Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir. Ma’naviy sohada insonning imon-e’tiqodi, shariatga amal qilishi, uning insoniy fazilatlari ro‘yobga chiqishiga to‘g‘anoq yoki sinov bo‘ladigan barcha narsalar ham fitna hisoblanadi. Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurish, kishilar o‘rtasida fitna-fasod urug‘larini sochish, din niqobi ostida begunoh odamlarga zulm qilish, ular joni va moliga tajovuz etish insoniyatga qarshi qaratilgan eng mudhish jinoyatlardir.
Zolim kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasiga fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishadi. Fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham yomon jinoyatdir. Ammo johil va urushqoq buzg‘unchilar insoniyat tarixi davomida juda ko‘p marta Parvardigorning ana shu amrlariga qarshi borgan, turli fitnalar chiqarib, ming-minglab begunoh kishilarning halokatiga sabab bo‘lgan.
Nofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ibn Zubayr fitnasi paytida ikki kishi Ibn Umar oldiga kelib: «Odamlar nima ishlar qilishyapti, siz bo‘lsangiz Payg‘ambarimizning yaqin sahobalari bo‘laturib indamay o‘tiribsiz, ularga qarshi kurashishingizga nima mone’lik qiladi?» deyishdi. Ibn Umar: «Alloh taoloning o‘z birodarlarim qonini to‘kishdan qaytargani mone’lik qiladi», dedilar. Boyagilar: «Axir, Alloh taolo: «Fitna bosilib, butun din Allohgagina bo‘lmagunicha ular bilan urushinglar” demaganmidi?!» deyishdi. Ibn Umar: «Biz fitna qolmagunicha va Alloh taolo dini qoim bo‘lgunicha urushdik. Nima, endi sizlar yana fitna sodir bo‘lib, Alloh taoloning dini barbod bo‘lgunicha urush qilmoqchimisizlar?!» dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan, xalqlar va millatlar birligi hamda osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar berib, ogohlantirgan edilar: «Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo‘minga ziyon tegishidan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!». (Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: «Oxir zamonda dajjollar, (firibgarlar) yolg‘onchilar (jamoasi) bo‘ladi. Ular sizlar ham ota-bobolaringiz ham eshitmagan gaplarni gapiradilar. Bas, sizlar ulardan o‘zlaringizni uzoq qilinglar va o‘zlaringizdan ham ularni uzoq qilinglar. Sizlarni adashtirib va aldab fitnaga (shirkka) solib qo‘ymasin», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Hozirgi paytda yana bir fitna haqida gapirmaslik ham din va millatga xiyonat sanaladi. Bu ham bo‘lsa, dunyodagi mustamlakachi kuchlarning ma’naviy bo‘shliqdan foydalanib yurtimiz yoshlari ongiga ma’naviyatimiz va axloqimizga butunlay yot bo‘lgan va eng xatarli illatlarni o‘z ichiga olgan “ommaviy madaniyat”ni singdirishga katta fitnalarga sabab bo‘lmoqda. Yoshlarni xudbin va loqayd kimsalarga aylantirish, axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, bir jinslar nikohi, zino, giyohvandlik, buzuqlik, nima qilib bo‘lsa ham, qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham faqat boylik orttirishga intilish, oilani tan olmaslik, ko‘ngil istagan ishlarni qilish orqali “erkin bo‘lish” kabi zararli illatlarni yoyishni asosiy maqsad qilib olgan bu “madaniyat” jamiyatdagi ma’naviy hayotni izdan chiqaradi, yoshlar axloqiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan bir asr muqaddam atoqli o‘zbek ma’rifatparvari Abdurauf Fitrat: «Kimki badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga katta dushmanlik qilgan bo‘ladi», degan edi. Bunday fitnalardan ota-onalar nihoyatda ogoh bo‘lishlari lozim.
Muslim ATAYEV,
Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati