To‘liq ismi Zayd ibn Arqam ibn Zayd ibn Qays ibn No‘mondir. Kunyasi Abu Amr. Abdulloh ibn Ravohaning qaramog‘ida tarbiya topgan.
Zayd ibn Arqam Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan bir zamonda yashadi, g‘azotlarda qatnashdi. Bani Mustaliq safari vaqtida Zayd yosh bola edi. Jangdan so‘ng, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va sahobalari Muriysida suv ichish, tuya va otlarni sug‘orish uchun quduq oldida to‘xtadilar.
Muhojirlardan Jahjah ibn Mas’ud G‘iforiy va ansorlardan Sinon ibn Vabr Juhaniy bir vaqtda quduqqa kelishdi. Birinchi bo‘lib suv olishni talashib qolishdi.
Munozara kuchaygach, Juhaniy: “Ey ansorlar jamoasi!” deb qichqirdi. Shundan so‘ng Jahjah ham: “Ey muhojirlar jamoasi!” deb qabiladoshlarini chaqirdi. Sahobalar aralashgachgina murosaga kelishdi. Bunday nojo‘ya ishlar musulmonlarga yarashmasligini hamma bilardi. Lekin u yerda Ubay ibn Salul ismli bir munofiq bor edi. Odamlar ko‘ziga o‘zini musulmon ko‘rsatib, namoz o‘qir, safarlarga chiqar, aslida Allohga va Uning Rasuliga imon keltirmagan edi. Agar musulmonlar g‘olib bo‘lsa, ularning yaxshiligiga ega chiqishni istardi u.
Ubay ibn Salul: “Jahjahning gapini eshitdinglarmi? U qanday qilib “Ey muhojirlar jamoasi!” deb nido qilishga botina oldi?! Bu bilan u nimani nazarda tutdi? Nima, ular o‘sha ansoriyni o‘ldirishmoqchimi? Madinaga suqilishib, tiqilishib kelganlarida biz ularga boshpana berganimiz eslaridan chiqibdi, shekilli?! Shunga aytadilar-da: “It boqsang, o‘zingni qopar”, deb Allohga qasam, Madinaga qaytgach, kuchlilar kuchsizlarni albatta, quvib chiqaradi”, dedi.
Ushbu qasami bilan u Madinaga qaytganida Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) va sahobalarni chiqarib yuborishni qasd qildi. Yana u qavmiga: “Agar qo‘llaringizdagi narsadan, mollaringizdan muhojirlarga bermasangiz, birga o‘tirmasangiz, tez orada ular boshqa shaharga jo‘nab ketishadi. Ular boshqa shaharga ko‘chib ketmagunicha, Muhammadning huzuridagi kishilarga ehson qilmanglar”, deydi.
Bu gaplarning barini Zayd ibn Arqam eshitib turgan edi. U Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yonlariga borib, bu xabarni yetkazdi. Nabiy (alayhissalom) bilan Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) birga edilar. Zaydning so‘zlarini eshitgach, Umar (roziyallohu anhu) g‘azabga mindi va: “Yo Rasululloh! Ubbod ibn Bishrga buyuring, o‘sha munofiqni o‘ldirsin!” dedi.
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) qattiq yaxshi ko‘rar, biror kishi hatto so‘z bilan bo‘lsa-da, ularga ozor berishiga toqat qilolmasdi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) munofiqni o‘ldirmadilar. U zot (alayhissalom) bu xabarning haqiqati yashirilib, tafsiloti o‘zgartirilib, mishmishga aylanib, tarqab ketishini o‘yladilar. Chunki odamlarning “Muhammad munofiq kishini o‘ldirdi”, deyishlaridan ko‘ra, “Muhammad o‘zining odamlarini o‘ldiryapti”, deyishi osonroq edi.
So‘ngra Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Umarga (roziyallohu anhu) Madinaga qaytish haqida jar solishni buyurdilar. Ubay ibn Salul esa ig‘volaridan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xabar topganini bilgach, u kishining huzurlariga borib: “Allohga qasam, yo Rasululloh, men bunday degan emasman. Bunaqa gapni tilimga olganim yo‘q”, dedi. Jazodan qutulib qolish uchun tinmay qasam ichdi.
Shunda bir ansoriy: “Shoyad haligi bola so‘zini gumon bilan gapirgan bo‘lsa”, dedi. Ya’ni, yaxshi eshitolmagandir, kim aytganini ajratolmagandir, eshitganini yodida yaxshi saqlab qololmagandir, bu kishi unday gapni aytmagandir, degan ma’noda fikr bildirdi.
Zayd yig‘laganicha uyiga ketdi. Ustiga-ustak amakisi ham tinmay: “Nima uchun bunday deding? Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) g‘azablantirding va anavilar ham seni tasdiqlamadilar”, derdi. Zayd esa yig‘lar, to‘g‘riso‘zligini isbotlashga yordam berishini so‘rab, Allohga duo qilardi. Shundan so‘ng, “Munofiqun” surasi nozil bo‘ldi. Unda Ibn Salul nimalar degani zikr qilindi. Abu Bakr bilan Umar ibn Xattob (roziyallohu anhumo) Zaydga bu xushxabarni yetkazish uchun shoshildilar. Nabiy (alayhissalom) Zaydni qulog‘idan ushlab: “Ey bolakay, quloqlaring seni aldamabdi”, deb qo‘ydilar. Shu tarzda Alloh Zaydni tasdiqladi va u Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) bundan-da ko‘proq mehr qo‘ydi.
* * *
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zaydning betoblanib, ko‘zlarida og‘riq paydo bo‘lganidan xabar topdilar. Uni ko‘rgani bordilar va: “Agar ko‘zlaringga bir gap bo‘lsa, nima qilasan?” deb so‘radilar. Zayd: “Sabr-toqat qilaman”, deb javob qildi. Shunda Nabiy (alayhissalom): “Agar shunday qilsang, jannatga kirasan”, dedilar va shifo so‘rab haqqiga duo qildilar.
Abu Ya’loning “Musnad”ida kelishicha: Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng Zayd ibn Arqamning ko‘zlari ojiz bo‘lib qoldi, so‘ng Alloh taolo yana unga ko‘z nurini qaytardi.
* * *
Zayd ibn Arqam Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) yetmishta hadis rivoyat qilgan. Buxoriy va Muslim ulardan qirqtasiga ittifoq qilishgan. Shuningdek, undan Anas ibn Molik, Ibn Abbos va ko‘plab tobeinlar hadis rivoyat qilishgan. Tobeinlar Zaydni Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rgani, u zotning hadislarini eshitgani va u kishiga ergashib namoz o‘qigani sababidan ko‘p yaxshilikka erishgan deb bilardilar.
Voqidiy va Ibrohim ibn Munzir Xazamiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Zayd ibn Arqam hijratning oltmish sakkizinchi yili Kufada vafot etgan.
BUSHRO
tayyorladi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.