Imom Buxoriy aytadi: “Bizga Abu Osim (Nabil) Yazid ibn Abu Ubaydaddan, Yazid Salama ibn Akva (r.a.)dan hadis aytdi:
“Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam janozaga (janozani) o‘qish uchun keldilar va: “U (janozasi o‘qiladigan kishi)ning zimmasida qarzi bormi?”–deb so‘radilar.
Sahobalar: “Yo‘q”,–deb javob berishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning janozasini o‘qidilar. Keyin boshqa bir janozani keltirishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Uning zimmasida qarzi bormi?”–deb so‘radilar. Sahobalar: “Ha”,–deb javob berishdi. Rasululloh: “Birodaringizga o‘zlaringiz janozani o‘qinglar,”–dedilar. Abu Qatoda: “Uning qarzini o‘z zimmamga olaman, ey, Rasululloh!”–dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam unga janoza o‘qidilar.”
Abu Osim Nabil Imom Buxoriyning ustozlaridan hisoblanib, to‘liq ismi Zahhok ibn Muslim Shayboniy Basriydir. Nabil uning laqabi bo‘lib. “pahlavon” degan ma’noni anglatadi. U 212 h. sanada vafot etgan, ba’zi manbalarda bu sana 240 h. yil ekanligi aytiladi.
Hadisning umumiy ma’nosi:
Hadisda marhumning qarzdor emasligi so‘ralmoqda. Risolat sohibining “Ummatimdan vafot etgan kishining mulki, merosi uning vorislariga, qarzi esa mening zimmamgadir” mazmunidagi hadislari ham mavjudligini e’tiborga olsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning mazkur hadisdagi “Birodaringizga o‘zlaringiz janozani o‘qinglar,” degan so‘zlari marhumga janoza o‘qimaslik uchun emas, balki dunyodan o‘tgan kishi ortida qarz qoldirishini durust emasligini ummatga uqtirish uchun aytilganligi ma’lum bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummat uchun vafot etgan kishini dafn etish tartiblari borasida buyuk bir namunani sunnat qilib qoldirdilar. Rasulullohdan qolgan bu an’ana to hozirgacha o‘z ko‘rinishini yo‘qotmasdan davom etib kelmoqda. Marhum janoza o‘qish uchun keltirilganda imom: “Dunyodan o‘tgan marhum holi hayotda birortamizni bilib-bilmay ko‘nglimizni og‘ritgan bo‘lsa, hamma rozimi?”–deb so‘raydi. Zero, qarz ma’naviy va moddiy bo‘ladi. Ma’naviy qarz birovning ko‘ngliga ozor berib yoki g‘iybat qilib, undan kechirim so‘rashni ortga surish kabilardan iborat. Moddiy qarz esa birovdan biror narsani qarzga olib, berolmaslikni o‘zida qamraydi.
Ta’ziyaga kelgan jamoatning roziligidan so‘ng: “Marhumning moddiy qarzi bo‘lsa, da’vogar so‘rab kelganda kafillikka oluvchi kimsa bormi?”–deb so‘raladi. Marhumning yaqinlaridan biri buni o‘z zimmasiga olganidan so‘ng, unga janoza o‘qiladi. E’tibor qilinsa, inson zotiga nisbatan u dunyodan o‘tib ketayotgan pallada ham naqadar ulkan hurmat bajo qilinmoqda. Bu yuksak ehtirom o‘z shaklini 14 asrdan beri o‘zgartirmasdan, asl holida saqlanib kelmoqda.
Shu o‘rinda bir masalaga ham e’tibor qaratmoqchimiz. Mazkur hadis faqat “Kafolat kitobi” zamirida kelish bilan cheklanib qolmasdan, undagi “Kim biror mayyitning qarzini o‘z bo‘yniga olgan bo‘lsa, undan qayta olmas!”bobiga kiritildiki, bu marhumning qarzini o‘z zimmasiga oluvchi kishi bu mas’uliyatni gardaniga olishdan oldin o‘zining moddiy holatlarini ham e’tiborga olib qo‘ymog‘i lozim ekanligi kelib chiqadi. Chunki, moddiy qarzning turli ko‘rinishi mavjud bo‘lib, birovni qarzini o‘z zimmasiga oluvchi kishi buning mas’uliyatlarini yaxshi anglab yetmog‘i lozim bo‘ladi.
Moddiy qarz mulkiy yoki mablag‘ ko‘rinishida bo‘lib, u qarz shaxsdan yoki jamiyatdan, yoki davlatdan ham bo‘lishi mumkin;
1). Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro qarz oldi-berdilari bir shaxsning ikkinchi bir yoki undan ko‘proq shaxsdan qarzdorligiga kiradi.
2). Jamoat mulkini o‘zlashtirish, yoki istifoda qilish uchun vaqtincha olib turish bir shaxsning jamiyatdan qarzdorligiga kiradi.
3). Davlatga tegishli narsani yoki ma’lum mablag‘ni qarzga olish, soliq va kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida bermaslik shaxsni davlatdan qarzdorlini vujudga keltiradi.
Marhum qarzlarini o‘z zimmasiga oluvchi kishi mana shu uch xil turdagi qarzlarni, agar da’vogar dalil isbot bilan kelsa to‘lab berishni o‘z zimmasiga oladi. Bu o‘rinda moddiy qarzning kimdan yoki qanaqa ekanligini ahamiyati yo‘q. Marhum qarzi zimmaga olindimi marhumdan soqit bo‘lib kafillikka oluvchi zimmasiga o‘tadi va u bu so‘zidan qayta olmaydi. Haq egasi qarzni so‘rab, talab qilib keladimi yoki kelmaydimi qat’iy nazar, kafillikka oluvchi marhum qarzni mavjudligini bildimi, unga qarzni to‘lashi lozim bo‘ladi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
A). Musulmon kishi zimmasidagi qarzni tirikligida ado etishini lozimligi.
B). Marhum qarzdor bo‘lsa, uning qarzi to‘languncha yoki yaqinlaridan biri zimmasiga olgunga qadar janozasini kechiktirib turishning sunnat amal ekanligi.
V). Marhumning yaqinlari marhumning qarzini o‘z zimmasiga olishlarini mumkinligi.
G). Marhum qarzini o‘z zimmasiga olgan kishi bu so‘zidan qayta olmasligi.
Nodir QOBILOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi,
“Sog‘ish ota” jome’ masjidi imom-xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati