Inson bu dunyo hayotida qanchalik ehtiyotkor bo‘lmasin. Xato va gunoh qilishi mumkin. Alloh taolo barchalarimizni istig‘for aytishimizga amr qilib, shunday degan: «...Allohdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, Alloh mag‘firatli va rahmlidir» (Muzammil, 20).
G‘aflat yoki esdan chiqarish sababidan takror-takror istig‘for aytishga nihoyatda muhtojmiz, zero, Parvardigorimiz bilan bo‘ladigan ruhiy bog‘lanishni tez-tez yangilab turishda, qodir bo‘lganimizcha Uning to‘g‘ri yo‘lidan borishimizda istig‘for aytishimiz lozim bo‘ladi.
Qur’oni karim oyatlari bandalarga Alloh taolo yaxshilikni ravo ko‘ruvchi rahmli zot ekanligini doimo eslatib turadi. Insonning qanday gunohi yoki ma’siyat bo‘lmasin Undan kechirishini, avf etishini iltijo qilishi lozimligini esiga solib turadi. Ma’lumki, inson o‘z tabiati va xilqatiga muvofiq xato qiluvchi, ba’zan kamchilik va ayb ishlarni qilib qo‘yishi mumkin. Agar uning qarshisida nadomat, tavba eshiklari berkitib qo‘yilsa, u hayotda halovatini yo‘qotib tubanlik sari yo‘l tutishi mumkin bo‘ladi. Demak, Islom dini xatokor, gunohkor uchun uzr aytish, tavba qilish yo‘lini ko‘rsatdi.
Bu yo‘l insonni zalolat zulmatidan imon nuri sari yetaklaydi, zamirini poklab, qaytadan obod qiladi, zero Hazrati Rasululloh (s.a.v) barcha as'hoblarini, hamma ummatlarini istig‘for aytishga qiziqtirib, ularga o‘zlari har kuni yetmish marta istig‘for aytishlari xabarini berdilar. Bundan o‘zlariga biron-bir foyda yoki gunohdan xalos bo‘lishni ko‘zlamaganlar, vaholanki, U zot barcha gunoh va xatolardan ma’sumlar. Bundan murod, ummatlariga gunoh yoki xatolardan qanday qilib xalos bo‘lish, adashishdan qaysi yo‘l bilan qutulish yo‘llarini o‘rgatishlari edi.
Aqoidga doir kitoblarimizda yozilganiga qaraganda, Alloh taolo bandalari zimmalaridagi haqlarini kechishi mumkin ekan, ya’ni O‘zi farz qilgan ibodatlarni tark qilgan yoki chala, nuqsonli bajargan bo‘lsa, qaytargan va ta’qiqlagan narsalaridan qaytmasdan gunohkor bo‘lgan bandalari gunohini kechirishi joiz ekan. Ammo bandalar bir-birlariga nisbatan haq-huquqlarini ado etmagan bo‘lsa, o‘zgalarga zulm yoki xiyonat qilgan bo‘lsa, nohaq ozor bergan bo‘lsa, to o‘sha jabrlanuvchilar kechirib, rozi bo‘lmaganlaricha Alloh kechirmas ekan.
Istig‘for aytish, duo qilish va yolborish insonga ruhiy taskin va qalb xotirjamligini, hayot tashvishlaridan xalos bo‘lishda yordam berishini aslo unutmasligimiz zarur. Alloh taolo bilan ruhan bog‘lanishimiz yaxshi va savobli amallarni qilishimiz, hayotda to‘g‘ri yo‘l topishimizda istig‘forning yordami kattadir. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning quyidagi hadisi shariflarining mazmuni ham shu ma’noga dalolat qiladi: «Kim ko‘p istig‘for aytsa, Alloh taolo barcha g‘amni xursandchilikka aylantiradi, qiyinchiliklardan xalos etadi va o‘ylamagan yerdan rizq-ro‘zini yetkazadi» (Imom Ahmad rivoyati).
Muslim ATAYEV,
Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati