Allamahal uyg‘ondim.
Allaqanday nur ko‘rindi, ammo xona eshigi yopiq edi.
Qarasam, soat 3.30, sahar vaqti.
Menga ko‘rinayotgan nur qaydan tushayotir?
---
Birdan qo‘rqib ketdim, chunki qo‘limning yarmi devor ichiga botib ketgan edi.
Shoshib qo‘limni tortib oldim, vahima ichra o‘tirib qo‘limga qaradim.
Qo‘limni yana devorga tiradim, qo‘lim yana devor ichiga kirib ketdi!!!
---
Bir kulgi ovozini eshitgandek bo‘ldim.
Ukamning yotgan joyiga o‘girilib qaradim, uxlab yotibdi.
Qo‘rqqanimdan o‘rnimdan turib ukamni uyg‘otgani bordim.
Ammo javob bermadi.
To‘g‘ri onamning xonasiga bordim.
Otamni uyg‘otmoqchi bo‘ldim.
Birortasining menga javob berishini istar edim, lekin kimsa javob bermas edi.
Onamni uyg‘otmoqchi bo‘lgan edim, qarasam, onam uyqudan uyg‘ondi.
Uyg‘ondi-yu, ammo men bilan gaplashmadi.
---
“Bismillahir rohmanir rohim” derdi va yana shu iborani takrorlar edi.
Otamni uyg‘otdi. “Turing, bir bolalardan xabar olib kelaylik”, dedi.
“Hozir-a, ayni uyquning vaqti-ku, bir oz yot, tong yorishadi”, dedi otam.
Ammo onam g‘ishava qilaverganidan keyin otam ham o‘rnidan turdi va ular oldin-keyin bo‘lib xonamizga kirib kelishdi.
---
“Otajon, onajon”, deya baqira boshladim, ammo hech biri javob bermadi.
Onam egnidagi kiyimini g‘ijimladi, uning meni tinglashini istayotgan edim, biroq u meni his etmayotgandi.
Onamning orqasidan ergashib yura boshladim, u bizning xonamizga kelib eshikni ochdi.
Biroq menga farqi yo‘q edi, menga har taraf eshik edi.
Ayni o‘sha vaqtda juda qiziqarli bir hodisaga yuzlashdim.
---
O‘zimning vujudimni ko‘rdim!
Ha, o‘z vujudimni.
O‘tirib o‘zimni o‘zim tomosha qilardim. ikki kishi edim.
O‘zimdan o‘zim, kim bo‘ldi bu ajabo? deb so‘rar edim.
Bu vahimali tushdan qutulay, deya o‘zimni o‘zim uyg‘ota boshladim.
Ammo uyg‘ona olmadim.
---
Otam: “Ana yotishibdi-ku, yur ketdik, xonamizga”, dedi.
Lekin onam xotirjam bo‘la olmadi va men yotgan o‘ringa yaqin kelib,
Meni uyg‘ota boshladi. “Tur, Muhammad, turaqol, menga javob ber”.
Ammo javob yo‘q edi!!!
Bir necha marta urinib ko‘rdi, bo‘lmadi.
Daf’atan, otamning ko‘zlaridan yosh oqayotganini ko‘rib qoldim.
Shu vaqtga qadar hech qachon otamning yig‘laganini ko‘rmagan edim.
Baqir-chaqir, yig‘i-sig‘i boshlanib ketdi, ukam uyg‘ondi va: “Nima bo‘ldi?” deb so‘radi. otam achchiq yig‘i orasida: “Akang Muhammad o‘ldi”, dedi.
---
Yig‘i-sig‘i boshlandi.
Onamning oldida turib, “oyijon, yig‘lamang, qarang, mana qarshingizda turibman”, deyman.
Biroq negadir hech kim gapimga quloq solmaydi.
O‘tirib olib “men bu yerdaman”, deya baqira boshladim.
Qancha baland ovozda baqirsam ham hech kim e’tibor qilmadi.
Yo Rabbiy, meni bu qo‘rqinchli tushdan va bu azobdan xalos et, deya iltijo qila boshladim.
---
Uzoqdan bir sas eshitdim, yaqinlashgani sayin balandlashardi.
U – Alloh taoloning bir oyati karimasi edi:
(Albatta, sen bundan g‘aflatda eding. Bas, Biz sening pardangni ochdik va bugun ko‘zing o‘tkirdir).
Qo‘qqisdan ikki kishi kelib, meni tutdi, ular inson emasdi.
Juda qo‘rqib ketdim!
“Qo‘yib yuboring meni, kimsiz o‘zi, mendan nima istaysiz?” deya baqira boshladim.
“Qabrga qadar sening qo‘riqchilaringizmiz”, dedilar.
----
“Men o‘lmadim, hali yashayapman”, dedim.
“Nega meni qabrga olib ketyapsiz, qo‘yib yuboring! Men his etyapman, gaplashyapman va ko‘ryapman, men o‘lganim yo‘q”.
Menga kulimsirab javob berdilar.
Dedilarki, “Ey insonlar, sizlar juda ham ajoyib yaratiqsiz, o‘limni hayotning so‘nggi deb hisoblaysiz, ammo bilmaysizki, aslida siz yashagan hayot ro‘yodan iborat bo‘lib o‘lganingiz zahoti uyg‘onasiz”.
Meni hali ham qabrga qaratib olib borayotgan edi.
Yo‘lda borayotib ko‘rdimki, men kabi insonlar va ularning yonlarida ham ayni meni olib ketayotganga o‘xshagan ikkitadan yaratiq bor, qaysi biri kulyapti va qaysi biri baqirib yig‘layapti.
Ulardan: “Nega bunday qilyapti, anovilar?” deb so‘radim.
Dedilarki, “Bu insonlar hayrat ichidadirlar, qayoqqa ketayotganini biladilar, qaysi birlari zalolatdalar...” qo‘rquv ichida so‘zlarini bo‘lib so‘radim:
“Otashga ketyaptilarmi?”
“Ha”, dedilar.
So‘zlarida davom etib anovi kulayotganlar jannatga ketayotganlarini aytdilar. Darhol: “Xo‘p, men qayoqqa ketaman?” deb so‘radim.
“Sen ba’zan, yaxshi eding, ba’zan yomon eding, – dedilar. – Ba’zida tavba qilib, ertasiga gunoh ishlar qilar eding va borayotgan manzilingni o‘zing aniq bilmas eding, bu yerdagi ahvoling shu odatingga monand bo‘ladi”.
Dahshatga tushib yana gapini bo‘lib so‘radim:
“Ya’ni, men otashga ketyapmanmi?”
Ular: “Allohning rahmati keng va yo‘lchilik uzundir”, dedilar.
---
Yuzimni o‘girib qo‘rquv ichida ortimga boqtim, oilam: otam, amakim, qarindoshlarim hammasi
tobutga solib mening jasadimni ko‘tarib kelayotgan edi.
Ularning oldiga yugurib bordim va “Men uchun duo qiling, iltimos”, deya yolvordim.
Ammo kimsa menga javob bermadi,
qaysi biri yig‘layotgan edi, boshqasi mahzun edi.
Ukamning oldiga borib: “Diqqatli bo‘l, dunyoning fitnasi seni chalg‘itmasin”, dedim.
Meni eshitishini jon-jonimdan istadim.
U ikki farishta meni qabrdagi jasadimga bog‘ladilar.
Qarasam, otam ustimga tuproq tashlayapti.
Qarindoshlarim ham tuproq tashlayapti.
U yerdagi insonlarning hammasi ustimga tuproq tashlayapti.
----
Dedimki, “Oh, koshkiydi ularning o‘rnida bo‘lsam-da, Allohga tavba etsam edi”. Kechalari va kunduzlari namozlarimni o‘qisam edi.
Koshkiydi har kuni Rabbimga duo etsam edi.
Koshkiydi har kuni tavbamni yangilasam edi.
Koshkiydi yomonliklardan uzoq bo‘lsam edi.
Qabrimning tepasi yopilayozgan choqda:
“Ey insonlar! hushyor bo‘ling, dunyo hayoti sizni aldab qo‘ymasin”, deya baqira boshladim.
Baqirig‘imni ozgina bo‘lsa-da eshitishlarini juda ham istadim.
Siz meni eshityapsizmi?..
Damin JUMAQUL
tarjimasi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH