Sizga har bir qilgan qilmishingiz javobi, albatta, o‘zingizga qaytajagini hayotim misolida so‘zlab bermoqchiman. 80 yoshga kirgunimcha birorta gunohim va savobim Uning e’tiboridan chetda qolmaganini his qildim. Isbot sifatida vahshiyona qotillik qilganimni aytib beraman. Oltmish besh yil o‘tsa-da, u kunlarni bir lahza ham esdan chiqarganim yo‘q. Bu o‘y meni hanuz ta’qib etadi, jazosini 65 yildan beri o‘tayman.
Oliygohni bitirib, 22 yoshimda turmushga chiqdim. Tez orada qiz farzandli bo‘ldim. Ammo men bolaga mehr qo‘ymadim. Uning halovatimni buzishi, yig‘lab asabimga tegishiga toqat qila olmas edim, ayniqsa, uni emizishni sira tasavvur qila olmas edim. U menga talpinardi, men esa...
Chaqalog‘im ochiqqanidan tinimsiz yig‘lardi, qaynonam va turmush o‘rtog‘imning: “Bolani emizdingmi, nega buncha yig‘layapti?” deyishlariga javoban: “Ha emizdim, o‘zidan o‘zi yig‘layapti deb, ovozini ular eshitmasligi uchun eshik, derazalarni yopib, hatto og‘zini ham bir-bir qo‘lim bilan berkitib nafasini qaytarardim. Yig‘lay-yig‘lay holdan toygan chaqaloq charchoqning zo‘ridan och bo‘lsa-da uxlab qolardi. Bir parcha go‘sht bo‘lishiga qaramay, ochlikdan qiynalib, iztirob chekishiga e’tiborsiz va rahmsiz bo‘ldim. Och qoldirganim evaziga bola tug‘ilganining uchinchi kuni azoblanib jon taslim qildi. Bu gunohimni hech kim bilmadi...
Yillar o‘tib ketma-ket uch o‘g‘illik bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im 35 yoshida olamdan o‘tdi. Uchala o‘g‘limga bor mehrimni berib katta qildim. Ammo farzandlarim bemehr va shafqatsiz bo‘lib ulg‘aydi. 50 yoshimda xotini o‘lgan bir qassobga ikkinchi bor turmushga chiqdim. U yaxshi fe’lli odam edi. Besh yillik turmushimizdan so‘ng qazo qildi. Nailojlikdan katta o‘g‘limning uyiga bordim. Bir vaqtlar jajji qizalog‘imni qanday och qoldirgan bo‘lsam, meni ham bolalarim shunday och qoldirdi. Kelinlarimning munosabati esa o‘g‘illarimdan ham o‘tib tushardi. 80 yoshdan oshgan kampir bo‘lsam, bir ishni evidan chiqmasdim. Hatto o‘g‘lim ayovsiz kaltaklardi ham. Opam rahmatlikning kelini meni ko‘rishga kelib: “Sizni o‘zim bilan olib ketaman”, deb qoldi. Chunki o‘g‘lim meni molxonaga ko‘chirib qo‘ygan edi. U meni yuvib-tarab, issiq-issiq ovqat bilan tanamni quvvatga keltirdi. “Uyimning to‘ri sizniki, xijolat bo‘lmang”, degan sari ko‘zimdan yosh duv-duv to‘kilardi. Opam o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasmi-di, derdim. Kelinposhshaning menga rahmi kelib ko‘ziga hatto yosh kelganda: “Men shu munosabatlarga loyiqman, deb dilimning chetida menga tinchlik bermayotgan sirimni ochdim. “Men qotilman!. Agar o‘sha qizimni o‘ldirmaganimda hozir sizni yoshingizda bo‘lib, menga mehr ko‘rsatgan bo‘larmidi?”
Uni bir ho‘plam sutga, ya’ni o‘zining haqi bo‘lgan rizqiga zor qilib o‘ldirdim. Javobiga o‘zim ochlik azobini boshimdan o‘tkazdim. Buni birovga aytib shikoyat qilmadim. Negaki, bu menga Allohning jazosidir...
Ko‘p narsalarni kech tushundim, esiz...
Taqdirning ilohiy amrlari – savob ishlarga mukofot va ajri, gunohlarga esa jazosi muqarrarligini bilganimda umrimni bu tarzda o‘tkazmagan bo‘lardim.
Nilufar BOZORBOY qizi
oqqa ko‘chirdi
Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan. Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.
Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.
Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan umidini kesadi”.
Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.
«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi
imom noibi Anvarxon Akramov
Manba: @Softalimotlar