Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

13.07.2018 y. Har ishda halollik lozim

08.07.2018   6137   14 min.
13.07.2018 y. Har ishda halollik lozim

بسم الله الرحمن الرحيم

Har ishda halollik lozim

(Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni

qo‘llab-quvatlash yili)

Muhtaram jamoat! Inson Alloh taolo tarafidan mukarram va aziz  qilib yaratilgan zotdir. Odamzotdan boshqa mahluqotlar ko‘plab yaratilgan bo‘lsada, ammo aqldek javharga faqat inson musharraf bo‘lgan. Har bir ish va yumushni aql ishlatib, fikr qilib ko‘rish insonning burchidir. Odam uchun foyda va savobli ishlarning biri bu luqmani halol qilishdir. Insonning tanasini do‘zax o‘tidan saqlovchi bir sabab – aynan halol luqmadir. Shari’atimiz insonning kasb-kori faqat halol bo‘lishi, rizq-ro‘zining manbai biror shubha aralashmagan halol mablag‘dan bo‘lishiga chaqiradi. Bizning dinimizda halol luqma talab qilish hatto farz darajasiga ko‘tarilgan.

Qur’oni karim va sunnati nabaviya hukmi ila halol va harom o‘rtasidagi farq ochiq oydin bayon qilingan. Kim o‘zini ularga taslim sanasa, haromdan hazar qilsin, o‘zganing haqqiga tajovuzdan tiyilsin. Shundagina Islom ummati nomiga munosib bo‘lamiz. Alloh taolo Baqara surasida shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ

ya’ni: “Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”(Baqara surasi, 168-oyat).

Ushbu oyati karimada shaytonning izlaridan ergashish halol-pok rizqlarni yeyishga zid qilib qo‘yilmoqda. Bundan murod – “Shaytonning yo‘lida yurganlarni halollik yo‘lidan yurishga qo‘ymaydi", deganidir. O‘tgan ahli solihlarimizdan Sahl ibn Abdulloh: “Najot uch narsada – halol yeyish, farzlarni ado etish va Nabiy alayhissalomga ergashishdadir”, deganlar.

Qur’oni karimning boshqa oyatida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ

ya’ni: “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

Molni botil yo‘llar bilan yeyishga ribo (ya’ni sudxo‘rlik), poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy tarzda oshirish, o‘g‘rilik, firibgarlik va tovlamachik kabi yo‘llar ila mol topish kiradi.

Halol luqmaning ahamiyati va haromdan topilgan mol-mulkning zarari borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عن أبي هريرة رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:"إنَّ اللهَ طَيِّبٌ لاَ يَقبَلُ إِلاَّ طَيِّبًا، وَ إِنَّ اللهَ أَمَرَ المُؤمِنِينَ بِمَا أَمَرَ بِهِ المُرسَلِينَ، فَقَالَ تَعَالىَ: {يَا أَيُّهَا الرُّسُلُ كُلُوا مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحًا إِنِّي بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ}  (سورة المؤمنون/51)، وَ قَالَ تَعَالىَ: {يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ}  (سورة البقرة/172)، ثُمَّ ذَكَرَ صلى الله عليه وسلم الرَّجُلَ يُطِيلُ السَّفَرَ أَشعَثَ أَغبَرَ يَمُدُّ يَدَيهِ إِلىَ السَّمَاءِ وَ يَقُولُ يَا رَبِّ ياَ رَبِّ وَ مَطعَمُهُ حَرَامٌ، وَ مَشرَبُهُ حَرَامٌ، وَ مَلبَسُهُ حَرَامٌ، وَ غُذِيَ باِلحَرَامِ! فَأَنىَّ يُستَجَابُ لِذَلِكَ؟"

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: U zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, Alloh taolo pokdir va U pok narsanigina qabul qiladi. Darhaqiqat, Alloh taolo payg‘ambarlarga buyurgan narsani mo‘minlarga ham buyurgan. U aytganki: Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz!(Mo‘minun surasi, 51-oyat) va yana aytdiki: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” (Baqara surasi, 172-oyat). Shundan so‘ng, Rasululloh ﷺ  bir kishi haqida aytdilar: U uzoq (haj) safariga chiqib, soch-soqoli to‘zg‘ib, changga botgan holda ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib, ey, Rabbim, ey, Rabbim, deydi. Vaholanki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, haromdan oziqlangan! Qayerdan ham duosi ijobat bo‘lsin?” (Imom Muslim rivoyati).

Demak, musulmon inson haromdan, birovning haqqidan do‘zaxga tushishdan qo‘rqqan kabi qo‘rqishi zarurdir. Zotan, inson birovning igna qadar haqqi sababidan halokatga uchrashi mumkin. Bu esa turli kasb va sohalarda xizmat qilayotganlar iymonu ixlos bilan halollikni lozim tutishini ifodalaydi.

Jumladan: Nonvoy erta-tongdan unni qorib, kasbga kirishar ekan, yopadigan noni har bir insonning qo‘liga halol pok yetib borishi uchun undan pokizalik talab qilinadi. Hatto peshonasidan tomadigan terni ham qorayotgan xamirga tommasligi chorasini ko‘rishi lozimdir.

Qassob ham so‘yayotgan jonliqni "Bismilloh"ni aytib, halol pokiza so‘yishi, jamiyatga halol go‘sht taqdim qilishni o‘zining burchi deb bilishi hamda bu borada o‘zini  omonatdor his qilishi lozimdir.

Jamoat joylarida xizmat qilayotgan oshpazlar, hatto idish-tovoq yuvushchilar ham pokizalikka katta ahamiyat qaratishi lozim bo‘ladi.

Haydovchilar ham belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilib, yo‘lovchilar xavfsizligini  ko‘zlab harakat qilishi va o‘zgalarga xalaqit bermasdan avtoulovlarni boshqarishi lozim bo‘ladi.

O‘qituvchi-muallimlar ham dars vaqtini rioya qilishi hamda o‘z kasbining omonatdori ekanini aslo unumasliklari lozimdir. Ular sinfxonada 45 minut yoki 80 minut dars vaqtidan har bir daqiqasini unumli foydalanishi, o‘quvchi yoki talabalarga manfaatli bilimlari yetkazishga bor imkoniyatini sarflashi, buning uchun esa avvalo darsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, vaqtida kelishi lozim bo‘ladi.

O‘quvchi talabalar ham o‘qituvchining hamda sinfdoshlarining vaqtini behuda zoye qilmasligi uchun uy vazifalarini yaxshi tayyorlab kelishlari, bu borada ularni ota-onalari qattiq nazorat qilishlari talab qilinadi.

Shuningdek, xalqning sog‘lig‘iga mas’ul bo‘lgan soha mutaxassislarining xizmatlari ham alohida tahsinga munosibdir. Shunday bo‘lsa-da, ularga maslahatimiz bemorlarga nisbatan imkon qadar yaxshi muomala qilishi, ularni davolashda bor imkoniyatlarini ishga solishlari lozim bo‘ladi.

Xuddi shu kabi boshqa barcha soha vakillari ham halollikka ahamiyat qaratishi, o‘zlari Alloh taoloning huzurida hamda jamiyat oldida kasbining omondori deb bilishlari lozim bo‘ladi.

ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda yolg‘onchilik, va’daga vafosizlik, tovlamachilik, birovni aldab pul va narsalarini olish, qarz, omonatga narsa olib, bermasdan yurish, oddiy holatlarda ham yolg‘on gapirish, o‘z manfaatini o‘zganing manfaatidan, haqqidan ustun qo‘yish kabi razil illatlar, og‘ir gunohlar borki, ba’zi insonlarga kasb-korlarida oddiy holga aylanib bormoqda. Bu illatlar nafaqat insonning umri, rizqi, moli, oilasidan barakani ketkazadi, balki kishining oxirati uchun ham ayanchli oqibatlari uchun ham sabab bo‘lib qoladi. Shu sabab bunday illatlardan ogoh bo‘lishimiz darkor. Zero hadisi shariflardan birida bunday deyilgan:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ :"وَالَّذِي نَفسُ محمد بِيَدِهِ إِنَّ العَبدَ لَيقَذِفُ بِلُقمَةِ الحَرَامِ فيِ جَوفِهِ فَلَا يَقبَلُ مِنهُ عَمَلُ أَربَعِينَ يَومًا، وَ أَيُّمَا عَبدٍ نَبَت لَحمُهُ مِن السُّحتِ وَ الرِّبَا، فَالنَّارُ أَولَى بِهِ"

(رواه الإمام الطبراني)

ya’ni: “Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, banda qorniga bitta harom luqmani tashlashi bilan qirq kunlik amali qabul bo‘lmaydi. Qaysi bandaning eti harom va ribo orqasidan o‘sgan bo‘lsa, u do‘zaxga loyiqdir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

boshqa bir hadisi sharifda: “Kimiki qayerdan mol topayotganiga e’tibor qilmasa, Alloh ham uni do‘zaxning qaysi eshigidan kirishiga parvo qilmaydi”, deya, insonlarni halol rizqni talab qilishga, birovning haqqidan ogoh bo‘lishga qattiq undaganlar.

O‘tgan solih ota-bobolarimiz tarozidan urib qoluvchilar haqida: "Bir dona donni foyda qilaman deb, kengligi yeru osmonlarcha bo‘lgan jannatni boy berganlarning holiga voy bo‘lsin!" – der edilar.

Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning doimo halollikka e’tibor berishligi, shubhali luqmadan ham ehtiyot bo‘lishi xaqida shunday deydi:

“Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning bir quli bo‘lib, u ishlab bir narsalar topib kelar edi. Bir kecha o‘sha qul taom olib keldi. Abu Bakr roziyallohu anhu undan bir luqma yegan vaqtida qul u kishiga sizga nima bo‘ldi? Har kecha mendan olib kelgan narsalarimni qaysi yo‘l bilan topib kelganim haqida so‘rar edingiz, bu kecha esa so‘ramadingiz, – dedi.

–Buni yeyishga meni ochlik majbur qildi. Buni qaysi yo‘l bilan topib kelding? – dedi Abu Bakr roziyallohu anhu.

–Johiliyat paytida bir qavm oldidan o‘tayotib ularga afsun qilgan edim. Bu xizmatimga ular menga haq berishni va’da qilishgan edi. Bugun ularning oldidan o‘tib ketayotsam, to‘y bo‘layotgan ekan, o‘sha va’da qilgan narsalarini berishdi, – dedi qul.

–Meni halok qilay debsan-ku, – dedi Abu Bakr roziyallohu anhu va qo‘lini og‘ziga tiqib qusishga xarakat qila boshladi. Yegan narsasi esa chiqmadi. U kishiga bu narsa faqat suv bilan chiqadi, deyildi. U kishi bir idishda suv olib kelishlarini buyurdi. Suv keltirilgach, undan ichib qusishga urindi. Oxiri yegan narsasini chiqarib tashladi. Shunda u kishiga “Alloh rahmingizni yesin, bir luqmani deb shunchalik qilasizmi?” – deyildi.

Abu Bakr roziyallohu anhu: Agar yegan narsam jonim bilan qo‘shilib chiqadigan bo‘lganida ham, albatta chiqarar edim. Rasululloh alayhissalomning  “Haromdan o‘sgan har bir jasadga do‘zax vojibdir”, deganlarini eshitganman. Ushbu luqmadan jasadimda biror o‘sish bo‘lib qolmasin deb qo‘rqdim”, – dedi.

Ayniqsa, hozirgi kunimizda nasiyaga savdo qilib yoki qarz olib, hatto imkoniyat bor bo‘lsa ham o‘zgalarning haqqini o‘z vaqtida bermay, haqdordan yashirib yurish holatlari ko‘p uchramoqda. Vaholanki, bunday holat shariatimizda ulkan gunoh ekani, haqdorga nisbatan zulm ekani aytib o‘tilgan. Qarzdor holatda vafot ekan inson Qiyomat kunida og‘ir ahvolda qolishidan ogohlantirilgan.  

عَنْ أبِى مُوسَى رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ" :أَعْظَمُ الذُّنُوبِ عِنْدَ اللَّهِ ، أَنْ يَلْقَاهُ بِهَا بَعْدَ الْكَبَائِرِ الَّتِي نَهَى اللَّهُ عَنْهَا ، أَنْ يَمُوتَ رجُلُ وعَلَيْهِ دَيْنٌ لا يَدَعُ لَهُ قَضَاءً "

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ)

ya’ni: Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning nazdida Alloh qaytargan kabira gunohlardan keyingi eng og‘ir gunoh bir kishining zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay o‘lib, U zotga ro‘baro‘ bo‘lishidir”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Muhtaram jamoat! Harom taomdan ulg‘aygan bola, albatta, buzuq va zulmkor bo‘ladi, unga hech qanday pand-nasihat, ta’lim kor kilmaydi, chunki haromda shayton bor, harom luqma bilan birga shaytoniy tabiat ham bolaning tanasiga singib boradi. Aksincha, halol luqma esa qalbga nur, dilga surur baxsh etadi. Insonda xotirjamlik va halovat paydo qiladi. A’zolarni ibodatga moil etib, amallarni maqbul bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Rivoyat qilinishicha, ulug‘ ajdodimiz, buyuk muhaddis olim Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh Marvda bo‘lgan paytlarida birovdan bir qalam oldilar. Oradan vaqt o‘tib Abdulloh ibn Muborak Marvdan Shomga bordilar. Shomga borgach, boyagi qalam xayollariga kelib, darhol ortlariga qaytib, oradagi masofa uzoq va safarning qiyinchiligiga qaramay, qalamni egasiga topshirgan ekanlar.

yana bir buyuk ajdodimiz Imom Buxoriyning otalari Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim o‘lim to‘shagida yotgan paytlarida oldilariga yaqinlari ziyorat uchun kirishgan ekan. Shunda u zot: “Molimdan biror bir dirham na haromdan va na shubhadan topilganini bilmayman”, degan ekanlar. Ushbu rivoyatni Imom Ahmad eshitganlarida “Otalarning solih bo‘lishi farzandlarga ham naf keltiradi”, degan ekanlar.   

Biz bugun mana shunday buyuk ajdodlarimizga havas qilsak, yetuk shaxsiyatlarni tarbiya qilib, yetishtirmoqchi bo‘lsak, avvalo birovning haqqidan hazar qilaylik. O‘zimizning va oila a’zolarimizning rizqini haloldan bo‘lishiga, unga biror shubhali luqma aralashmasligiga jiddiy e’tibor beraylik.  

Yana shuni ham qayd etib o‘tishni lozim deb bilamizki, ayrim kimsalar kommunal xizmat, ya’ni davlat tomonidan ta’minlab turiladigan elektr energiya, gaz, suv, yer solig‘i va boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamasdan majburiy ijro xodimlarini ovora qilib, aholi bilan jiddiy muomala qilishlariga majbur qilayotganlar borligi achinarli holdir. Axir, davlat haqqi aslida insonlar haqqi. Uni turli hiylalar bilan, asossiz bahonalar bilan yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirib haq to‘lashdan qochishga harakat qilish ayni gunohi kabira ekanini eslatib qo‘ymoqchimiz. Bunga beparvo bo‘lish yuqoridagi oyat-hadislarda ogohlantirilgan jazolarga olib kelishini esdan chiqarmaylik.

Alloh taolo xalqimizning barcha ishlarini haloldan bo‘lishini muvaffaq qilsin, halol kasb qilayotgan yurtdoshlarimizning kasbi-korlariga barakalar ato qilsin. Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

23.07.2025   1795   1 min.
Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

Savol: Mo‘miyo  halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.