Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Rasulimiz ko‘zlari yoshlangan yoxud iztirobga aylangan kun

12.07.2018   7164   8 min.
Rasulimiz ko‘zlari yoshlangan yoxud iztirobga aylangan kun

Xadicha (roziyallohu anho) onamiz Rasulullohdan qattiq xavotir ola boshladi. To u kishi hamnafas ekan, tinim bilmadi. Nima qilib bo‘lsa ham, Payg‘ambarimizga ko‘mak bersam derdi. Bu paytda u kishi 65 yoshga to‘lgan edi. Yuragi iymon va sadoqat bilan urardi. Yoshlardek g‘ayrati taniga sig‘masdan harakat qilardi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam doimo uning uzun hayot kechirishini, Alloh dini yo‘lida ko‘proq xizmat qilishini tilardilar. Tabiiyki, Xadicha onamiz ham Allohning nusratini ko‘rishni orzu qilardi. Ulkan Quyoshning dunyoga nur taratib, insoniyatni zulmatdan yorug‘likka olib chiqishiga guvoh bo‘lishni xohlardi. Mushriklar Rasululloh sallallohu alayhi vassallamga ozor bergan paytlarda ul zotga nisbatan mehribonchiliklari yanada oshar, taskin-tasalli berar edi. Hali Alloh xuzuriga qaytishga vaqt bor deb bilardi. Mushriklarning aziyatidan qochib, qurash maydonini tark etishni hayoliga keltirmagan edi. “Xadichani o‘ldiramiz”, degan mushriklar niyatiga yeta olishmaydi, degan ishonchda edi. Negaki, Abu Tolibdan keyin” Rasulullohga Xadicha onamizdan boshqa yordam beruvchi kishi qolmagan edi. Bir kecha Qur’on tilovat qilib o‘tirarkan, Xadicha onamizning badanida qattiq og‘riq turdi. Asta-sekin holsizlandi. Rasulullohga qarab: “Ey Allohning rasuli! Alloh sizga yaqinda yordam berajak. Allohning nuri hech qachon o‘chmaydi! Parvardigor o‘z nurini sira tark etmaydi. Aksincha, tez orada uni komil etgay”, dedi.

Rasululloh sallallohu alayhi vassallam bu holsizlikning oqibatini his qildilar. Qo‘llarini kaftlarining ustiga qo‘yib, vujudlarida qattiq bezovtalik borligini sezdilar. “Xadicha, (roziyallohu anho)  bemor bo‘libsan. Yengilgina isitmang bor. Alloh xohlasa, tezda o‘tib ketadi”, deb ko‘nglini ko‘tardilar. So‘ng qo‘llarini uzatib, onamizning turishiga yordam berdilar. Yotoqqa yetgunlaricha suyab bordilar. Yonida utirib, muborak qo‘llari bilan ko‘ksilarini siladilar, peshonalariga sochiq bosdilar. Allohdan shifo so‘radilar. Onamiz yordam berganlari uchun Rasulullohga minnatdorlik bildirdi va borib dam olishini aytdi. “Ey Xadicha, — dedilar Payg‘ambarimiz, — sening haqqingni qanday ado qilaman? Kambag‘al edim, Alloh meni sen tufayli boy qildi. Ximoyasiz edim, uyingda yordam va ximoya topdim. Sen biz uchun mehribon ona, opa, xotin eding… Eng yaqin suyanchig‘imiz eding…” Xadicha onamizning og‘riqlari kuchayib, ko‘zlari yoshga to‘ldi. “Senga nima bo‘ldi? Allohning fazl-rahmati kengdir”, dedilar Rasuli akram. U kishidagi g‘amginlikni ko‘rib, onamiz: “Ey Rasululloh Alloh sizga nusrat beradi, — dedi jilmayib, —ulkan Quyosh Makka va uning atrofidagi zulmatni yoritganini ko‘rishni naqadar orzu qilardim!” Payg‘ambarimiz unga taskin berib dedilar: “Yaqinda, albatta, ko‘rasan. Bu zulmat yengiladi. Hali sog‘ayib ketasan”. Onamizga ma’yus tikilarkan: “Senga Alloh shifo beradi. Xadicha, (roziyallohu anho)  meni hargiz yolg‘iz qoldirib ketma”, dedilar. Dard g‘olib kela boshladi. “Rasululloh — dedi onamiz, — Alloh siz bilan birgadir. Ularning ozor-aziyatlarini, yomonliklarini Alloh tezda o‘zlariga qaytarajak. Hargiz sizni yenga olmaslar. Siz Alloh tomonidasiz. Faqat, aytingchi… Rabbim menga nima va’da qilmoqda? Amallarimni dargohida qabul qilib, mendan rozi bo‘lganmikan?”

Ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun Rasululloh sallallohu alayhi vassallam yuzlarini chetga burdilar. So‘ngra: “Alloh sendan rozi bo‘ldi va senga raxmat aytdi. Haq yo‘lida yordam qilding, mol-dunyoingni ayamading, Rasululloh bilan birga bo‘lding… Kimki Alloh va rasuliga yordam qilsa, Alloh ham unga munosib tarzda ajr beradi. Ey Xadicha, (roziyallohu anho)  senga Adn jannati ichida marjondan qurilgan, ostidan zilol suvlar oqib turuvchi qasr berilajak”, dedilar. So‘ng sovuq suvni peshonasiga bosdilar, harorat bir oz tushib, onamiz tetiklashdi.

“Dushmanlarimiz bizni mag‘lub eta olishmaydi, — dedi Xadicha onamiz — Quraysh ahli bugun nima bilan mashg‘ul?” Atrofida turgan qizlaridan biri: “Onajon, ular kutib turibdilar”, deb yig‘lay boshladi. Rasulullohning ko‘zlari ham yoshga to‘ldi. Qizlarini tinchlantirishga harakat qildilar. Lekin kasallik soat sayin zo‘rayib borardi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam bilan qizlari qattiq havotirga tushishdi. Xovlini to‘ldirib turgan musulmonlarni og‘ir g‘am bosgan edi. Allohdan shifo tilab, duo qildilar. Ularning deyarli barchasi Xadichaning(roziyallohu anho)  yaxshiligidan, hayru sahovatidan bahramand bo‘lgan edilar.

Abu Lahab bilan uning xotini darvoza oldida turib, xovliga kim kirib-chiqsa, gapga tutishardi. Biroq qisqagina javobdan boshqa hech narsa eshitolmasdilar. O‘ta yaxshi ko‘rganlar ham, nihoyatda yomon ko‘ruvchilar ham Xadicha (roziyallohu anho)ning  hol-ahvolini surishtirardi. Rasululloh va qizlari onamizning oldidan jilmay, qarab turishardi. Afsuski, u kishining hayoti so‘ngiga yetib borayotgan edi. Onamiz so‘nggi lahzalarda ham o‘zidan keyin Rasulullohga qurayshliklarning ozor-aziyat berishini o‘ylab, tashvish chekardilar. Tun uzun edi. Sahar bo‘zarib kela boshladi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam u kishining yonida edilar. Xadicha onamiz ko‘zlarini bir ochib, qizlariga va Rasulullohga qaradi. So‘ng rozi-rizolik tilab ko‘zlarini yumdi. Omonatini Parvardigorga topshirdi.

Rasulullohning ko‘zlari yoshga to‘ldi, yuragi iztirob alangasida yondi. Islomni payg‘ambardan so‘ng birinchi bo‘lib qabul qilgan mo‘tabar va mard-jasur ayol dunyodan ko‘z yumgan edi. U Alloh va Uning dini yo‘lida ko‘p ish qildi. Rasulullohning ko‘zlaridan yosh to‘xtamasdi, qizlari ham yig‘lardi. Butun hovli motamga to‘ldi. Xadicha onamizning tobutlari musulmonlar yelkasida Quraysh qabristoniga olib kelindi. Qabrning ustida matoh tortdilar. Rasululloh qabrga tushib, muborak qo‘llari bilan lahadni tekisladilar. Pokiza jasadlarini qabrga qo‘ydilar. Go‘zal yuzlariga so‘nggi marta qarab vidolashdilar. Ko‘zlari yoshga to‘lib, boshlarini eggan holda qabristondan chiqdilar. Keyin uylariga qaytdilar.

Rasululloh Xadichadan (roziyallohu anho) judo bo‘lgach, o‘zlarini o‘ta yolg‘iz his eta boshladilar. Qilgan yaxshiliklarini, sahiyliklarini, shijoatini eslab, ko‘ngillari to‘lar edi. G‘am-qayg‘usi kuchayib, yuz-ko‘zida buning ta’siri sezila boshladi. Mushriklar esa, tabiiyki, Xadicha onamizning vafot etganidan xursand edilar. Bir-birlarini qutlab, “Abu Tolib ham, Xadicha ham yo‘limizdan bartaraf bo‘ldi. Endi musulmonlar zaiflashadi”, derdilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vassallam azadan keyin yana ko‘chaga chiqdilar. U kishiga jinni, esi pastlarni ro‘baro‘ etishib, masxara qilishdi. Ular Payg‘ambarimizning muborak boshlariga tuproqlar sochib, aziyat berishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vassalam g‘amgin holda uyga qaytib keldilar. Bunday paytlarda Xadicha (roziyallohu anho)  tabassum bilan kutib olar, u zotning g‘am-qayg‘usini yozishga urinar edi. Hozir ham shuni qumsadilar. Qizlari Fotima u kishini g‘amgin holda ko‘rib, shoshib oldlariga keldi. Boshlaridagi tuproqni tozalab yuvdi. Onasining mehribonchiliklarini eslab yig‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam ham ta’sirlanib ko‘zlariga yosh oldilar. So‘ng Xadichani duo qildilar. Yetkazgan ozorlari uchun mushriklarni badduo qilib, Allohdan panoh so‘radilar.

 Payg‘ambarimiz Xadicha onamizni hech qachon unutmadilar. Doimo yaxshilik va mehribonchiliklarini eslab gapirardilar. Musulmonlar ham Rasululloh sallallohu alayhi vassallamning g‘am-qayg‘ularini aritishga harakat qildilar. Oxiri u zotni uylantirib qo‘yishga ahd qildilar. Munosib ayol topilsa, Paygambarimizning ko‘nglidagi kemtiklik to‘lib, g‘am-alamlari arirmidi, degan hayolga borishdi. Va bu haqda so‘z ochish uchun u kishining xuzuriga bir ayolni yuborishdi. Ayol: “Ey Rasululloh Xadicha onamizga nisbatan sadoqatingiz ziyoda bo‘ldi. Hatto bu jismingiz va yuzingizga ham ta’sir qila boshladi. Bu g‘amginlikni sizdan aritadigan biror kishi bormi?” deb so‘radi. Rasulullohning ko‘zlari yoshlanib: “Xadicha (roziyallohu anho)ga bo‘lgan sog‘inchimni kim ham ketkaza olardi?! U Allohning rasuliga yordam qildi. Alloh uchun yashadi va Alloh yo‘lida vafot etdi. Xonadonimizning tarbiyachisi va bolalarimning onasi edi”, dedilar.

 

Robiya SAIDXONBALOVA

«Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus

islom bilim yurti talabasi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Tabiat ham Sizni halok etmasin

20.06.2025   10348   6 min.
Tabiat ham Sizni halok etmasin

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.

Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.

Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.

Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.

Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).

Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.

Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:

«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».

O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...

Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.

Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.


«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan