Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Zamondosh siymolar: Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy

6.07.2018   6617   6 min.
Zamondosh siymolar:  Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy

 

Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh davrimizdagi tasavvufning eng nufuzli shayxlari sirasiga kiradi. U 1953 yil 1 aprelda Hindistonning shimoli-g‘arbidagi Panjob viloyatining Jhang hududida dunyoga kelgan. Otasining ismi Allohdeta edi. Otasi Qur’onni yod olgan hofiz zot bo‘lgan. Akasi ustoz Ahmad Ali esa yosh Zulfiqor Ahmadni tarbiyalashga muhim hissa qo‘shgan.

Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy 1967 yil o‘rta maktabni, 1971 yil Panjob unversititetini bitirgan. 1976 yili injenerlik sohasining menejmentlik ixtisosligida ta’limni davom ettirgan. Shuningdek, hazrat asosiy ixtisoslikdan tashqari, sport turlaridan suzish, gimnastika, kriket va futbol bo‘yicha mutaxassislikni ham egallagan. Dunyoviy ta’lim bilan birga diniy ta’limga ham e’tibor bergan, hofizi Qur’on bo‘lgan. Hadisga oid bilimni esa “Jomiya Rehmaniya Jahaniya ManDi” (tasavvuf maktabi) va Miltandagi “Jamiya ulumiya” ta’lim muassasalarida olgan.

Injenerlik ixtisosligini bitirgach, Pokistonning eng nufuzli sanoat korxonasida injener bo‘lib ishlagan. Asta-sekin malaka oshirib borib, bosh injener lavozimiga ko‘tarilgan. Qirq yoshida shu lavozimdan bo‘shab, diniy ilmini puxtalishni maqsad qilgan. 1983 yilda hazrati Xoja G‘ulom Habib rahmatullohi alayh tarafidan halfalik maqomini olgan.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazrat Hoji Muhammad Abdulmalik Siddiqiyning qiziga uylangan. Ulardan ikki o‘g‘il dunyoga kelgan. Ular: Mavlono pir Habibulloh Naqshbandiy va Mavlono Sayfulloh Naqshbandiy. Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning nutq va ma’ruzalari dil tortar bo‘lib, tarbiyani isloh qilishga yo‘g‘rilgan. Ularni odamlar ko‘zda yosh bilan tinglaydi, gunohlaridan tavba qiladi.

Hayotida sunnatga ergashadi. Hozirgacha u 70 ta mamlakatni borib ko‘rgan. Singapur, Tayland, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Misr, Nepal, Amerikaning juda ko‘p shtatlari, Rossiyaning juda ko‘p shaharlariga, Turkiya, Italiyaga safar qilganlar. 1992 va 1998 yillarda esa O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu safarlari haqida “Lahur se ta xake Buxoro o Samarqand” degan kitob yozgan. Urdudan tashqari, arab va ingliz tillarida bemalol ma’ruza qiladi.

Ko‘plab ixlosmand kishilar ul zotning xalqasiga mansub. Ularning ko‘pi Hindistonda istiqomat qiladi.

Yuz mingdan ortiq kishi Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning ma’ruzalarini tinglab,  kitoblarini o‘qib o‘zgargan. Uning qalamiga mansub juda ko‘p diniy asarlar chop etilgan. Ularga, “Ishqi Ilohiy”. “Ishqi Rasul ssollallohu alayhi vasallam”, “Tasavvuf-o suluk”, “Hayo aor pakdamaniy”, “Xutbaate faqir”, “Ilme naafe” kabi kitoblar mansubdir.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratlari hozirda Lohur shahrida istiqomat qiladi. Madinai munavvarada ham uyi bor.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy asarlaridan:

DARAXTDA YASHIRIN SIRLAR

Inson daraxt emaski bir joyda tik turaversa, tosh emaski yotaversa. Inson ashraful maxluqot – jonzotlarning eng ulug‘i. U har doim Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak! Yashashdan maqsad Alloh taologa bandalik qilishdir. Hayotdan maqsad Alloh taoloning yodi. Inson jismi tegirmonga o‘xshaydi. Tegirmon bug‘doy tortib tursa foydasi tegadi. Yopiq tegirmon foydasizdir. Xuddi shunday inson jismi solih amallarni bajo keltirib tursa foydalidir. Aks holda jism foydasiz buyum kabi bo‘lib qoladi.

Koinotdagi jismlar bizga suzayotgandek ko‘rinadi. Osmondagi sayyoralar va yulduzlarga qarang. Harakatlanayotgani ko‘rinib turibdi. Bunda inson uchun bir sassiz payg‘om bor: Ey inson! Sen ham o‘z hayotingda harakatlanuvchiga aylanishing kerak!

Qul zehniyatli odamlarda juda keng vaqt bor bo‘ladi. Vaqtining aksar qismi bo‘sh o‘tadi. Ozod bandalar mehnati ko‘pligi sabab vaqti tig‘izdir.

Atrofimizga yaxshilab boqsak bizni o‘rab olgan tabiat bizga dars berayotgandek: Ey inson! Sen dunyoda faqat bir maqsad uzra yaratilding! Agar shunga munosib hayot kechirsang muvaffaqiyat qozonasan.

Daraxtning yerdan unib-o‘sish siri

Biz uchun daraxtda ko‘p foydalar mavjud. Unda ajoyib va g‘aroyib narsalar yashirin. Masalan, e’tibor bergandirsiz, daraxt doimo tuproq ostidan unib chiqadi. Tillo va kumush idishlarda o‘smaydi. Bundan maqsad nima? Maqsad shuki: Ey inson, agar sen muvaffaqiyatli bir hayot kechirmoq istasang atrofingdagi muhit va jamiyatdagi odamlar bilan aralashib yashashing kerak bo‘ladi. O‘rmonlarga, g‘orlarga berkinib taraqqiy topaman desang, istagan narsang u yerlardan topilmaydi.

Urug‘ning tuproq ostiga ko‘milishi hikmati

Tuproq ostiga ko‘milgan tomir daraxt bo‘lib o‘sadi. Qanday qilib daraxtga aylandi? Tomir o‘zini mahv etib, urug‘ o‘zini tuproqqa qorishtirgach Alloh taolo uni daraxtga aylantiradi. So‘ngra daraxt meva bog‘laydi. Bir urug‘dan minglab urug‘lar olinadi. Xuddi shunday, inson ham “men”likni mahv aylasa, o‘zidagi kibr, manmanlikni sindirsa Alloh taolo minglab balki yuz minglab insonlarning haqiqiy inson bo‘lishiga sabab bo‘ladigan maqomni unga ato etadi.

Urug‘ning o‘zini qurbon qilishida insoniyat uchun bir payg‘om bor. Bir urug‘ o‘zini qurbon etib daraxtga aylanadi va insonlarga hamda jonivorlarga soya beradi. Xuddi shunday, qaysi inson o‘z nafsini qurbon etsa va nafsining bo‘yniga shariat yuganini ilsa, Alloh taolo uni qad ko‘targan daraxt kabi qilib qo‘yadi. U boshqa insonlar uchun soyador daraxtga aylanadi. O‘zi yolg‘iz bo‘lsa ham minglab insonlarga soyabon bo‘ladi. (Xutaboti Faqiyr. 16-jild. Abdulvohid Ibrohim domla tarjimasi.)

 

Toshkent shahar “Hazrati Ali” jome masjidi imom noibi
Abdulqayyum G‘ofurov tayyorladi
.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hijri Ismoil

14.01.2025   5674   4 min.
Hijri Ismoil

Hijri Ismoil — Ka’ba yaqinida joylashgan yarim oy shaklidagi hudud. Hijri Ismoil “Ismoil toshi” degan ma’noni anglatadi. Aynan shu yerda Ibrohim alayhissalom rafiqalari Hojar va o‘g‘li Ismoilni qoldirganlar. Hijri Ismoil Xatim ham deb nomlanadi. Xatim deb nomlanishiga sabab u Ka’badan sindirib, ya’ni ajratib olingandir.

  • Hijr marmardan qilingan.
  • Xatim devorining balandligi 1 metr-u 32 sm.
  • Devorning eni 1 metr-u 55 sm.
  • Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr-u 77 sm.
  • Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr-u 46 sm.
  • Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
  • Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr-u 29 sm.
  • Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr-u 23 sm.
  • Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr-u 57 sm.

Hijri Ismoil haqida qiziqarli ma’lumotlar

  1. Ibrohim va Ismoil alayhissalom Ka’bani qurganlarida, Hijri Ismoil baytning bir qismi hisoblangan. Ibrohim alayhissalom qurgan Ka’ba devori Hijri Ismoilni ham o‘rab olgan edi. Hozirgi paytda Ka’ba bilan Hijri Ismoilning tashqi devori orasidagi bo‘shliq joy bor. Ka’bani tavof qilganda o‘sha oraliq hududga kirmasdan aylanish kerak, sababi bu joy ham Ka’baning bir qismi sanaladi.
     
  2. Keyinchalik qurayshliklar Ka’bani qayta tiklaganlarida, Baytulloh kub shaklida bo‘ldi va Hijri Ismoil devori Ka’baga tutash yarim doira shaklida qoldi. Bu yerda Ismoil va uning onasi Hojar onamizning qabri bor, degan fikr bor, lekin bu ilmiy jihatdan asosli emas.
     
  3. Qurayshliklar Makkada sodir bo‘lgan toshqin va yong‘indan so‘ng ba’zi joylari buzilgan Ka’bani qayta tikladilar. Ka’bani rekonstruksiya qilish rejasida Hijri Ismoil Ka’baning umumiy maydoniga kirishi kerak edi, ammo Qurayshda buning uchun yetarli mablag‘ yo‘q edi.
  4. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan…», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

  5. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab hijrga kirgizdilar, Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar», deb aytdilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
     
  6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan (Hijri Ismoil) joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
     
  7. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men Hijrda turar, Quraysh esa tungi sayrim (Isro) haqida savollar berar edi. Ular Baytul Maqdisdagi men eslab qololmagan narsalar haqida so‘rashganida avval hech qachon bo‘lmagan qattiq qayg‘uga cho‘mdim. Shunda qarab turgan tomonimda Alloh Quddusni ko‘z o‘ngimda gavdalantirdi – ular mendan nima haqida so‘rasa, shuning xabarini berardim… (Imom Muslim rivoyati). Salaflardan qilingan rivoyatda «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.