Dengiz ko‘pigi – chiroyli hodisa bo‘lib, ilk marta ko‘rayotgan kishida ajoyib taassurot qoldiradi.
Siz ushbu suratda dengiz ko‘pigini ko‘rib turibsiz. Bunday ko‘pik barcha dengizlarda ko‘zga tashlanadi. Dengiz suvlaridagi chiqindilar, organik moddalar, tuzlar, o‘lik o‘simliklar va chirigan, parchalangan baliqlar bir-biri bilan aralashishi natijasida vazni yengil bo‘lgan ko‘pik hosil bo‘ladi. Gohida ko‘pik ellik kilometrlab masofaga cho‘zilib ketadi.
Olimlar dengiz ko‘pigini mikser (aralashtiruvchi qurilma) ichidagi sutning ko‘pigiga o‘xshatadi. Dengiz ko‘pigi paydo bo‘lganidan so‘ng ko‘p turmay havoga tarqalib ketadi. Dengiz mavjlarining harakati qanchalik vahimali, dahshatli bo‘lsa, ko‘pikning miqdori shuncha ko‘proq va yengilroq bo‘ladi.
Ko‘pik haqidagi ilmiy haqiqatlar quyidagichadir:
Ko‘pik va uning mohiyati haqida Alloh taolo bunday deb marhamat qilgan:
أَنزَلَ مِنَ السَّمَاء مَاء فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌ بِقَدَرِهَا فَاحْتَمَلَ السَّيْلُ زَبَداً رَّابِياً وَمِمَّا يُوقِدُونَ عَلَيْهِ فِي النَّارِ ابْتِغَاء حِلْيَةٍ أَوْ مَتَاعٍ زَبَدٌ مِّثْلُهُ كَذَلِكَ يَضْرِبُ اللّهُ الْحَقَّ وَالْبَاطِلَ فَأَمَّا الزَّبَدُ فَيَذْهَبُ جُفَاء وَأَمَّا مَا يَنفَعُ النَّاسَ فَيَمْكُثُ فِي الأَرْضِ كَذَلِكَ يَضْرِبُ اللّهُ الأَمْثَالَ
“U zot osmondan suv tushirdi. So‘ngra vodiylarda o‘z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o‘z ustiga chiqqan ko‘pikni ko‘tarib keldi. Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o‘tda toblanadigan narsalarda ham shunga o‘xshash ko‘pik bo‘ladir. Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur. Ammo ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi. Odamlarga manfaat beradigan narsa esa, yer yuzida qoldi. Alloh misollarni ana shunday keltiradir”. (Alloh taolo osmondan suv tushirib, yomg‘ir yog‘dirsa, sel oqadi. Shu bilan birga, sel o‘zining ustida ko‘pikni ham oqizib keladi. Bunda suv haqqa, ko‘pik botilga o‘xshatilmoqda. Zeb-ziynat yasaladigan oltin va kumush, asbob-uskuna yasaladigan temir va mis kabi ma’danlar ustida ham zang va keraksiz moddalar bo‘ladi. Bu masalda haqqa asl ma’danlar, botilga zang va ko‘pik qiyos qilinmoqda. Ko‘pik, garchand suvning ustiga chiqib turgan bo‘lsa ham, baribir u ko‘pikdir. Ma’danlardagi zang va boshqa moddalar ularni o‘rab turgan bo‘lsalar ham, toblanish vaqti kelganda, birpasda yo‘q bo‘lib ketadilar. Botil ham shunday: o‘zidan-o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi.) (Ra’d surasi, 17-oyat).
Agar biz ushbu oyat haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, unda aytilgan gaplarning ilmiy haqiqatlarga qanchalik mos kelishini ko‘ramiz.
Albatta, ko‘pik vodiylardan tezkor va shiddatli tarzda oqib kelgan suv oqimi – sel natijasida hosil bo‘ladi. Kuchli jala paytida hosil bo‘ladigan sel va undagi ko‘pik hammaga ma’lum.
Yuqoridagi oyatda ko‘pikning tashkil topishi qanday bo‘lishini vasf qilingan:
فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌ بِقَدَرِهَا فَاحْتَمَلَ السَّيْلُ زَبَدًا رَابِيًا
“So‘ngra vodiylarda o‘z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o‘z ustiga chiqqan ko‘pikni ko‘tarib keldi”.
Darhaqiqat, olimlar “Ko‘pik – ichi havo bilan to‘lgan g‘ovak va yengil narsadir. Ulkan hajmdagi ko‘pik hosil bo‘lishi uchun ozgina miqdordagi suv ham yetadi” deyishadi. Suv oz bo‘lsa ham, undan hosil bo‘lgan ko‘pik ichi havo bilan to‘lgani sababli katta bo‘lib ko‘rinadi.
Qur’oni Karim bu jarayonga mana bu oyatda ishora qilgan:
وَمِمَّا يُوقِدُونَ عَلَيْهِ فِي النَّارِ ابْتِغَاءَ حِلْيَةٍ أَوْ مَتَاعٍ زَبَدٌ مِثْلُهُ
“Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o‘tda toblanadigan narsalarda ham shunga o‘xshash ko‘pik bo‘ladir”.
Agar biz dengiz, sel ko‘piklarining tashkil topishi bilan temir rudasini eritish asnosida hosil bo‘ladigan ko‘pikning tashkil topishini solishtirib ko‘rsak, ikkisi ham bir xil fizik qonuniyat asosida sodir bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa Qur’onda nozik uslub bilan vasf etilgan holatdir. Bu uslub bundan o‘n to‘rt asr muqaddam, o‘qish-yozishni o‘rganmagan, dengiz va sel tabiati haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan va metallurgiya sanoatidan xabardor bo‘lmagan inson tomonidan sodir bo‘lishi mumkinmi?!
Agar biz ko‘pikning ketishi haqidagi ma’lumotlarni izlab ko‘rsak, olimlarning mana bu gaplariga duch kelamiz: “Ko‘pik (har qancha katta bo‘lmasin) – yengil shabadalar esganda, ketadi va havoga ko‘tarilib, qurib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Chunki u g‘ovak bo‘shliqdan iborat bo‘lib, vazni yengil va ichi havo bilan to‘lgandir”.
Endi Qur’ondagi ta’rifga qarang:
فَأَمَّا الزَّبَدُ فَيَذْهَبُ جُفَاء
“Ammo ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi”.
Dengiz ko‘pigi va gunohlar
Buyuk Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam gunohlarni dengiz ko‘pigiga o‘xshatganlarida o‘ta nozik, ilmiy o‘xshatish qilganlar. U zot alayhissalom bir hadisda shunday deganlar: “Kim yuz marta “Subhanallohi va bihamdihi” desa, uning xatolari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham o‘chiriladi”.
Bunga o‘xshagan hadislar juda ko‘p. Ularning barchasida gunohlarning ko‘pligi va ularning o‘chirilishi dengiz ko‘pigiga o‘xshatilgan. Bunday o‘xshatish orqali Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga ajib maktub yuborganlar. Bu maktub mana bunday deyapti: “Albatta, gunohlar, har qancha ko‘p va katta bo‘lsa ham, xuddi shabada dengiz ko‘pigini osonlik bilan ketkazganidek, Allohning zikri (chin dildan qilingan tavba, haqiqiy istig‘for), solih amallar o‘sha gunohlarni osonlik bilan ketkazadi”.
Alloh taolo bizlarni Qur’onni tadabbur bilan o‘qiydigan bandalaridan qilsin va barcha gunohlarimizni mag‘firat etsin, omin!
Muallif: Abduddoim KAHЕL
Mutarjim: Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi Inomjon XUDOYOROV