Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh davrimizdagi tasavvufning eng nufuzli shayxlari sirasiga kiradi. U 1953 yil 1 aprelda Hindistonning shimoli-g‘arbidagi Panjob viloyatining Jhang hududida dunyoga kelgan. Otasining ismi Allohdeta edi. Otasi Qur’onni yod olgan hofiz zot bo‘lgan. Akasi ustoz Ahmad Ali esa yosh Zulfiqor Ahmadni tarbiyalashga muhim hissa qo‘shgan.
Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy 1967 yil o‘rta maktabni, 1971 yil Panjob unversititetini bitirgan. 1976 yili injenerlik sohasining menejmentlik ixtisosligida ta’limni davom ettirgan. Shuningdek, hazrat asosiy ixtisoslikdan tashqari, sport turlaridan suzish, gimnastika, kriket va futbol bo‘yicha mutaxassislikni ham egallagan. Dunyoviy ta’lim bilan birga diniy ta’limga ham e’tibor bergan, hofizi Qur’on bo‘lgan. Hadisga oid bilimni esa “Jomiya Rehmaniya Jahaniya ManDi” (tasavvuf maktabi) va Miltandagi “Jamiya ulumiya” ta’lim muassasalarida olgan.
Injenerlik ixtisosligini bitirgach, Pokistonning eng nufuzli sanoat korxonasida injener bo‘lib ishlagan. Asta-sekin malaka oshirib borib, bosh injener lavozimiga ko‘tarilgan. Qirq yoshida shu lavozimdan bo‘shab, diniy ilmini puxtalishni maqsad qilgan. 1983 yilda hazrati Xoja G‘ulom Habib rahmatullohi alayh tarafidan halfalik maqomini olgan.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazrat Hoji Muhammad Abdulmalik Siddiqiyning qiziga uylangan. Ulardan ikki o‘g‘il dunyoga kelgan. Ular: Mavlono pir Habibulloh Naqshbandiy va Mavlono Sayfulloh Naqshbandiy. Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning nutq va ma’ruzalari dil tortar bo‘lib, tarbiyani isloh qilishga yo‘g‘rilgan. Ularni odamlar ko‘zda yosh bilan tinglaydi, gunohlaridan tavba qiladi.
Hayotida sunnatga ergashadi. Hozirgacha u 70 ta mamlakatni borib ko‘rgan. Singapur, Tayland, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Misr, Nepal, Amerikaning juda ko‘p shtatlari, Rossiyaning juda ko‘p shaharlariga, Turkiya, Italiyaga safar qilganlar. 1992 va 1998 yillarda esa O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu safarlari haqida “Lahur se ta xake Buxoro o Samarqand” degan kitob yozgan. Urdudan tashqari, arab va ingliz tillarida bemalol ma’ruza qiladi.
Ko‘plab ixlosmand kishilar ul zotning xalqasiga mansub. Ularning ko‘pi Hindistonda istiqomat qiladi.
Yuz mingdan ortiq kishi Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning ma’ruzalarini tinglab, kitoblarini o‘qib o‘zgargan. Uning qalamiga mansub juda ko‘p diniy asarlar chop etilgan. Ularga, “Ishqi Ilohiy”. “Ishqi Rasul ssollallohu alayhi vasallam”, “Tasavvuf-o suluk”, “Hayo aor pakdamaniy”, “Xutbaate faqir”, “Ilme naafe” kabi kitoblar mansubdir.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratlari hozirda Lohur shahrida istiqomat qiladi. Madinai munavvarada ham uyi bor.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy asarlaridan:
DARAXTDA YASHIRIN SIRLAR
Inson daraxt emaski bir joyda tik turaversa, tosh emaski yotaversa. Inson ashraful maxluqot – jonzotlarning eng ulug‘i. U har doim Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak! Yashashdan maqsad – Alloh taologa bandalik qilishdir. Hayotdan maqsad – Alloh taoloning yodi. Inson jismi tegirmonga o‘xshaydi. Tegirmon bug‘doy tortib tursa foydasi tegadi. Yopiq tegirmon foydasizdir. Xuddi shunday inson jismi solih amallarni bajo keltirib tursa foydalidir. Aks holda jism foydasiz buyum kabi bo‘lib qoladi.
Koinotdagi jismlar bizga suzayotgandek ko‘rinadi. Osmondagi sayyoralar va yulduzlarga qarang. Harakatlanayotgani ko‘rinib turibdi. Bunda inson uchun bir sassiz payg‘om bor: Ey inson! Sen ham o‘z hayotingda harakatlanuvchiga aylanishing kerak!
Qul zehniyatli odamlarda juda keng vaqt bor bo‘ladi. Vaqtining aksar qismi bo‘sh o‘tadi. Ozod bandalar mehnati ko‘pligi sabab vaqti tig‘izdir.
Atrofimizga yaxshilab boqsak bizni o‘rab olgan tabiat bizga dars berayotgandek: Ey inson! Sen dunyoda faqat bir maqsad uzra yaratilding! Agar shunga munosib hayot kechirsang muvaffaqiyat qozonasan.
Daraxtning yerdan unib-o‘sish siri
Biz uchun daraxtda ko‘p foydalar mavjud. Unda ajoyib va g‘aroyib narsalar yashirin. Masalan, e’tibor bergandirsiz, daraxt doimo tuproq ostidan unib chiqadi. Tillo va kumush idishlarda o‘smaydi. Bundan maqsad nima? Maqsad shuki: Ey inson, agar sen muvaffaqiyatli bir hayot kechirmoq istasang atrofingdagi muhit va jamiyatdagi odamlar bilan aralashib yashashing kerak bo‘ladi. O‘rmonlarga, g‘orlarga berkinib taraqqiy topaman desang, istagan narsang u yerlardan topilmaydi.
Urug‘ning tuproq ostiga ko‘milishi hikmati
Tuproq ostiga ko‘milgan tomir daraxt bo‘lib o‘sadi. Qanday qilib daraxtga aylandi? Tomir o‘zini mahv etib, urug‘ o‘zini tuproqqa qorishtirgach Alloh taolo uni daraxtga aylantiradi. So‘ngra daraxt meva bog‘laydi. Bir urug‘dan minglab urug‘lar olinadi. Xuddi shunday, inson ham “men”likni mahv aylasa, o‘zidagi kibr, manmanlikni sindirsa Alloh taolo minglab balki yuz minglab insonlarning haqiqiy inson bo‘lishiga sabab bo‘ladigan maqomni unga ato etadi.
Urug‘ning o‘zini qurbon qilishida insoniyat uchun bir payg‘om bor. Bir urug‘ o‘zini qurbon etib daraxtga aylanadi va insonlarga hamda jonivorlarga soya beradi. Xuddi shunday, qaysi inson o‘z nafsini qurbon etsa va nafsining bo‘yniga shariat yuganini ilsa, Alloh taolo uni qad ko‘targan daraxt kabi qilib qo‘yadi. U boshqa insonlar uchun soyador daraxtga aylanadi. O‘zi yolg‘iz bo‘lsa ham minglab insonlarga soyabon bo‘ladi. (Xutaboti Faqiyr. 16-jild. Abdulvohid Ibrohim domla tarjimasi.)
Toshkent shahar “Hazrati Ali” jome masjidi imom noibi
Abdulqayyum G‘ofurov tayyorladi.
O‘sha kezlari Misrning “Al-Azhar” universitiyetida tahsil olardim. Yangi o‘quv yili arafasi – ta’tildan qaytib sabrsizlik bilan saboq soatlarini sanab turardik. Ertaga xudo xohlasa, birinchi dars! Og‘zim qulog‘imda edi, chunki boyagina universitetning e’lonlar lavhidagi dars va saboqlar jadvaliga ko‘z yugurtira turib, kutilmagan bir xushxabardan voqif bo‘ldim. Shundan kayfiyatim a’lo, fikru yodim ertangi sinovdan muvafaqiyatli o‘tish tashvishi bilan band edi. Birda, shunday imkoniyatga musharraf bo‘lganim uchun quvonib g‘ururlanardim. So‘ngra uning mas’uliyati yodimga tushib jiddiy tortib qolar edim: “savolim salmoqli bo‘lishi kerak”, – deb takrorlardim o‘zimga o‘zim. Ammo, fikrimni ifoda etish uchun topgan jumlalarim nazarimda yupungina bo‘lib tuyular, tuzgan savollarimning arabcha qiroatidan ham ko‘nglim to‘lmayotgandi. Xayolan o‘qigan kitoblarimni varaqlab, arabcha lug‘atimni titkilayman, qani biror bir arzirlik narsa topsam. Shu payt eshik sharaqlab ochildi-yu, xonaga hovliqqancha xonadoshim Mamat kirdi.
– Ya-a-n-ngilikni eshitdingmi? – Xuddiki, Marafondan Afinaga g‘alaba xabarini olib kelgan choparga o‘xshab hansirardi u.
– Qanaqa yangilikni?
– Ertadan bizga yangi kurs o‘tilar ekan, ma’ruzachi kim – bilasanmi? Naq Mustafo ad-Dourning o‘zlari! – Hovliqmaning hovuri pasaymagandi. U devordagi e’lonning boshiga ko‘z yugurtirganu, davomini o‘qishga sabri chidamagani aniq, aks holda yana boshqa bir yangilikdan boxabar bo‘lgan bo‘lardi. Bir hisobda shunisi ham ma’qul, bo‘lmasa ertagacha ich-etini yeb qo‘yardi boyaqish!
Men o‘zimni beparvo tutdim:
– Kim u kishi?
Yurtdoshim menga o‘smoqchilanib qaradi:
– Sen?.. Rostdan ham ul zotning kimliklarini bilmaysanmi? Axir, Islom olamida barmoq bilan sanarli shayxlarning biri-ku! Kecha-yu, kunduz kitobga mukkasidan ketgan sendek odam bilishing kerak! Nimangni maqtashadi, hayronman! – Taajjublanib yelkasini qisdi u. So‘ng xuddi o‘ziga o‘zi gapirgan kabi (aslida jillaqursa shu borada mendan usunligini namoyish qilmoq bo‘lib) davom etdi:
– Bilmasang, bilib qo‘y: bu odam davlat muhofazasidagi shaxs. Nihoyatda obro‘li olim. Xuddi prezidentlardek allambalo mashinalarda yuradi. Yonida hamisha tanqo‘riqchilari... Lekin, ja-a-a-a zap ish bo‘ldi-da, shu kishidan saboq tinglashimiz! Hali Vatanga qaytgach, tasovvur qilayapsanmi, birgina shuning o‘zi bizga qanchalik obro‘ olib kelishini?
Albatta, u kishining saboqlaridan ko‘proq narsa o‘rgansak, unga amal qilsak va buni yurtda ko‘rsata olsak hurmatimiz ikki hissa oshadi. Buning uchun esa o‘qish kerak!
Xayolimdan kechgan bu gaplarni unga aytib o‘tirmadim – befoyda! Qancha bahslashganmiz, jiqqamusht bo‘lganmiz – o‘z bilganidan qolmagan. Saboqdoshim jag‘i-jag‘iga tegmay javrarkan, men unga sinchiklab qaradim. Vatanda taniq, nufuzli bir kishining o‘g‘li. Biror-bir masalada kami yo‘q! Ilm o‘rgansin, hayotni ko‘rsin deb, otasi uni shu yoqlarga yo‘llagan, lekin unda ilmdan ko‘ra chilimga ishtiyoq kuchli. Misrning g‘arbcha hayotiga qiziqishi zo‘r. Hattoki, ayni paytda ham ulug‘ shayxning saboqlari emas, o‘sha saboqlardagi ishtiroki uning uchun muhim.
– Menga qara, – deb qoldi u dabdurustdan, – balki shayx otamni tanir-a? Dadam ham ahyon-ahyon xorijda bo‘lib turadigan qandaydir yig‘inlarga borib turadilar – uchrashib qolishgan bo‘lishlari mumkin-ku? “Siz falonchining o‘g‘limisiz” deb so‘rab qolsa-ya! Agar shunday bo‘lib chiqsa zap ish bo‘lardi-da! – Mazza qilib kerishishidan hozir nimalar haqida o‘ylayotganini payqash qiyin emasdi. Keyin: – Agar shayx menga bir bor e’tibor qaratsa, – dedi-da, uzoq esnadi. Shu orada: “hali men bilan bir xonada turganingdan faxrlanib yurasan” deya boshlab qo‘ygan fikriga yakun yasadi u.
Ertasi kuni dars boshlanishi arafasida ham gap-so‘zlar, asosan, ulug‘ shayx va uning saboqlarini tinglash bizga nasib etgani haqida bordi. Bugun dars so‘ngida shayxga murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lganim haqidagi xabardan voqif bo‘lgan do‘stlarim esa kelib meni tabriklab, qo‘llarimni siqib ketishar, yonimda turgan Mamat bo‘lsa gap nimada ekanini anglamay, kalovalanardi.
Nihoyat orziqib kutilgan fursat keldi. Ulkan auditoriyaning eshiklari ohista ochilib, ichkariga avval qora diplomat ko‘targan norg‘ul yigit kirdi. Ortidan yoshi saksonlarni qoralab qolgan, egnida uzun arabiy oq libos; ustidan kulrang nimcha kiygan, boshida – atroflariga oq zardan jilo berilgan oppoq qalpoq, oyog‘ida qop-qora yaltiroq kovush ilgan kishi kirib keldi. Olamga mashhur Mustafo ad-Dour mana shu kishi edi. U qarilikdanmi yoki boshqa bir sababdanmi bo‘ynini egib olgan, nigohlari yerga qadalgan; hattoki salomimizga ham javoban boshini ko‘tarmadi – yengilgina ta’zim bajo keltirdi xolos.
Shayxning ta’rifini keltirganlaricha bor ekan. U yordamchisi chiqib ketgach, ohista ammo maftunkor qiroat bilan so‘z boshladi: “Insonning umri taqriban azon va namoz orasidagi fursatdan iborat. Taqvo ahli mana shu damda poklanib, ibodat tadorigida bo‘ladi. Islom ilm demakdir. Basharti qulog‘imizga azon aytilgan fursatdan to boshimizda janoza namozi o‘qilgunga qadar poklanish, jannat havasi bilan yashash imkonimiz bor. O‘tkinchi dunyoning hoyu havaslariga aldanmagan, haq yo‘ldan chalg‘ituvchi illatlarga bulg‘anmagan mo‘min va muslimalar, shubhasiz oxirat saodatiga erishgaylar, insha Alloh!..”
Kecha Mamatning qitiq patiga tegish uchun, jo‘rtaga shayxni tanimaganga olgandim. Aslida, universitetnig har bir talabasi bu xususda keragidan ortiqroq ma’lumotga ega edi. Shayxning toblari bo‘lmay, sog‘liklari yomonlashgani tufayli keyingi ikki-uch yil mobaynida saboqlari to‘xtab qolgani haqida ahyon-ahyon taassuf bilan eslab turishardi. Naqshbandiya tariqatini tutib, piru komillik martabasiga erishgan bul zotning uzoq muolajalardan keyin yana qadrdon dargohga qaytishlari va bizning u kishidan saboq tinglashga noil bo‘lganimiz – taqdirning tuhfasi edi.
Pirning faqat o‘zigagina xos jihatlari bor, masalan ul zot hech qachon suhbatdoshiinig ko‘ziga tik qaramas, bu haqda so‘raganlarga: “Samoviy yuksaklik istagi osmonga termulish bilan qondirilmas; oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in”, deya javob qaytarar ekanlar. Yana bir usullari, o‘z martabalarini bilgani holda, universitetda eng bilimdon talaba deya e’tirof etilgan ilmu tolibga o‘zlari bilan muloqot qilishga ijozat berar ekanlaru, o‘tgan o‘quv yili yakuniga ko‘ra shu martabaga kaminani munosib ko‘rishibdi.
Bu paytga kelib Mamat ham yangilikdan voqif bo‘lgan, qizg‘anchiqligi shundoqqina yovqarash nigohlaridan sezilib turardi. U bir varaqchaga xat yozib oldimga surib qo‘ydi. Unda yurtdoshimning ayni damdagi iztiroblari ifoda etilgandi: “Ishqilib, xol qo‘yib qo‘yma tag‘in!”.
Ustoz ma’ruzasini tugatib, bir muddat sukut saqlab turdi-da, so‘ng: “Savol?” – dedi dabdurustdan. Bu dars itmomiga yetganidan darak, mening galim kelganiga ishora edi. Dovdirab qoldim. Nutq irod etishlariga mahliyo bo‘lib vazifamni deyarli unutgan ekanman. Shundan o‘zimni tanishtirish yodimdan ko‘tarilib, hozirgi dars tavridan kelib chiqib, tilimga kelgan bir savolni tavakkal ifoda etdim:
– Taqsir, biz uzoq yurtlardan kelib shunda tahsil olmoqdamiz. Ilm o‘rganmoqdamiz. Ammo, tashqaridagi hayotda bizni chalg‘ituvchi unsurlar bisyor. Islomning taraqqiy etmog‘i uchun shu illatlarga davlat yo‘li bilan, kuch ishlatib barham berilsa bo‘lmasmi? Behayoliklar, buzuqiliklar, ekstremistik g‘oyalarni tag-tugi bilan sug‘urib tashlagan durust emasmi?
– Shayx mulohazakor sukut bilan meni tingladi, so‘ng: “O‘zingizni tanishtiring – qayerliksiz?” – deb so‘radi sovuqqina qilib. Mamatga shu asno jon kirdi. “Attang” degan ma’noda boshini chayqadi: “Nazarimda rasvo qilding!” – ohista shivirladi u, kesatiq ohangida.
Nojo‘ya ish qilib qo‘lga tushgan odamdek qizarib ketdim. Ustoz tomonga qarashga botinolmadim: menga u ham hozir boshini quyi eggancha, “bama’niroq savol beradigan boshqa bir durustroq odam yo‘qmidi?” – deb afsuslanayotgandek bo‘lib tuyuldi. Bo‘lar ish bo‘ldi, shayxning so‘roviga javob qaytardim. Ismi sharifimni, o‘zbekistonlik ekanimni aytdim.
Barchaning nigohi shu lahzalarda shayxga qadalgan, kamina ham o‘zimni tanishtira turib, boshimni ozod ko‘tarib unga boqdim: “Nima kelsa o‘zimdan ko‘raman!” Urvoqqina bo‘lib o‘tirgan ustozning har bir hatti-harakati, tanasida kechayotgan har bir o‘zgarish nazarimizdan qochib qutulmas, shundan uning ilkis qaltirab ketganini hamma ilg‘adi. Stolga suyanib asta o‘rnidan turdi. Hech qachon talabalariga tik qaramagan ustoz ohista boshini ko‘tarib, men tomonga boqdi. Aftidan rosa jahllanibdi! Kamina shu lahzalarda yer yorilsa, uning qa’riga kirib ketishga tayyor edim. Qolaversa, Mamat bu ishga bajonidil qarashib yuborgan bo‘lardi. Xayolimdan nuqul: “Tamom! Hammasi tamom. Pachava qildim!” degan badbin o‘ylar kechmoqda edi. Shu payt shayx kaftini ko‘ksiga bosib, yengilgina ta’zim ayladi-da:
– Ulug‘ muhaddis Imom al Buxoriy avlodlariga cheksiz hurmat va ehtiromimni qabul aylang! – dedi. Uning xira tortib qolgan ko‘zlarida samimiy bir cho‘g‘ yallig‘langanini ko‘rdim. Kutilmagan bu kabi mulozamatdan dovdirab qolgandim. Yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim.
Ustoz ehtiyotkorona yana kursisiga cho‘kdi-da, yana avvalgi holatiga qaytdi.
– Bilasizmi, “Nilufar”ning vatani qayer? – savolimga savol bilan yuzlandi u. O‘rtaga bir oz jimlik cho‘kdi. Qo‘shaloq savollar iskanjasida qoldim: bir paytning o‘zida ham “Nilufar”ning vatani qayer? ham “ustoz javob kutayaptimi yoki mushohadaga undadi”, – degan jumboqqa yechim axtarmoqda edim. Bir qarorga kelib ulgurmay shayxning o‘zi gapni ildirib ketdi.
– Bilib qo‘ying, “Nilufar”ning vatani – botqoq! Ohu chamanlarga yarashiq jonivor esa-da, manzil-makoni toshloq. Illo, ikkisi ham o‘ziga gard yuqtirmaydi. Har ikkisi noyob va betakror mavjudot. Har ikkisining vasliga yetishmoq uchun, hoyu havas kabi domiga tortib turgan botqoqdan, ilon izi kabi chigal so‘qmoqdan kechib o‘tish talab etiladi. Binobarin Alloh siz va bizning qalbimizda, nafs illatlarini, hoyu havas zillatlarini yengibgina unga yetishishimiz mumkin. Ilm bu yo‘lda sizga hidoyat bo‘lg‘usi...
Tashqarida qo‘ng‘iroq chalindi. Bu dars tugaganidan darak, ammo, u mening nazarimda talabalik hayotimda yangi sahifa ochilganidan jar solayotgandek bo‘lib tuyuldi...
Davomi bor...
Fozil Tilovatov,
Hadis ilmi maktabi matbuot kotibi.