Malayziyada o‘tkazilayotgan “Qo‘lyozmalar va tarixiy hujjatlarga bag‘ishlangan ikkinchi xalqaro konferensiya” o‘z ishini davom ettirmoqda. Bu haqda "Azon" nashri xabar berdi.
Konferensiyada Quvayt arab ochiq unversiteti professori Muhammad Hassan Tayyon eng nodir qo‘lyozmalarning tadqiq, tahqiq qilish va ularni o‘rganish borasidagi tajriba-tavsiyalarini berish bilan birga Ibn Sino va boshqa yurtimizdan chiqqan allomalarning hayoti va ilmiy merosi to‘g‘risida fikrlarini bildirdi.
Saudiyaning Podshoh Malik Abdulaziz universiteti qo‘lyozmalar fondi mudiri, Shayx Abdulloh ibn Muhammad al-Munif o‘z so‘zida: O‘zbekistondan ko‘pllab allomalar yetishib chiqqanligi, ularning ma’naviy merosi bugun dunyodagi qo‘lyozma fondlarini oltin xazinasiga aylanganligini ta’kidladi va “Arablar doimo ilm-ma’rifatni qo‘llab quvvatlaydi. Zero, ilm-ma’rifat Makkadan boshlangan. Ammo uning taraqqiyoti va tarqalishida ajamlarning hissasi katta”, – deb ta’kidladi. Shuningdek, Shayx Abdulloh ibn Muhammad al-Munif IBXITMi bilan ilmiy-tadqiqot ishlarida, ma’naviy merosimizni tadqiq etishda amaliy yordamga tayyor ekanligini bildirdi.
Mazkur konferensiya raisi va Malayziya islom ilmlari universiteti professori Najm Abdurahmon o‘zining BAA da 25.000 dan ortiq qo‘lyozmalar saqlanadigan shaxsiy kutubxonasida mavjud asarlar Movarounnahr ulamolarining asarlari qo‘lyozmalari ekanligini aytib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Abdulhamid Keshiylarning hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni va ularning ilmiy meroslari eng nodir qo‘lyozmalardan ekanini ta’kidladi va: “Men umrimni Imom Buxoriy asarlarini jamlashga sarfladim. Bir sahifa ma’lumot topsam, albatta uni o‘z shaxsiy fondimga kiritdim. Muhaddisning hayoti va merosiga oid yetti mujallad asar yaratdim”, – dedi.
Shuningdek, IBXITM vakillari direktor o‘rinbosari Sh. Umarov “Movarounnahrlik mashhur muhaddislar hayoti va ilmiy merosi” mavzusida chiqish qildi. Ma’ruza anjuman ishtirokchilari tomonidan diqqat bilan tinglandi va mavzuga oid savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati