohu alayhi vassalam): “Uch kishi hech qachon jannatga kirmaydi: dayus, erkakshoda ayol, aroqxo‘r”, dedilar” (Tabaroniy rivoyati). Shu hadisga chuqur yondashadigan bo‘lsak “erkakshoda” so‘zining o‘zidayoq ayol uchun ayollik nazokati qanchalik muhimligini guvohi bo‘lamiz. Bulardan tashqari ayollardagi shirin so‘z va ochiq qo‘llik, hokisorlik ham jannatga eltishi haqida quyidagicha hadisi sharif keltirilgan.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan: “Sahobalar so‘rashdi: “Falonchi ayol farz namozlarini o‘qiydi, sadaqa sifatida yog‘i olingan pishloq tarqatadi, hech kimga aziyat bermaydi. Bu ayol to‘g‘risida nima deysiz?”. Rasululloh (sollallohu alayhi vassalam) javob berdilar: “Bu ayol jannatiydir!” (Hokim rivoyati).

 Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan: “Falonchi ayol kechani ibodatda, kunduzlarni ro‘zador kechiradi, mehnat qiladi, sadaqa ham tarqatadi, ammo tili bilan qo‘shnilarga ozor yetkazadi” deyildi.            Rasululloh (sollallohu alayhi vassalam) marhamat etdilar: “U ayolda yaxshilik yo‘q jahannamiydir!” (Buxoriy “Al-adabul mufrad”da rivoyat qilingan).

            Demak, fan-texnikaning rivojlanishi, mamlakatlarning o‘zaro ijtimoiy-siyosiy aloqalaridagi globallashuvning ko‘lankalari boshimizda qora bulut kabi turgan zamonda biz bu kabi oyat va hadislarga e’tibor va mas’uliyat bilan amal qilsak, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ham o‘rnak ham yo‘l boshlovchi bo‘lgan bo‘lamiz. Agar ota-bobolarimizning turmush va tafakkur tarziga nazar solsak, ular insonning nasl-nasabiga, yetti pushtining tozaligi, avlodning sog‘lig‘iga juda katta e’tibor berganini ko‘ramiz.

Shunday ekan yuqorida keltirilgan oyat, hadislarga umrimiz davomida amal qilsak, sog‘lom avlod bilan chambarchaslikda sog‘lom muhitni, tinch-faravon hayotni asragan va o‘zimizdan keyingi avlodlarga yetkazish yo‘lida yelkamizdagi mas’uliyatni ma’lum darajasini ado etgan bo‘lamiz. Hamda Allohning marhamatiga erishamiz, inshoalloh.      

 

       Zilola YARASHBЕK qizi

Toshkent Islom instituti talaba qizlar

bilan ishlash bo‘yicha uslubchi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Harom-halolni ajratmabsiz!

28.05.2025   6283   1 min.
Harom-halolni ajratmabsiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.

Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».

O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.

Abdulmannon Andijoniy