Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Dengiz ko‘pigi

6.07.2018   4704   7 min.
Dengiz ko‘pigi

Dengiz ko‘pigi – chiroyli hodisa bo‘lib, ilk marta ko‘rayotgan kishida ajoyib taassurot qoldiradi.

Siz ushbu suratda dengiz ko‘pigini ko‘rib turibsiz. Bunday ko‘pik barcha dengizlarda ko‘zga tashlanadi. Dengiz suvlaridagi chiqindilar, organik moddalar, tuzlar, o‘lik o‘simliklar va chirigan, parchalangan baliqlar bir-biri bilan aralashishi natijasida vazni yengil bo‘lgan ko‘pik hosil bo‘ladi. Gohida ko‘pik ellik kilometrlab masofaga cho‘zilib ketadi.

Olimlar dengiz ko‘pigini mikser (aralashtiruvchi qurilma) ichidagi sutning ko‘pigiga o‘xshatadi. Dengiz ko‘pigi paydo bo‘lganidan so‘ng ko‘p turmay havoga tarqalib ketadi. Dengiz mavjlarining harakati qanchalik vahimali, dahshatli bo‘lsa, ko‘pikning miqdori shuncha ko‘proq va yengilroq bo‘ladi.

Ko‘pik haqidagi ilmiy haqiqatlar quyidagichadir:

  1. Dengizdagi ko‘pik tezkor harakat paytida hosil bo‘ladi. Suvning tezkor harakati esa qattiq bo‘ron yoki ulkan sellar natijasida yuzaga keladi. Ko‘pik doim qirg‘oqda baland tepalik ko‘rinishida to‘planadi.
  2. Ko‘pikning vazni juda yengil bo‘lib, bug‘ kabi havoda suzib yuradi.
  3. Ozgina miqdordagi suv ulkan ko‘rinishdagi ko‘pikning hosil bo‘lishi uchun yetarlidir.

Ko‘pik va uning mohiyati haqida Alloh taolo bunday deb marhamat qilgan:

أَنزَلَ مِنَ السَّمَاء مَاء فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌ بِقَدَرِهَا فَاحْتَمَلَ السَّيْلُ زَبَداً رَّابِياً وَمِمَّا يُوقِدُونَ عَلَيْهِ فِي النَّارِ ابْتِغَاء حِلْيَةٍ أَوْ مَتَاعٍ زَبَدٌ مِّثْلُهُ كَذَلِكَ يَضْرِبُ اللّهُ الْحَقَّ وَالْبَاطِلَ فَأَمَّا الزَّبَدُ فَيَذْهَبُ جُفَاء وَأَمَّا مَا يَنفَعُ النَّاسَ فَيَمْكُثُ فِي الأَرْضِ كَذَلِكَ يَضْرِبُ اللّهُ الأَمْثَالَ

“U zot osmondan suv tushirdi. So‘ngra vodiylarda o‘z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o‘z ustiga chiqqan ko‘pikni ko‘tarib keldi. Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o‘tda toblanadigan narsalarda ham shunga o‘xshash ko‘pik bo‘ladir. Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur. Ammo ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi. Odamlarga manfaat beradigan narsa esa, yer yuzida qoldi. Alloh misollarni ana shunday keltiradir”. (Alloh taolo osmondan suv tushirib, yomg‘ir yog‘dirsa, sel oqadi. Shu bilan birga, sel o‘zining ustida ko‘pikni ham oqizib keladi. Bunda suv haqqa, ko‘pik botilga o‘xshatilmoqda. Zeb-ziynat yasaladigan oltin va kumush, asbob-uskuna yasaladigan temir va mis kabi ma’danlar ustida ham zang va keraksiz moddalar bo‘ladi. Bu masalda haqqa asl ma’danlar, botilga zang va ko‘pik qiyos qilinmoqda. Ko‘pik, garchand suvning ustiga chiqib turgan bo‘lsa ham, baribir u ko‘pikdir. Ma’danlardagi zang va boshqa moddalar ularni o‘rab turgan bo‘lsalar ham, toblanish vaqti kelganda, birpasda yo‘q bo‘lib ketadilar. Botil ham shunday: o‘zidan-o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi.) (Ra’d surasi, 17-oyat).

Agar biz ushbu oyat haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, unda aytilgan gaplarning ilmiy haqiqatlarga qanchalik mos kelishini ko‘ramiz.

Albatta, ko‘pik vodiylardan tezkor va shiddatli tarzda oqib kelgan suv oqimi – sel natijasida hosil bo‘ladi. Kuchli jala paytida hosil bo‘ladigan sel va undagi ko‘pik hammaga ma’lum.  

Yuqoridagi oyatda ko‘pikning tashkil topishi qanday bo‘lishini vasf qilingan:

فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌ بِقَدَرِهَا فَاحْتَمَلَ السَّيْلُ زَبَدًا رَابِيًا

“So‘ngra vodiylarda o‘z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o‘z ustiga chiqqan ko‘pikni ko‘tarib keldi”.

  1. Oyatdagi رَابِيًا (robiyan) kalimasiga e’tibor beraylik. Bu kalima “robaa-yarbuu” fe’lidan olingan bo‘lib, “kattalashdi”, “ulkan bo‘ldi” ma’nosidadir.

Darhaqiqat, olimlar “Ko‘pik – ichi havo bilan to‘lgan g‘ovak va yengil narsadir. Ulkan hajmdagi ko‘pik hosil bo‘lishi uchun ozgina miqdordagi suv ham yetadi” deyishadi. Suv oz bo‘lsa ham, undan hosil bo‘lgan ko‘pik ichi havo bilan to‘lgani sababli katta bo‘lib ko‘rinadi.

  1. Bu oyati karima fizik olimlar yaxshi biladigan bir qonunga – zichlik qonuniga ishora qiladi. Bu qonunga ko‘ra, og‘ir modda tortishish kuchi ta’sirida pastga tushadi, yengil modda yuqoriga ko‘tariladi. Harorat yordamida bu jarayonni tezlashtirish mumkin. Shuning uchun metalni qayta ishlash zavodlari temir rudasini eritib, undagi iflos, chiqindi narsalarni chiqarib yuboradi. Temir rudasidagi harorat muayyan miqdorga yetgandan keyin unga yopishgan chiqindilar yuqoriga harakatlanadi va bug‘ga aylanib chiqib ketadi. Tozalangan temir esa cho‘michning pastida to‘planadi. Keyin o‘sha to‘plangan sof va suyuq metall qoliplarga quyiladi. Bu jarayonni tabiatdagi barcha moddalarga nisbatan qo‘llasa bo‘ladi.

Qur’oni Karim bu jarayonga mana bu oyatda ishora qilgan:

وَمِمَّا يُوقِدُونَ عَلَيْهِ فِي النَّارِ ابْتِغَاءَ حِلْيَةٍ أَوْ مَتَاعٍ زَبَدٌ مِثْلُهُ

“Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o‘tda toblanadigan narsalarda ham shunga o‘xshash ko‘pik bo‘ladir”.

Agar biz dengiz, sel ko‘piklarining tashkil topishi bilan temir rudasini eritish asnosida hosil bo‘ladigan ko‘pikning tashkil topishini solishtirib ko‘rsak, ikkisi ham bir xil fizik qonuniyat asosida sodir bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa Qur’onda nozik uslub bilan vasf etilgan holatdir. Bu uslub bundan o‘n to‘rt asr muqaddam, o‘qish-yozishni o‘rganmagan, dengiz va sel tabiati haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan va metallurgiya sanoatidan xabardor bo‘lmagan inson tomonidan sodir bo‘lishi mumkinmi?!

  1. Ko‘pikning ketishi.

Agar biz ko‘pikning ketishi haqidagi ma’lumotlarni izlab ko‘rsak, olimlarning mana bu gaplariga duch kelamiz: “Ko‘pik (har qancha katta bo‘lmasin) – yengil shabadalar esganda, ketadi va havoga ko‘tarilib, qurib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Chunki u g‘ovak bo‘shliqdan iborat bo‘lib, vazni yengil va ichi havo bilan to‘lgandir”.

Endi Qur’ondagi ta’rifga qarang:

فَأَمَّا الزَّبَدُ فَيَذْهَبُ جُفَاء

“Ammo ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi”.

 

Dengiz ko‘pigi va gunohlar

Buyuk Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam gunohlarni dengiz ko‘pigiga o‘xshatganlarida o‘ta nozik, ilmiy o‘xshatish qilganlar. U zot alayhissalom bir hadisda shunday deganlar: “Kim yuz marta “Subhanallohi va bihamdihi” desa, uning xatolari  dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham  o‘chiriladi”.

Bunga o‘xshagan hadislar juda ko‘p. Ularning barchasida gunohlarning ko‘pligi va ularning o‘chirilishi dengiz ko‘pigiga o‘xshatilgan. Bunday o‘xshatish orqali Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga ajib maktub yuborganlar. Bu maktub mana bunday deyapti: “Albatta, gunohlar, har qancha ko‘p va katta bo‘lsa ham, xuddi shabada dengiz ko‘pigini osonlik bilan ketkazganidek, Allohning zikri (chin dildan qilingan tavba, haqiqiy istig‘for), solih amallar o‘sha gunohlarni osonlik bilan ketkazadi”.

Alloh taolo bizlarni Qur’onni tadabbur bilan o‘qiydigan bandalaridan qilsin va barcha gunohlarimizni mag‘firat etsin, omin!

 

Muallif: Abduddoim KAHЕL

Mutarjim: Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisi Inomjon XUDOYOROV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   5493   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar